O‘zbekistonning oltin-valuta zaxiralari qoldig‘i 29 oylik minimumgacha kamaydi

Iqtisodiyot 13:54 / 21.11.2022 36824

Markaziy bank O‘zbekistonning xalqaro zaxiralari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yangiladi.

2022 yilning 1 noyabr holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning oltin-valuta zaxiralari 32,3 mlrd dollarni tashkil qilgan. Oxirgi marta bundan kamroq minimal qoldiq 2020 yil may oyi yakunlari bo‘yicha kuzatilgan edi – 31,99 mlrd dollar. 

Taqqoslash uchun, oltin-valuta zaxiralari 2022 yil 1 yanvar holatiga 35,1 mlrd dollar, 1 oktabr holatiga ko‘ra esa 33,4 mlrd dollar bo‘lgan. 

Raqamlar o‘tgan bir oyda O‘zbekistonning rasmiy zaxiralari 1 mlrd 180,5 mln dollarga kamayganini ko‘rsatmoqda.

Oktabr oyi davomida oltinning fizik hajmi sezilarli miqdorda: 12,5 mln troya unsiyadan 12,8 mln troya unsiyaga ( taxminan 9,33 tonna), qiymati esa 20, 97 mlrd dollardan 21 mlrd dollarga oshgan.

O‘z navbatida, zaxira aktivlari tarkibidagi xorijiy valuta zaxiralari 11,5 mlrd dollardan 10,3 mlrd dollarga yoki 1 mlrd 213 mln dollarga kamaygan.

Iqtisodchi Otabek Bakirovning yozishicha, valutadagi zaxiralarning keskin darajada kamayishi ko‘proq importning faollashuvi va dollarning mustahkamlanishi omillariga bog‘liq. 

«O‘zbekiston Respublikasi yalpi xalqaro zaxiralari 2022 yil boshidan 2,82 mlrd dollarga yoki 8,04 foizga kamaydi. Bunda oltin narxining yil boshidagi 1799,25 dollardan 1638,85 dollargacha pasayishining ta’siri 2,06 mlrd dollarni tashkil qildi», deyiladi Markaziy bank izohida.

Oltin narxining arzonlashishi ortidan O‘zbekiston Markaziy banki mart oyidan beri ushbu qimmatbaho metall eksportini amalga oshirmayapti.

Ko‘proq yangiliklar: