SANEG'ga gaz eksporti bo‘yicha yashirin imtiyoz berilganmi? Vazir o‘rinbosari izoh bera olmadi

O‘zbekiston 18:23 / 16.11.2022 27680

16 noyabr kuni Energetika vazirligi elektr va gaz ta’minotidagi uzilishlar bo‘yicha matbuot anjumani o‘tkazdi.

Vazir o‘rinbosari Sherzod Xo‘jayevning so‘zlariga ko‘ra, uzilishlarning 90 foiziga sabab – elektr generatsiyasi uchun yoqilg‘i, ya’ni tabiiy gazning yetishmasligidir.

“Men ochiq ayta olaman, bugungi kunda elektr ta’minotidagi uzilishlarning 90 foizining sababi – elektr tarmoqlarining eskirgani yoki quvvati kamligi emas, balki elektr stansiyalarimizda elektr energiyasini ishlab chiqarish uchun yoqilg‘i yetishmasligidir.

Albatta, bu yerda savol tug‘iladi: siz qanday texnologiyani ishlatishingiz bizga qiziq emas, elektr ta’minotining uzluksizligini sizlardan talab qilishga haqqimiz bor, deyishingiz mumkin. Buni shunchaki hisobot tarzida aytib o‘tyapmiz. O‘zbekistonda elektr energiyasining 90 foizi issiqlik elektr stansiyalarida ishlab chiqariladi”, – dedi Sherzod Xo‘jayev.

Kun.uz'dagi ishonchli ma’lumotga ko‘ra, xususiy kompaniya – “Sanoat energetika guruhi” MChJga gaz eksporti uchun shu yil qabul qilingan yopiq qaror asosida eksklyuziv imtiyozlar berilgan. Boz ustiga, 2021 yilni hisobga olmaganda, oxirgi 6 yilda gaz qazib olish faqat kamayib boryapti.

Kun.uz muxbiri matbuot anjumanida shu haqda aytib o‘tdi va elektr uzilishlarining asosiy sababi deya ko‘rsatilgan gaz yetishmovchiligi yuzasidan savol berdi: “Yerosti boyliklarini O‘zbekiston davlati ixtiyoriga to‘liq qaytarish vaqti kelmadimikan?”

Vazir o‘rinbosari savolga javoban imtiyozlar haqida ham, tabiiy boyliklarni davlat ixtiyoriga qaytarish haqida ham gapirmadi; buning o‘rniga xususiy kompaniya gaz qazib chiqarish rejasini ortig‘i bilan bajarayotganiga urg‘u berdi.

“Sanoat energetika guruhi”ga konlarning berilishi gaz ta’minotining yomonlashuviga olib keldimi, yo‘qmi degan savolga aniq javob aytaman. Kunlik gaz qazib chiqarish rejasining bajarilishi aynan “Sanoat energetika guruhi” tizimida 131 foiz. Ya’ni kompaniya gaz qazib chiqarib, ichki bozorga yo‘naltirish bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajaryapti. Biz rejani bajarmayapti yoki yetarlicha investitsiya kiritmaslik natijasida gaz qazib chiqarish sur’atlari tushib ketyapti deb bu kompaniyaga ayblov qo‘ya olmaymiz”, – dedi Xo‘jayev.

Kun.uz muxbiri kompaniyaning ishlab chiqarish hajmlari haqida emas, balki eksklyuziv eksport imtiyozlari haqida so‘rayotganini aytgach, Sherzod Xo‘jayev “shartnoma”ning barcha shartlarini ochiqlay olmasligini bildirdi va savolga “boshqacharoq javob berdi”.

“Eksport nuqtayi nazaridan savolingizga boshqacharoq qilib javob beraman. Qazib chiqaruvchi kim bo‘lishidan qat’i nazar, tabiiy gazni eksport qilish operatori – “O‘ztransgaz”. Bugungi kunda eksport deyarli to‘laligicha yopilgan. Raqam nuqtayi nazaridan aytadigan bo‘lsam, 1 kunlik prognoz ko‘rsatkichlarida 10 mln kubometr tabiiy gaz eksport qilinishi rejalashtirilgan bo‘lsa, bugungi kundagi eksportimiz 1 mln kubometrga ham yetmayapti”, – dedi vazirlik mulozimi.

Kun.uz muxbiri gap mamlakatning tabiiy boyliklari haqida ketayotgani, nega shartnoma shartlari yopiq bo‘lishi kerakligiga oid savolidan keyin vazir o‘rinbosari faqat sukut saqladi. Matbuot anjumani moderatori ishtirokchilarni keyingi savolga o‘tishga undadi.

