O‘zi oila va karerani nega bir-biridan ajratishimiz kerak? Oila qurish — bu yurib kelayotgan yo‘lagingdan butunlay boshqa boshi berk ko‘chaga tushib qolish, degani emas, vazifalarning ko‘payishi, xolos. Hayot esa davom etaveradi. Ishni va oilani birgalikda davom ettirish, mansab pillapoyalaridan erkaklar singari odimlab borish mumkin.
Kasbiy faoliyat yuritishi uchun 3 ta diplomi bor, ikkita oliygohni tamomlagan qizlar ham talaygina. Lekin suhbat jarayonida asosiy e’tibor ularning ish tajribasi yoki qanday yumushni bajara olishiga emas, balki ayol kishi ekanligi va shaxsiy hayotining ishga ta’sir etmasligiga qaratiladi.
«Turmushga chiqish yoshida ekansiz, oila qurganingizdan so‘ng, turmush o‘rtog‘ingiz ishlashingizni istamasa nima bo‘ladi?», «Endigina oila qurgan ekansiz, tez orada dekretga chiqib ketmaysizmi?», «Bolangiz yosh ekan, u bilan ishlashga qiynalmaysizmi?»... Har bir oliy ma’lumotli o‘zbek qizining ishga kirish uchun intervyu topshirish jarayonida eshitishi tabiiy bo‘lgan savollar, shunday emasmi?
Nazariy bilim hamisha amaliyot bilan mustahkamlanib borishi sir emas. Ish beruvchining talablariga mos bo‘lish uchun kichik yoshdagi bolasini katta qilib, yana bir necha farzandli bo‘lganda u kasbiy ko‘nikmalarini allaqachon unutib yuborgan bo‘lmaydimi?
«Yaqinda magistraturani tamomladim. Dissertatsiyamni muvaffaqiyatli himoya qilganim uchun meni oliygohda olib qolishlarini aytishdi. Juda xursand bo‘ldim. Qaynona-qaynotam va ota-onam ham bu xushxabardan quvonishdi. Lekin ishga olish vaqti kelganda kafedra mudiri bir yil avval besh nafar magistrni ishga olgani, ularning barchasi orqama-keyin tug‘uruq ta’tiliga chiqib ketganlarida qiyin ahvolga tushib qolgani uchun meni ololmasligini aytdi. Bolam hali yosh, unday niyatim yo‘q ekanligini aytsam ham unamadi. O‘zim uydagilarimning oldida juda uyaldim», deydi shaxsi sir qolishini istagan suhbatdoshimiz.
Kamola Aliyeva, yuridik fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), TDYuU dotsenti v.b., gender masalalari bo‘yicha mutaxassis:
«Bugungi kunda ishxonalarda ayollarni ishga olish masalasida diskriminatsiyaga duch kelamiz. Mana shunday ayollarning ishga olinishidagi stereotiplar bo‘yicha tadqiqotim doirasida 300 dan ziyod respondentlar o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazgandim. O‘shanda ko‘proq ayollar qatnashgandi. Chunki ishga qabul qilishda va mehnat faoliyati davomida gender stereotiplari va kamsitish holatlariga aksariyat ayollar duch keladi. Ammo bu haqda ochiq gapirish jamiyatimizga to‘g‘ri kelmaydi, degan yozilmagan «qonun» mavjud.
Ko‘pincha, ayollar bunday hollarda indamay ichiga yutishni afzal ko‘rishadi. Sababi — ayol kishi yoshligidan qiyinchiliklarga «bardoshli» bo‘lish va e’tiroz bildirmaslik ruhida tarbiyalanadi, buning oqibatida esa shu kabi holatlar takrorlanaveradi. Ma’lum bo‘lishicha, ish beruvchi ayollarni ishga olayotganda turmush qurishi, farzand ko‘rishi, yosh kelin ekani va tug‘uruq ta’tiliga chiqib ketishi bilan bog‘liq savollarni bergan va agar ish beruvchiga ayolning javoblari to‘g‘ri kelmasa ishga qabul qilmagan.
Bundan tashqari ayollarga lavozim berishda bular oilasi sabab karera qila olmaydi, degan vaj bilan ularning rivojlanishiga ko‘rinmas to‘siqlar qo‘yilgan. Ayollar esa mana shu to‘siqlarga qarshi harakat qilmagan. Ya’ni, ular kurashgani bilan foydasi yo‘qligini yoki ishdan ketish xavfi kuchayishini sabab qilib ko‘rsatishgan.
Men boshqa soha vakillari bilan suhbatlashganimda ular ham ish beruvchi tomonidan «siz farzand ko‘rar ekansiz, biz sizni ishga ololmaymiz», degan diskriminatsiyaga duch kelgan. Afsuski, hatto huquqshunos bo‘lishiga qaramay, o‘ziga bo‘lgan bunday munosabatni tabiiy deb qabul qilgan ayollar ham bor. Ya’ni ko‘pchilik buni jinsiy kamsitilish deb tushunmas ekan».
Xotin-qizlarga bunday talab qo‘yilishining o‘zi noto‘g‘ri bo‘lsa-da, ikkinchi tomonni ham tinglab ko‘rishni lozim topdik. Bir nechta ish beruvchilarning barchasi bir ovozdan tashkilotga yangi ishchi kelganda u qanchalik iqtidorli bo‘lmasin, ichki tartib-intizom, ish uslubiga tushishga vaqt ketishi, endi o‘rganganida oilaviy sabab tufayli ishdan ketishi yoki tug‘uruq ta’tiliga chiqishi natijasida yana yangi ishchi olish va unga qaytadan ish o‘rgatish mehnat unumdorligi, korxona rivojini ortga tortishi haqida gapirdi.
Markaziy Osiyoda ayollarning oila va ishdagi roliga madaniy omillar ta’sir ko‘rsatadi. Uy yumushlari, norasmiy sektorda kam haq to‘lanadigan deyarli barcha ishlarga ayollarning ishi sifatida qaraladi. Tabiatan bu turdagi an’anaviy uy-ro‘zg‘or ishlari o‘qish va o‘rganishga ozgina vaqt ajratadigan ayollarni iqtisodiy zarbalarga himoyasiz qilib qo‘yadi. Ayollarning turmush qurish fakti ularning mehnat munosabatlarida kamsitilishiga olib keladi. Bu degani turmush qurish yoshidagi ayollarni ishga qabul qilayotgan ish beruvchi ularga mehnat sharoitlarini ta’minlash chog‘ida kelgusida onalik bilan bog‘liq qonunchilik nazarda tutgan kafolat va imtiyozlarni o‘ylab, ular bilan mehnat shartnomasini tuzishni istamay qoladi va tanlovni boshqa shaxs foydasiga hal qiladi.
Gap aylanib borib yana o‘zbekchilikka, mentalitetga taqaladi. Oilani asrab qolish, uy yumushlari, farzandlar tarbiyasi asosan ayol kishi zimmasiga yuklatiladi. Bu uning majburiyati sifatida qaraladi.
Kamola Aliyeva, yuridik fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), TDYuU dotsenti v.b., gender masalalari bo‘yicha mutaxassis::
O‘rta Osiyoda, umuman, butun dunyoda qizlar va o‘g‘il bolalarni har xil tarbiyalaymiz. Ya’ni ularni shaxs sifatida andozalashga harakat qilamiz.
O‘g‘il bolalar aksariyat holatlarda mard va qo‘rqmas, o‘z haqini talab qiladigan, hissiyotlarini yashirmaydigan, boshqaruvni o‘z qo‘liga oladigan shaxs sifatida tarbiyalansa, qizlar andishali, itoatkor, kechirimli, sabrli, o‘z fikrini bildirishdan va haq-huquqini talab qilishdan tiyiladigan qilib tarbiyalanadi. Ushbu stereotip yondashuv oqibatida rahbar lavozimlarni ko‘pincha erkaklar egallaydi, ayollarni esa ijrochi xarakterdagi ishlarda uchratamiz.
Masalan, bizda ayollar uchun o‘qituvchilik, shifokorlik, hamshiralik, pazandalik yoki uy xizmatkorligi kabi kasblar mos keladi, deb hisoblaymiz. Qizlarni past maoshli ishlarga jalb qilamiz. Qizlar kasb tanlayotganda biror sohaga alohida qiziqib emas, balki oiladagi vazifalarga chambarchas bog‘liq bo‘lgan kasblarni tanlashini istaymiz. Aytaylik, qizlarning axborot texnologiyalari bo‘yicha qobiliyati tan olinmaydi, ya’ni yo‘naltirilmaydi.
Ayol kishi bir vaqtning o‘zida uy yumushlari, bola parvarishi, davlat ishi bilan shug‘ullana olishi uchun ham aynan shu yo‘lni tanlaymiz. Vaholanki, ayol kishi ham erkin kasb tanlashi, o‘z ishini ko‘rsata olishi, rahbarlik lavozimlarida ishlashi mumkin. Ammo rahbarlik lavozimi u yoqda tursin, oddiy xodim bo‘lib ishlash uchun ham to‘siqlar, stereotiplar son mingta.
Xorvatiyaning sobiq prezidenti Kolinda Grabar-Kitarovich (2015-2020 yillarda rahbarlik qilgan) intervyularidan birida uni siyosat bilan shug‘ullanishda eri Yakov Kitarovich rag‘batlantirganini e’tirof etadi. Turmush o‘rtog‘ining qo‘llab-quvvatlashi ayol kishini davlat rahbari lavozimiga ko‘targan ekan, nega o‘zbek qizlarining «men»ini o‘ldirishimiz, iqtidorini o‘stirish uchun qo‘llab-quvvatlamasligimiz kerak? Xotin-qizlarga avvalo oilasi tirgak, ko‘makchi bo‘lmas ekan, yordamni boshqalardan kutish befoyda.
Charos Mannonova, jurnalist.