29 yoshli Gulira’no Abdullajonova Fransiyaning Parij shahrida Xalqaro savdo palatasi (ICC) huzuridagi xalqaro arbitraj sudida arbitraj ishlari bo‘yicha maslahatchi o‘rinbosari bo‘lib ishlaydi. 6 tilda gaplasha oladigan Gulira’no Parijdagi “Daryo” muxbiri bilan suhbatda hayoti, ishdagi muvaffaqiyati va Luvrdagi O‘zbekiston ko‘rgazmasi haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
Gulira’no Abdullajonova, 1994 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 2016 yili Jahon iqtisodiyoti diplomatiya universitetining Xalqaro huquq fakultetini tamomlagan. Rus, fransuz, ingliz, turk va ispan tillarini biladi.
Hozirda Fransiyaning Parij shahrida Xalqaro savdo palatasi (ICC) huzuridagi xalqaro arbitraj sudida arbitraj ishlari bo‘yicha maslahatchi o‘rinbosari sifatida ishlab kelmoqda.
O‘zimni qidirishdan to‘xtamadim
Bolalikdan menda adolat, haqiqatgo‘ylik tuyg‘ulari kuchli bo‘lganligi sababli huquq sohasiga qiziqishim baland edi. Shuning uchun maktabni tamomlagach, uzoq o‘ylab o‘tirmasdan Toshkent yuridik kollejiga o‘qishga kirdim. Biroq huquqshunoslar har kuni nima bilan band bo‘lishi, aniq qaysi yo‘nalish meni ko‘proq o‘ziga jalb qilishini hamon anglay olmasdim. Bu orada ingliz va ispan tillarini o‘rgandim, kollejda birin-ketin zaruriy bilimlarni ola boshladim. Dunyo kezish, sayohat qilish, yangiliklarni kashf qilish istagi kuchaygani sari uni bevosita yuridik soha bilan bog‘lashga qaror qildim hamda 2012 yilda Jahon iqtisodiyoti diplomatiya universitetining Xalqaro huquq fakultetiga o‘qishga kirishga muvaffaq bo‘ldim. Bu orada universitetdagi fidokor va malakali o‘qituvchilardan chuqur bilimlar va huquq sohasidagi kasblarning xususiyatlarini o‘rgandik. Universitetda ham o‘zimni qidirishda davom etdim, soham bo‘yicha turli yo‘nalishlarda, jumladan, kuchimni jinoyat huquqida ham sinab ko‘rib, Toshkentdagi jinoyat sudida amaliyot o‘tadim.
Fransuz tilini ikkinchi chet tili sifatida o‘rganganman
JIDUda 2-bosqichda o‘qib yurganimda xohish va qiziqishlarimdan kelib chiqib, o‘qituvchilarim va oilam bilan maslahatlashgan holda ingliz tilidan so‘ng ikkinchi til sifatida fransuz tilini tanladim. Universitetdagi mohir fransuz o‘qituvchilari sabab yaxshi bilim oldim. Keyinroq testlarga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida xususiy darslarga ham qatnadim. Ammo ushbu tildan asosiy bilimni baribir universitetda o‘rganganman, deya olaman.
Fransiyadagi kelajak tomon yo‘l
Universitetdagi kurs ishlarim sabab xalqaro tijorat va investitsiyalar arbitrajiga qiziqa boshladim. 4-bosqichda talabalar almashish dasturi doirasida Ispaniyadagi 6 oylik kursga yo‘l oldim. U yerda xalqaro xususiy huquq va tijorat arbitrajini tom ma’noda o‘zim uchun kashf etdim. Bir semestr davomida Ispaniyaning Madrid shahri yaqinidagi mo‘’jazgina Kuenka talabalar shaharchasida joylashgan Universidad de Castilla - La Mancha universitetida o‘qidim. Aynan shu yerda magistraturani chel elda o‘qish xohishi paydo bo‘ldi va Toshkentga qaytgach, 5-bosqichda Ispaniya, Fransiya va O‘zbekistonning arbitraj sohasidagi qonunchiligini taqqoslab, xalqaro arbitraj bo‘yicha diplom ishi yozdim. Bu soha bir davlatdagi biznesning rivojlanishiga ham hissa qo‘shib katalizator bo‘lishi mumkinligini anglab yetdim. Sohaga qiziqishim kuchayib, magistratura uchun dasturlar qidirishni boshladim. Shu tarzda Fransiyada o‘qish uchun Eyfel stipendiyasini yutib olib, Versal universiteti xalqaro tijorat arbitraji yo‘nalishiga magistraturani o‘qish uchun keldim. Keyin soham bo‘yicha bilimlarimni kuchaytirish maqsadida bir necha joylarda, jumladan advokatlik firmasi va xalqaro kompaniyada, xalqaro savdo palatasi arbitraj sudida amaliyot o‘tadim va hozirgacha xalqaro savdo palatasi arbitraj sudida ishlab kelmoqdaman.