Anjuman davomida Gazeta.uz muxbiri ham aynan “Sanoat energetika guruhi” haqida savol berdi. “Nega konlar yopiq qaror bilan tekinga topshirilyapti?” (Kun.uz SANEG ixtiyoridagi konlar kompaniyaga qay asoslarda (tekingami yoki yo‘q) berilgani yuzasidan aniq ma’lumotga ega emas).

Vazir o‘rinbosari bu savolga ham javob bermadi; faqat muxbir aytib o‘tgan boshqa bir masala – “O‘zbekneftgaz” tizimidagi qator konlarning “Sanoat energetika guruhi”ga o‘tkazilgani va bu bilan “O‘zbekneftgaz”ning ko‘rsatkichlari pasayganiga munosabat bildirdi.

“Bilasizmi, neft qazib chiqarish masalasiga kelsak, “O‘zbekneftgaz” tizimidagi ko‘rsatkichlarning keskin pasayishini Jizzakh Petroleum (SANEG'ning avvalgi nomi – tahr.)ga konlarning berilishi bilan izohlash mumkin, lekin umumiy qazib chiqarish hajmiga qaraydigan bo‘lsak, bugungi kunda deyarli balans ko‘rsatkichlari doirasida amalga oshirilyapti. Ya’ni bu konlar “O‘zbekneftgaz” tizimidan boshqa korxonaga o‘tdi degani bu kon to‘xtadi yoki foydalanilmayapti degani emas”, – dedi vazir o‘rinbosari.

U konlarning berib yuborilgani ochiqlanmagani haqidagi takroriy berilgan savolga javoban, yana “davlat va investor o‘rtasida tuziladigan shartnomalar har doim ham ochiqlanmasligi”ni ta’kidladi.

“Bu yerda shartnomaning maxfiy qismlari ham bor. O‘ylaymanki, mana shu shartnomalar hammasi O‘zbekiston qonunchiligiga asoslangan holda tuzilgan. Agar qonunchilikka zid tomonlari bo‘lganida, Adliya vazirligi ham o‘tkazmas edi, ro‘yxatga ham olinmas edi, u korxona o‘z faoliyatini ham yurita olmas edi”, dedi Sherzod Xo‘jayev.

Jurnalistning shartnoma shartlari davlat siri hisoblanadimi deya bergan savoliga vazir o‘rinbosari “yo‘q, tijorat siri hisoblanadi” deya javob berdi.

O‘zbekiston tabiiy boyliklari tijorat siriga kirib ketadimi, degan savol esa ochiq qoldi.

Ma’lumot uchun, “Sanoat energetika guruhi” MChJ oxirgi yillarda O‘zbekistondagi eng yirik energetika kompaniyalaridan biriga aylangan.

2022 yil may oyidagi rasmiy ma’lumotga ko‘ra, kompaniya O‘zbekistonda yer qa’ridan foydalanish huquqiga ega 103 ta konga egalik qiladi. Mamlakatdagi neft qazib olishning taxminan 80 foizi, tasdiqlangan gaz zaxiralarining esa taxminan 22 foizi SANEG hissasiga to‘g‘ri keladi.

Avval davlatning “O‘zbekneftgaz” shirkatiga qarashli bo‘lgan bunday yirik aktivlar qanday qilib xususiy kompaniya qo‘liga o‘tib qolgani noma’lum. O‘zbekiston rasmiylari buni ochiqlamagan.

Bu jarayon 2017 yili tashkil etilgan Jizzakh Petroleum'ga borib taqaladi. O‘shanda yangi qo‘shma korxonaning 60 foiz ulushi “O‘zbekneftgaz”ga, 40 foizi esa bilvosita “Gazprom”ga tegishli bo‘lgan.

Bu ikki ta’sischi Jizzaxda neftni qayta ishlash zavodini qurmoqchi edi. Bu loyiha amalga oshmay qolgach, korxonaning 98 foiz ulushi 2020-2021 yillarda bosqichma-bosqich Belvor holdingiga o‘tdi. Shundan keyin Jizzakh Petroleum nomi “Sanoat energetika guruhi” deya o‘zgartirildi.

Belvor holdingi ofshor zona bo‘lmish Kiprda ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, o‘zbekistonlik tadbirkor Baxtiyor Fozilovga tegishli. Fozilov, shuningdek, O‘zbekistonda burg‘ilash bo‘yicha asosiy pudratchi bo‘lmish Eriell neft konlariga xizmat ko‘rsatish kompaniyasiga ham egalik qiladi.

SANEG esa neft va gaz qazib olishdan tashqari, benzin, dizel, neft, aviatsiya kerosini kabi mahsulotlarni ishlab chiqaradi. Shu yil bahorda Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi ham shu kompaniyaga sotilgan edi.

Avvalroq, Kun.uz xususiy kompaniyalarga yer osti boyliklarini qazib olish uchun katta imtiyozlar berilayotgani haqida yozgandi.

Ko‘proq yangiliklar: