«Pressing asosiy qurol bo‘ladi» – Venger mundialdan nimalar kutayotganini aytdi

Sport 00:11 / 20.11.2022 14393

Guruhning tahlilchilari Qatar va Uelsdagi qarorgohlarda to‘rt yillikning eng yirik musobaqasi o‘yinlarini ilmiy o‘rganish bilan band bo‘ladi. Dunyoda bunday tahlil bilan shug‘ullanadigan tashkilotlar bor, lekin ular jamoalarning so‘roviga asosan pul evaziga o‘yinlarni tahlil qilib beradi. Venger rahbarligidagi guruh esa zamonaviy texnologiyalar va amaliyotda natijalarni qo‘lga kiritgan murabbiylar yordamida kelinadigan ilmiy xulosalarni muxlislar uchun ochiq manbalarda e’lon qilib boradi.

19 noyabr kuni Qatardagi bosh media markazda tahlil guruhi rahbari Arsen Venger va futbolchi sifatida jahon chempioni bo‘lgan Yurgen Klinsman ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi.

«Biz avvalgidan ham ko‘ra ko‘proq ma’lumot olish barobarida muxlislarda bu o‘yinga nisbatan qiziqish yanada ortishi uchun ularni e’lon qilib boramiz ham. Maqsadimiz shuki, kelajakda murabbiylar mana shu raqamlar orqali talantlarni yaxshiroq aniqlay olsin, texnik tahlillar aniq bo‘lsin. Biz tahlillarimizni hech kimga kerkak bo‘lmay qoladigan 2-3 oydan keyin emas, musobaqa vaqtidayoq e’lon qilib boramiz», dedi Venger.

«Arsenal» sobiq ustozining aytishicha, bunday raqamlar yordamida ishlangan tahlillar futbolni yanada qiziqish bilan ko‘rishga yordam beradi. Ammo futbolchilar bu tahlillardagi ko‘rsatkichlarini yaxshilashga urinib chalg‘ib qolishlari kerak emas, deydi Venger.

Har o‘yindan keyin maxsus ochiq platformada e’lon qilib boriladigan tahlillarni har bir o‘yinchi uchun alohida ko‘rish ham mumkin. Ya’ni, futbolchilarning o‘ziga xos profili bo‘ladi.

«Biz futbolchilar to‘p bilan va to‘psiz qanday o‘ynayotganini tahlil qilamiz. Masalan, Xorvatiyaning o‘yinida Modrich markazda to‘pni yetarlicha qabul qilib olmayotgan bo‘lsa, nega bunday bo‘layotganini aniqlashga urinamiz. Balki uni bloklashgandir, balki markaziy himoyachi to‘pni oshirmagandir. Ammo futbolchilar bu ko‘rsatkichga chalg‘ib qolishi kerak emas, bu tahlillardan yaxshi maqsadda foydalanish kerak».

Himoya mustahkamroq bo‘ladi

Arsen Vengerning aytishicha, Qatardagi mundialda Rossiyadagiga qaraganda jamoalar himoyalanishni ertaroq boshlashadi. Ya’ni, hujum va yarimhimoya mudofaalanishda faolroq ishtirok etadi.

«Pressing jamoalarning asosiy quroliga aylanmoqda. Pressing juda ommalashdi va universal ko‘rinish oldi. Qaysi jamoani qaramang erta pressingga kirishishga harakat qiladi, qarshi pressingga ham tezda kirisha oladi. Hamma himoyaga tezroq bosim qilishga intilmoqda. Bu musobaqada uzun paslar va pressingni yorib o‘tishi mumkin bo‘lgan birinchi driblinglarni o‘rganish judu qiziq bo‘ladi», deydi «Arsenal» afsonasi.

Fransiyalik murabbiyning so‘zlariga ko‘ra, Argentina kabi yaqinda Le Chelsosini yo‘qotgan jamoalarga qiyin bo‘ladi. Birinchi o‘yinlar esa juda muhim, oxirgi daqiqalarda jarohatga duch kelmagan, bir xil tempda shug‘ullangan jamoalar ustunlikka ega bo‘ladi.

Matbuot anjumanida qatnashgan Germaniya milliy jamoasi safida jahon chempioni bo‘lgan va «nemis mashinasi»ni ikki marta muabbiy sifatida mundialga olib borgan Yurgan Klinsmanning so‘zlariga ko‘ra istalgan Osiyo yoki Afrika jamoasi qat’iyatli bo‘lsa, uzoqqacha borishi mumkin. «Ammo himoyaviy futbol bilan uzoqqa bora olmaysiz», dedi Germaniya milliy jamoasi sobiq ustozi.

O‘tkir Jalolxonov, Qatar.

Ko‘proq yangiliklar: