Jizzaxda bosqinchilik va talonchilik qilgan shaxs ushlandi

Jamiyat 12:07 / 22.11.2022 14262

Jizzax viloyati IIB axborot xizmatining xabar berishicha, Jizzax shahridagi xonadonlardan biriga bosqinchilik qilib kirgan va talonchilik sodir etgan shaxs ushlangan.

Ma’lum qilinishicha, Jizzax shahridagi bozorda savdo faoliyati bilan shug‘ullanuvchi fuqaro Sayljoyi mahallasidagi yashash xonadonida 2008 yilda tug‘ilgan farzandini yolg‘iz qoldiradi.

Kunduz kuni soat taxminan 11:00 larda noma’lum shaxs eshikni taqillatib keladi va bolaga sumalak sotib yurganini aytadi. So‘ng hojatxonaga kirib chiqishi kerakligini aytib, voyaga yetmagan bolaga zo‘rlik ishlatadi va xonadonga kiradi.

Bosqinchi xonadonga kirgach bolani qo‘rqitib, uning qo‘l va oyoqlarini bog‘lab qo‘yadi. Keyin xonadonda bo‘lgan seyf ichidagi 8 million so‘m va 1700 AQSh dollarini, yana 35,6 million so‘mlik tilla taqinchoqlarni olib chiqib ketadi. U ketishida yog‘och narvon orqali qo‘shnining hovlisiga o‘tib, voqea joyidan yashirinadi.

Jizzax shahar IIB tomonidan holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, olib borilgan tezkor qidiruv tadbirlari natijasida gumonlanuvchi tez orada qo‘lga olinadi.

Gumonlanuvchining shaxsiga aniqlik kiritilganda, u Samarqand viloyati Jomboy tumanida yashovchi, 2000 yilda tug‘ilgan, avval ham o‘g‘rilik qilgani uchun sudlangan shaxs bo‘lib chiqqan.

Qayd etilishicha, hozirda holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq, Toshkentda o‘zini ichki ishlar xodimlari deb tanishtirib, bosqinchilik sodir etgan shaxslar ushlangandi.

Ko‘proq yangiliklar: