OTB A380 avtomobil yo‘li rekonstruksiyasiga mablag‘ ajratadi 

O‘zbekiston 10:04 / 25.11.2022 7484

“Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida “A380 “G‘uzor-Buxoro-Nukus-Beyneu” avtomobil yo‘li 673-698 km qismini rekonstruksiya qilish to‘g‘risida”gi hukumat qarori loyihasi e’lon qilindi.

Vazirlar Mahkamasi qaroriga asosan Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida “A380 “G‘uzor-Buxoro-Nukus-Beyneu avtomobil yo‘li 964-1204 km qismini rekonstruksiya qilish” loyihasi amalga oshirilyapti.

Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi tomonidan belgilangan tartibda “A380 “G‘uzor-Buxoro-Nukus-Beyneu” avtomobil yo‘li 673-698 km qismini rekonstruksiya qilish” loyihasi umumiy qiymati 60 925 913 AQSh dollari bo‘lgan texnik-iqtisodiy asosi ishlab chiqilgan.

Loyiha Osiyo taraqqiyot banki bilan 2022 yil 8 aprelda imzolangan anglashuv memorandumiga asosan “A380 “G‘uzor-Buxoro-Nukus-Beyneu” avtomobil yo‘li 964-1204 km qismini rekonstruksiya qilish” loyihasi doirasida iqtisod qilingan 48 723 901 AQSh dollari qarz mablag‘lar hisobiga amalga oshiriladi.

O‘zbekistonning loyihani amalga oshirishdagi ulushi 12 202 012 AQSh dollari ekvivalentda, shu jumladan bojxona bojidan ozod qilish hamda qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lab berish shaklida 7 403 190 AQSh dollari ekvivalentida tashkil etadi.

Osiyo taraqqiyot banki qarzini so‘ndirish, foiz, qarz bo‘yicha komissiya va boshqa to‘lovlar bilan bog‘liq xarajatlar, O‘zbekistonning loyihani amalga oshirishdagi ulushini moliyalashtirish O‘zbekiston respublika budjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

Loyiha doirasida qurilish ishlari ustidan texnik nazorat Dongsung Engineering Co., Ltd va IRD Engineering SRL va Rhythm Plus birlashmasidagi qo‘shma korxona (Koreya Respublikasi) kompaniyasi tomonidan olib borilyapti.

Loyiha amalga oshirish muddati 5 yil (2 yil kafolat davrini hisoblagan holda 2022-2026 yillar) etib belgilangan.

Belgilab qo‘yilishicha:

  • “Avtoyo‘linvest” agentligi loyiha amalga oshirilishini muvofiqlashtirish va monitoring qilish, Osiyo taraqqiyot banki tomonidan ajratilgan qarz mablag‘idan maqsadli hamda samarali foydalanilishi yuzasidan mas’ul ijro etuvchi organ hisoblanadi;
  • loyihani amalga oshirish maqsadida  “A380 “G‘uzor-Buxoro-Nukus-Beyneu” avtomobil yo‘li 673-698 km qismini rekonstruksiya qilish” loyihasini amalga oshirish guruhi tashkil etiladi;
  • kelgusida loyiha doirasida iqtisod qilinadigan mablag‘lar O‘zbekiston qonunchiligida belgilangan tartibda Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi qishloq va posyolkalardagi ichki yo‘llarni rekonstruksiya qilishga yo‘naltiriladi;
  • Osiyo taraqqiyot banki taklifiga muvofiq qurilishda texnik nazoratni amalga oshirish ishlari Dongsung Engineering Co., Ltd va IRD Engineering SRL va Rhythm Plus birlashmasidagi qo‘shma korxona kompaniyasiga yuklanadi va u bilan qo‘shimcha kelishuv tuziladi;
  • qurilish-montaj ishlari hududiga tushgan yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli yer uchastkalari va ularda joylashgan ko‘chmas mulk obektlari davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishi Vazirlar Mahkamasi qarorida belgilangan tartibda amalga oshiriladi;
  • loyiha doirasida to‘langan qo‘shimcha qiymat solig‘i O‘zbekiston respublika budjetidan qonunchilikda belgilangan tartibda O‘zbekistonning loyihadagi ulushi sifatida qoplab beriladi.

Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisiga “A380 “G‘uzor-Buxoro-Nukus-Beyneu” avtomobil yo‘li 964-1204 km qismini rekonstruksiya qilish” loyihasi doirasida Osiyo taraqqiyot banki bilan tuzilgan loyiha bitimini, o‘zgartirish kiritilishini hisobga olgan holda, qayta imzolash vakolati beriladi.

Ko‘proq yangiliklar: