Uchrashuvda O‘zbekiston va Koreya o‘rtasidagi hamkorlik bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollariga oid keng ko‘lamli masalalar, mintaqaviy va xalqaro kun tartibi ko‘rib chiqildi.
Tomonlar 2021-yil dekabr oyida Seulda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston-Koreya sammiti o‘zaro hamkorlik holatini baholash va istiqbollarini belgilashda muhim voqea bo‘lganini ta’kidladi. Raqamlashtirish, “yashil rivojlanish”, kuchli ijtimoiy siyosatni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratgan holda turli darajadagi munosabatlarni yanada faollashtirishga tayyorligi tasdiqlandi.
O‘zbekiston va Janubiy Koreya xalqaro tashkilotlar doirasidagi o‘zaro hamkorligi yuzasidan fikr almashildi.
Investitsiyaviy va savdo-iqtisodiy sohalardagi hamkorlikni baholash hamda uning istiqbollarini belgilashga alohida e’tibor qaratildi. To‘qimachilik sanoati sohasida o‘zaro hamkorlik masalalari dolzarbligi va ahamiyati qayd etildi. O‘zbekiston Koreya yetakchi kompaniyalarini ushbu yo‘nalishdagi ishlab chiqarishga jalb etishdan manfaatdor ekani ta’kidlandi.