Dunyo bo‘ylab eng ko‘p sotilgan avtomobillar
Focus2move tahlilchilari dunyoning 162ta mamlakatidan olingan ma’lumotlarni o‘rganib chiqqan holda, joriy yilning o‘tgan davrida eng ko‘p sotilgan avtomobil modellarini e’lon qilishdi.
2022 yilda eng ko‘p sotilgan avtomobillar reytingida birinchi o‘rinni Toyota Corolla sedani egalladi. Statistikaga ko‘ra, joriy yilda 840 000 dona Toyota Corolla sotilgan. Ikkinchi o‘ringa Toyota RAM4 krossoveri joylashgan bo‘lib, 2022 yilda 654 000 dona ushbu rusumdagi avtomobil sotilgan. AQShda bessellerga aylangan Ford F-Series pikapi uchinchi o‘rindan joy olgan.
Top-10 talik quyidagicha:
1.Toyota Corolla sedani
2.Toyota RAV4 krossoveri
3.Ford F-Series pikapi
4.Tesla Model Y krossoveri
5.Tesla Model 3
6.Toyota Camry
7.Honda CR-V
8.Chevrolet Silverado
9.RAM pikapi
10.Toyota Hilux va Hyundai Tucson
Noyob smart-soat
Garmin kompaniyasi smart-soatlari qatorini Instinct Crossover modeli bilan kengaytirdi. Gadjet an’anaviy soatga o‘xshaydi, lekin sport yoki sayohat bilan bog‘liq ko‘plab aqlli funksiyalarga ega.
Soatning eng muhim xususiyati quyosh paneli bo‘lib, oddiy rejimda 70 kungacha va energiyani tejash rejimida «cheksiz» avtonom ishlashni ta’minlaydi.
Shuningdek, unda 10 ATM namlikdan himoya, GPS, kontaksiz to‘lov uchun NFC va yurak urish tezligi sensori bor. An’anaviy mexanik strelkalar ostida bildirishnomalar, salomatlik va faollik haqidagi ma’lumotlar uchun monoxrom displey mavjud.
Garmin Instinct Crossover narxi 550 dollarga teng. Shuningdek, uning 600 dollarlik Tactical Edition modeli ham bo‘lib, u tungi ko‘rish ko‘zoynaklari bilan bog‘lana oladi va barcha ma’lumotlarni favqulodda o‘chirish funksiyasiga ega.
Yomon tush ko‘rayotganda uyg‘otuvchi aqlli soat
Apple kompaniyasi Apple Watch aqlli soatlari uchun NightWare ilovasi haqidagi ma’lumotlarni e’lon qildi. U travmadan keyingi stressdan azob chekayotganlarga yordam berish uchun mo‘ljallangan.
Kompaniya ilovani yaratishda urush faxriysining 20 yillik tajribasidan foydalangan. Veteranning so‘zlariga ko‘ra, vaqt o‘tishi bilan urush bilan bog‘liq qo‘rqinchli tushlar u uchun tobora “jonli” va real bo‘lib qolgan. Kasallik avjiga chiqqanda esa uch oy uxlay olmagan.
NightWare akselerometr, giroskop va yurak urishi tezligi sensori yordamida odamning dahshatli tush ko‘rayotganini aniqlaydi. Aqlli soat inson yomon tush ko‘rishni boshlashi bilan tebranish signallari bilan uni uyg‘otishga urinadi.
Hozirgacha AQShda 400 nafar bemorga NightWare’dan foydalanish tavsiya etilgan, ularning 98 foizi harbiy xizmatchilar yoki urush faxriylaridir. Tadqiqot ishtirokchilarining 50 foizi dasturiy ta’minotdan foydalanish uyqu sifatini sezilarli darajada yaxshilaganini ta’kidlashgan.
Dunyodagi birinchi cho‘ziluvchan displey
LG kompaniyasi bugungi kundagi eng noodatiy displeyni taqdim etdi: uni hech qanday zararsiz bukish, cho‘zish va g‘ijimlash mumkin. Bunda, 12 dyuymli displey o‘lchami 14 dyuymgacha uzayadi.
Texnologiya asosida kremniydan yasalgan elastik taglik yotadi. U kontakt linzalar materialiga o‘xshab ketadi va 40 mkm o‘lchamli mitti yorug‘lik diodlariga va 100 ppi piksel zichlikka ega. Shu sababli u istalgan shaklni olishi mumkin.
Kompaniya 2024 yilgacha displeyni ommaviy ishlab chiqarishni boshlamoqchi. Bunday displeylardan nafaqat bukiluvchan smartfonlarda, balki boshqa sohalarda ham foydalanish, masalan, kiyim-kechak, mebel yoki avtomobil kuzovi panellariga o‘rnatish mumkin.
Dunyodagi eng qimmat brendlar
Interbrand dunyodagi eng qimmat brendlarning an’anaviy reytingini e’lon qildi. Apple ketma-ket o‘ninchi marta ushbu ro‘yxatda birinchi o‘rinni egalladi. Kompaniya qiymati 482,2 milliard dollarga baholangan.
Ikkinchi o‘rinni Microsoft egallagan. Ushbu brend qiymati 278,2 mlrd dollarga baholangan. Joriy yilda kompaniya bahosi 32 foizga oshgan.
Uchinchi o‘rinda Amazon brendi qayd etilgan. U 274,8 mlrd dollarga baholangan. Brend joriy yilda 10 foizga qimmatlagan.
Shuningdek, reytingning yetakchi o‘ntaligidan Google (251,7 mlrd dollar), Samsung (87,6 mlrd dollar), Toyota (59,7 mlrd dollar), Sosa-Sola (57,5 mlrd dollar), Mercedes-Benz (56 mlrd dollar), Disney (50,3 mlrd dollar) va Nike (50,2 mlrd dollar) brendlari joy olgan.
Buklanadigan iPhone
Xitoylik yutuber esa iPhone’da buklanish funksiyasini sinab ko‘rdi. Uning aytishicha, kerakli butlovchi qismlarni yig‘ish uchun o‘nlab iPhoneX’larni demontaj qilish va boshqa markadagi telefonlardan qo‘shimcha qismlar olishga to‘g‘ri kelgan. Va bu jarayon 200 kun davom etgan.
Prototipning ekrani imkon qadar ko‘proq funksionallikni saqlab qolgan holda egilish uchun yetarlicha moslashuvchan qilib yasashga erishilgan.
Prototipga iPhone quvvatining uchdan biriga ega bo‘lgan 1000 mA/soat quvvatga ega batareya joylashtirilgan. Smartfondagi sensor tizimi ham yaxshi ishlangan. Biroq ekran qayta-qayta buklanish stressiga bardosh bera olmagani sabab foydalanish boshlangandan keyin bir necha kun ichida ishdan chiqqan.
Dron taksilar
Germaniyaning Volocopter kompaniyasi o‘zining ilk dron taksisini muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazdi. Parvoz Parij yaqinidagi Cormeilles en-Vexin’dagi Pontoise havo yo‘lida an’anaviy tirbandlik boshlangan vaqtda o‘tkazilgan.
2 nafar yo‘lovchini tashishga moslashgan taksi, osmonda to‘liq avtomatlashtirilgan tarzda harakatlanadi. Uni haydovchi boshqarmaydi.
Parvoz testida qatnashgan Paul Stonening aytishicha, dron taksida 8ta parrak bo‘lgani va raqamli uchish tizimi borligi uchun uni boshqarish va harakatlanish oddiy vertolyotdan ancha oson.
Volocopter uchar taksilar uchun sertifikat olishga harakat qilayotgan yagona kompaniya emas. Uning o‘zining uchar taksilarini yaratayotgan Lilium, Joby Aviation va Airbus kabi raqobatchilari bor va ular bozorga kim birinchi kirishi bo‘yicha poygaga kirishishgan.