Maqsad va orzularga yetish uchun chellenjlarga tayyor bo‘lishimiz shart
Ota-onam, buva-buvimlar bilim olishni qadrlashadi va buni bizga ham singdirishgan, bu borada doim bizni qo‘llab-quvvatlashgan. Shu sababli Ispaniya yoki Fransiyaga kelganimda ham doimo ruhan men bilan bo‘lishgan. Albatta, oiladan uzoqda bo‘lish qiyin, yaqinlarimdan bir necha ming kilometr masofa ajratib turishi jiddiy sinov, bundan tashqari vatan sog‘inchi hissi bor. Biroq ba’zan maqsad va orzularga yetish uchun shunday chellenjlarga tayyor bo‘lishimiz shart. Komfort hududidan chiqish juda muhim. Chet elda yashab anglagan yana bir haqiqatim – hech qachon o‘zimizga nimanidir qila olmayman, deb aytmaslik, cheklov qo‘ymasligimiz kerak. Maqsad qo‘yib ruhiy to‘siqlardan xalos bo‘lsak, mehnat qilsak, hamma niyatlarimiz ijobat bo‘ladi.
O‘zingizni tutishingiz, kiyinish, so‘zlashish, ishdagi madaniyat (etika) juda muhim
Magistraturani bitirgach, Fransiyada yo‘nalishim bo‘yicha ish topish va amaliy tajribamni oshirishni maqsad qildim, ammo o‘zim xohlagandek ishni topish qiyin bo‘lgan. Chunki, siz boshqa tilda gaplashadigan, umuman o‘zgacha fikrlaydigan jamiyatga qo‘shilasiz. Yuridik bozor o‘ta raqobatbardosh, siz har kuni kimdandir kuchliroq ekanligingizni isbotlashingiz zarur. Boshida ingliz va fransuz tili mening onam tilim emas, qanday qilib o‘zimni ko‘rsata olaman, bu tillarda qanday ishlayman, va qanday qilib o‘z o‘rnimni topaman deb o‘ylanganman. Keyin bu yerda ish topishda asosiysi chuqur bilim ekanligini tushundim va yuridik tizim, arbitraj haqida o‘qish hamda amaliyotda ko‘proq o‘rganishni boshladim.
Har bir sohaning o‘ziga xos kodlari bo‘ladi, bilimingizdan tashqari, ish beruvchi shu kodlardan qanchalik foydalana olishingizni ham baholaydi. Buni kuzatib o‘rganasiz, chunki sizga hech kim o‘rgatmaydi. Ya’ni o‘zingizni tutishingiz, kiyinish, so‘zlashish, ishdagi madaniyat (etika) juda ham muhim. To‘g‘risini aytsam, birinchi marta xalqaro tijorat arbitraji anjumaniga borganimda talaba edim va o‘sha yerda ishlash, amaliyot o‘tash yaxshi bo‘lishi va aynan shu yerda ish tajribamni orttirish haqida o‘ylaganman. Lekin talabgor ko‘p, raqobat kuchli edi. Ammo mana shu qo‘rquvga qaramay, oldinga boraverish kerak ekan. Mehnatsevarlik va ishdagi etika bilan yutuqqa erishish qiyin emas.
Mahalliy aholi doim nima bilandir band, hatto dam olish kunlari ham rejali
Fransiyaga kelgach, nafaqat hayotim, balki fe’l-atvorimda ham ba’zi o‘zgarishlar bo‘ldi, lekin bunga 100 foiz boshqa mamlakatga ko‘chib kelganim sabab, deb o‘ylamayman. Qisman yosh ulg‘ayishi, oila qurganim ham rol o‘ynadi. Boshqa tomondan muhitning ham ta’siri bor, albatta. Boisi Fransiyada doimiy izlanish, katta maqsadlarga yetish uchun o‘z ustida tinimsiz ishlash talab etiladi. Arbitraj tizimida yuridik bozor juda harakatchan, chunki bu yerda xalqaro savdo palata va arbitraj sudi bor, umuman, Parijdek shahar, mamlakatdagi inson huquqlari mavzusi xorijliklar uchun doim qiziq bo‘lgan.
Odatlarga kelsak, mahalliy aholi doim nima bilandir band, hatto dam olish kunlari ham rejali. Shu odat menga ham o‘tdi. Kunim, ta’tilimni oldindan rejalashtirishga to‘g‘ri keladi. Bundan tashqari ko‘pchilik sog‘lom turmush tarzi tarafdori, sport bilan muntazam shug‘ullanishadi, ovqatlanish tartibini nazorat qiladi. Men ham Parijga kelganimdan buyon ko‘p piyoda yuradigan bo‘ldim, tirbandliklar ko‘p kuzatilgani sabab, agar masofa unchalik uzoq bo‘lmasa, har doim piyoda yurishni tanlayman. Bu yerda e’tibor bergan bo‘lsangiz avtomobil yo‘llari tor, piyodalar uchun yo‘laklar keng, velosipedlar uchun alohida qatnov qismi bor. Umuman, shahar infratuzilmasi piyoda yoki velosipedda yurishga to‘la imkon beradi. Afsuski, o‘zim hali velosipedda yurishni odat qilmadim. Lekin aksariyat tanishlarim, hattoki yuqori lavozimlardagilar ham doimiy tarzda velosipeddan foydalanadi. Chunki, ular buni birinchi navbatda salomatlik va ekologiya uchun foydali, deb hisoblaydi.
Poytaxtliklar ekologiyaga alohida ahamiyat berishadi va doimo atrof-muhitni toza tutishga harakat qilishadi.
Fransuzlar va o‘zbeklarning o‘xshash hamda farqli tomonlari
Fransuzlar biz o‘zbeklar singari kirishimli, tez chiqishib ketishadi, xushfe’l. Ayni xislatlar ushbu mamlakatda karerani boshlashda ham muhim omil hisoblanadi. Ammo boshqa tarafdan yevropaliklarda individuallikka intilish kuchliroq, hayotini faqat o‘zi va eng yaqinlari atrofida qurishni ma’qul ko‘rishadi. Biz esa oilamiz, yaqinlarimiz, qo‘shnilarimiz, do‘stlarimiz va hatto jamoatchilik fikri asosida ham yashaymiz. Bizda madaniy tartiblar ancha muhimroq.
Madaniyat va qadriyatlardagi o‘xshash jihatlar
Albatta fransuzlar va o‘zbeklarning madaniyat va qadriyatlarining asoslari har xil. Shu bilan birga, o‘zbekistonliklarda ham, fransiyaliklarda ham milliylik, an’analari va tarixiy yutuqlar insonga yashash, oldinga intilish uchun kuch beradi. Masalan, men buni tarixni o‘rganayotganimda yoki O‘zbekiston tarixi haqida o‘qiyotganimda, vatanimga, tarixiy obidalarimizga borganimda menga ruhan kuch berishidan his qilaman, ko‘plab savollarimga falsafiy javob olaman. Kelib chiqishimiz, urug‘ va ildizlarimiz bizga kuch beradi. Biz tariximiz, madaniyatimiz bilan faxrlanamiz. Fransiyaliklar ham xuddi shunday. Ular o‘zining evolyutsiyasi, tarixi bilan faxrlanishadi. Bu borada ikki millat o‘rtasida o‘xshashlik bor deb hisoblayman.
«Fransiyada qayerdan kelganligimni aytganimda, darrov Samarqandni eslashadi»
Yevropa aholisi orasida fransiyaliklar O‘zbekistonga qiziqish borasida ilg‘or, deb o‘ylayman. Sababi aksariyat aholi O‘zbekiston haqida biladi, qayerdan kelganligimni aytganimda, darrov Samarqandni eslashadi. Ammo ularning orasida «men ko‘rib turgan ilk o‘zbekistonlik sizsiz», deydiganlar ham talaygina. Bu esa qandaydir ma’noda mas’uliyat yuklaydi. Chunki, ular uchratgan ilk o‘zbekistonlik men bo‘lsam, xalqimizga aynan menga qarab baho berishadi. Shuning uchun mas’uliyat ikki karra oshadi. Bir misol, magistraturaga endi kelganimda talabalarning har birida texnik raqam bo‘lishi kerakligini aytishgan. Raqam talabaning davlatiga xos tanlangan bo‘ladi. Lekin men O‘zbekistondan kelgan ilk talaba bo‘lganman va ularda bunday raqam bo‘lmagani sabab qo‘shnilarimizdan biriga tegishli raqamni berishlari mumkinligini aytishgan. Men, albatta, yo‘q deganman. Shunda tez orada O‘zbekiston uchun ham raqam joriy qilishlarini aytishgan. Hozir esa O‘zbekiston va Fransiya munosabatlari ancha rivojlangan, so‘nggi vaqtlarda yangiliklarda ham hamkorlik ortayotgani, fransuz kompaniyalari O‘zbekiston bozorida ko‘payotgani haqida tez-tez o‘qiyman. Bundan albatta quvonaman va o‘zim ishlayotgan sohada ham ayni turdagi hamkorliklar yo‘lga qo‘yilishini istagan bo‘lardim, hozirda shunday maqsadga qarab harakatlanyapman.
«Prezidentning o‘zi bunday yirik madaniy voqeaga qiziqish bildirib, shaxsan tashrif buyurishi esa biz, chet eldagi o‘zbeklarni ruhlantirdi, kuch berdi»
Fransiyaliklarning hayotida madaniy hordiq katta o‘rin tutadi, ular muntazam ravishda turli madaniy tadbirlar, taqdimot, ko‘rgazma, teatrlarga borishadi. Shunday ekan, Parijda O‘zbekistonga bag‘ishlab tashkil etilgan 2 ta ko‘rgazma shaxsan men uchun fenomenal yangilik bo‘ldi. Ularga tayyorgarlik ko‘rilayotgani haqida ancha oldin yangiliklarda o‘qib, sabrsizlik bilan kutayotgan edim. Mahalliy aholi buni yuqori baholashiga ishonaman. Chunki, ular madaniyat, tarixga qattiq qiziqishadi. Hamkasblarimga ko‘rgazmalarimiz bo‘lishi haqida aytganimda xursand bo‘lib, qiziqish bildirishdi, yaqin orada borishlariga ishonaman, balki birga borarmiz. Biz o‘zbeklar uchun Fransiyada o‘zbek madaniyati haqida gapirilishi juda muhim. Xorijliklar Samarqand, O‘zbekiston haqida bilishi, chiroyli go‘shalar ekanligini aytishi mumkin, lekin mamlakat tarixi, davlatchiligi, madaniyati qanchalik boy ekanligini keng ko‘rsatishda ko‘rgazmalar o‘ta muhim. Ularda shaxsan davlat rahbarlari ishtirok etishi esa madaniy tadbirga ikki mamlakatning e’tibori darajasini belgilaydi. Bu nafaqat Fransiya, balki butun Yevropada o‘zbek madaniyatiga nisbatan qiziqishni uyg‘otadi. Tashrif madaniy diplomatiyaning qanchalik muhimligini ko‘rsatibgina qolmay, aloqalarni nafaqat madaniy, balki siyosiy, biznes jihatidan rivojlantirishga ham turtki beradi. Menimcha, munosabatlar qancha madaniy jihatdan rivojlantirilsa, shuncha siyosiy jihatdan ham rivojlanishi uchun yo‘l ochiladi.
O‘zbekistonning dunyoga ko‘rsatadigan yutuqlari va aytadigan gapi ko‘p. Prezidentning o‘zi bunday yirik madaniy voqeaga qiziqish bildirib, shaxsan tashrif buyurishi esa biz, chet eldagi o‘zbekistonliklarni ruhlantirdi, kuch berdi. Dunyoga ko‘rsatadigan jihatlarimiz, aytadigan gapimiz borligini isbotlaydi. Fransiyaliklar O‘zbekiston haqidagi ko‘rgazmaga borsa, o‘zbek madaniyati haqida ko‘proq bilib, qiziqsa g‘ururlanamiz. O‘zbekistonda qanday qadriyat, madaniy boyliklar bor ekanligini mahalliy aholi to‘liq bilmaydi. Misol uchun mendan o‘zbek tili qanday til ekanligi haqida savollar berishadi. Menimcha, o‘zligimiz, milliyligimiz, tariximizni avaylab-asrab, ommaga namoyish eta olishimizni xalqaro maydonlarda bildirish muhim.