29 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Davlat soliq qo‘mitasi jurnalistlarga keshbek va «Soliq» mobil ilovasiga oid bir qancha yangiliklarni ma’lum qildi.
Anjumanda yil boshidan buyon 1 453 872 nafar fuqaroga 514 mlrd so‘mdan ortiq keshbek to‘langani ma’lum qilindi. Joriy yilning 1 yanvaridan 24 oktyabriga qadar onlayn-NKT orqali 560 683 595 ta chek rasmiylashtirildi, bu o‘tgan yilning shu davriga (301 673 214 ta) nisbatan 86 foiz ko‘p.
Qaysi cheklar uchun keshbek qaytarilmaydi?
Keshbek chakana savdo, umumiy ovqatlanish va aholiga maishiy xizmat ko‘rsatish obektlarida xaridni amalga oshirganda olingan cheklar uchun taqdim etiladi. Shu bilan birga, istisno holatlar ham mavjud. Xususan, avtomobillar, havo va temiryo‘l chiptalarini sotib olish, kommunal va aloqa xizmati uchun to‘lov, shuningdek, chek berilganiga 10 kundan ortiq vaqt o‘tgan bo‘lsa yoki sotib olingan tovar (xizmat)lar cheki uchun avval keshbek hisoblangan bo‘lsa, qolaversa, DSQ tomonidan yuritiladigan shubhali xaridorlar reyestriga kiritilgan jismoniy shaxslar cheklari uchun keshbek hisoblanmaydi.
Turizm uchun keshbek
«O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!» dasturi doirasida “Turizm uchun keshbek» platformasi ishga tushirilgan. Unga ko‘ra, mahalliy sayyohlar respublika bo‘ylab sayohat qilish uchun sarflangan xarajatlarning 15 foizidan 50 foizigacha qaytarib olishlari mumkin.
Soliq mobil ilovasida yangi funksiyalar
Hozirda mobil ilova orqali jismoniy shaxslar mol-mulk solig‘i va yer solig‘ini to‘lashlari mumkin.
Bundan tashqari, ilovaga o‘zini o‘zi band qilish, talabalar uchun ijara shartnomalarini ro‘yxatdan o‘tkazish va avtotransport vositalarini ijaraga berish funksiyalari qo‘shildi.
Yana bir qancha soliq turlari bo‘yicha qarzdorlik haqida ma’lumot olish va to‘lovlarni amalga oshirish imkoniyati ishlab chiqildi:
- jismoniy shaxslar uchun mol-mulk va yer soliqlari jismoniy shaxslarning mol-mulkni ijaraga berishdan olingan daromadlari bo‘yicha daromad solig‘i;
- jami yillik daromad to‘g‘risidagi deklaratsiya taqdim etish asosida JShShODS;
- YaTT va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun ijtimoiy soliq;
- YaTT qat’iy belgilangan daromad solig‘i;
- Penya. Buning uchun to‘lovni amalga oshirishdan oldin ko‘chmas mulk (yer uchastkasi) egasi JShShIR ko‘rsatish, o‘zini-o‘zi band qilgan shaxslar uchun esa Face ID orqali avtorizatsiyadan o‘tishi kerak. Tizim avtomatik ravishda qarzdorlik mavjud yoki mavjud emasligini aks ettiradi. To‘lov amalga oshirilgandan so‘ng barcha tushumlar «To‘langan soliqlar tarixi» bo‘limida saqlanadi.