Tamaddunlar uyg‘unligi timsoli – Parij bosh jome masjidiga sayohat

Jahon 09:26 / 19.11.2022 11468

Masjidga bundan roppa-rosa 100 yil oldin, 1922 yilda poydevor qo‘yilgan va bugungi kunda majmua o‘zining asriy to‘yini nishonlamoqda. Umuman, Fransiya hududida musulmonlar hamisha bo‘lishgan va masjid qurishga harakatlar ham uzoq vaqt davom etgan. Faqat 1856 yilda Usmoniylar imperiyasi iltimosiga ko‘ra Fransiyada o‘lgan musulmon askarlarini dafn etish uchun yer ajratiladi va unda namozxona ham barpo etiladi. Mana shu ibodatxonani Parijdagi ilk rasmiy masjid deb atash mumkin. Ammo haqiqiy jome masjidi qurilishi keyinroq, Marokash, Jazoir, Turkiya kabi davlatlar siyosatchilarining muntazam iltimoslariga ko‘ra, Fransiyada musulmonlar bilan munosabatlar yangi bosqichga chiqqan davrlarga kelib boshlanadi.

1914 yilda bu masjid kompleksi loyihasi ishlab chiqiladi, ammo birinchi jahon urushi boshlanishi bu ishni ortga surdi. 1920 yillarga kelib yana harakatlar boshlandi va fransuz hukumatining o‘zi masjid qurilishi uchun 500 ming frank mablag‘ ajratdi. Yer va dastlabki sarmoyaning mavjudligi ishlarni jadallashtirib yuboradi va 1922 yilga kelib ilk toshni qo‘yish marosimi o‘tkaziladi.

Masjid, minora va anjumanlar zalini o‘z ichiga olgan kompleks qurilishi 1923 yilda avj pallaga kiradi va 1926 yilning 15 iyulida masjidning rasmiy ochilishi bo‘lib o‘tadi. Tantanali tadbirda  Fransiya prezidenti Gaston Dumerg va Marokash sultoni Mulay Yusuf ishtirok etadi.

Shundan buyon bu maskan mahalliy va ko‘p sonli sayyoh musulmonlarga xizmat qilib kelmoqda. Uning muntazam to‘lib turishi sababi tushunarli, zero millionlab sayyohlardan tashqari Fransiya aholisining taxminan 5 foizi musulmonlardir.

Masjid shunchaki ibodatxona emas, so‘lim bog‘, kutubxona, ma’rifiy va xayriya ishlarini jamlagan o‘ziga xos maskan. Unga turli millat, mazhab va siyosiy qarashlarga ega minglab musulmonlar oqib keladilar. Masjidda ibodatdan tashqari diniy ma’ruzalar tayyorlanadi, tasvirga olib tarqatiladi.

Umumiy maydoni 7500 kv/metr bo‘lgan kompleksning yarmi daraxtzorlar. Uning qoshida madrasa ham faoliyat yuritadi. Machit ming kishining ibodat qilishiga mo‘ljallangan bo‘lsa-da, juma namozlarida namozxonlar soni karrasiga ko‘payib ketadi. Masjid 1983 yildan buyon tarixiy obida hisoblanadi va “Yigirmanchi asr merosi” nomini olgan.

1982 yildan buyon masjid Jazoir hukumati tomonidan moliyalashtirib kelinadi va yiliga 10 mln yevro atrofida mablag‘ bilan ta’minlanadi. Bu pullar masjidni lozim darajada saqlab turish, namozxonlarga xizmat ko‘rsatish, xodimlar maoshi va xayriya kabi maqsadlarda sarflanadi.

Qiziqarli fakt: Ikkinchi jahon urushi davrida masjid qoshida mingga yaqin yahudiylar panoh topishgan. Ular nafaqat himoya va yegulik bilan ta’minlangan, balki istaganlariga “Kelib chiqishi musulmon” degan sertifikat ham qilib berilgan.

Abror Zohidov, Parij.

Ko‘proq yangiliklar: