«Nasaf» 5 yildan buyon mag‘lub eta olmayotgan raqib. «Navbahor» Buxoroda 24 yillik tarixni yangilaydimi?

Sport 15:06 / 30.10.2022 29078

24 yillik tarix yangilanadimi?

«Nasaf» va «Navbahor» Superliga chempionligi uchun kurashish bilan birga kubokning yangi egasini ham aniqlab berishadi. «Navbahor» 1998 yildan keyin ilk marta finalga chiqdi va 24 yil o‘tib, O‘zbekiston kubogini qo‘lga kiritish imkoniyatiga ega. «Nasaf» esa kubokning amaldagi sohibi sanaladi. Vohaliklar o‘tgan yil Samarqandda o‘tgan kubok finalida «Paxtakor»ni mag‘lub etishgandi. Bu yil ularni sovrinni ketma-ket ikkinchi marta Qarshiga olib ketishlari mumkin.

Kimning tarkibi qimmatroq?

Transfermarket portaliga ko‘ra, futbolchilarning umumiy qiymati bo‘yicha Samvel Babayan qo‘l ostidagi tarkib Ro‘ziqul Berdiyev murabbiyligidagi jamoadan biroz qimmatroq.

«Navbahor» tarkibining transfer bahosi: 8,88 mln yevro

Eng qimmat 5 futbolchisi:

  •  Yovan Jokich – 750 ming yevro
  • Rustam Ashurmatov – 750 ming yevro
  • Nurillo To‘xtasinov – 750 ming yevro
  • Jamshid Iskanderov – 600 ming yevro
  • Jasur Yaxshiboyev – 550 ming yevro

«Nasaf» tarkibining transfer bahosi: 8,81 mln yevro

Eng qimmat 5 futbolchisi:

  1. Oybek Bozorov – 800 ming yevro
  2. Husayn Norchayev – 800 ming yevro
  3. Husniddin Aliqulov – 700 ming yevro
  4. Abduvohid Ne’matov – 650 ming yevro
  5. Umar Eshmurodov – 600 ming yevro

So‘nggi 5 yil ichidagi o‘zaro o‘yinlar: «Nasaf» «Navbahor»ni mag‘lub eta olmayapti

O‘zaro o‘yinlar statistikasiga ko‘ra, Namangan klubi so‘nggi yillarda Qarshi jamoasiga mag‘lub bo‘layotgani yo‘q.

  • 2022 yil: Nasaf – Navbahor – 0:1
  • 2022 yil: Navbahor – Nasaf – 0:0
  • 2021 yil: Nasaf – Navbahor – 0:1
  • 2021 yil: Navbahor – Nasaf – 0:0
  • 2020 yil: Navbahor – Nasaf – 0:0
  • 2020 yil: Nasaf – Navbahor – 2:2
  • 2019 yil: Navbahor – Nasaf – 1:1
  • 2019 yil: Nasaf – Navbahor – 0:1
  • 2018 yil: Navbahor – Nasaf – 0:0
  • 2018 yil: Nasaf – Navbahor – 1:1
  • 2017 yil: Navbahor – Nasaf – 1:0
  • 2017 yil: Nasaf – Navbahor – 4:0

O‘yin oldi kim qanday fikrda?

Samvel Babayan: «Finaldagi g‘oliblik OChLga yo‘llanma beradi. Bu – mavsumdagi maqsadimiz»

- Faoliyatimdagi 11-final bu. Ammo menda hayajon yo‘q, deya olmayman. Biz uchun final juda muhim. Qolaversa, bu yerdagi g‘alaba orqali mavsumdagi asosiy maqsadimiz – Chempionlar ligasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanma olishimiz mumkin. Shunday ekan, finalda g‘olib bo‘lish biz uchun ham juda muhim. Ha, Superligada yetakchilarni mag‘lub etdik, ammo o‘rtamiyonalar bilan bahslarda ko‘p ochko yo‘qotdik. Oldindagi uchta o‘yinda ko‘proq ochko jamg‘arib, chempionlik uchun kurashamiz. Ko‘pchilikning xabari bor, rahbariyatimiz bilan maqsadlarimiz bir yillik emas, uzoq yillik loyiha. Shunday ekan, har qanday holatda ham bizda maqsadlar o‘zgarmaydi. Buxorodagi finalda muxlislarimizni xursand etish va Namanganga kubok bilan qaytishga urinamiz. O‘yin shiddatli o‘tishi aniq, - deydi Samvel Babayan matbuot anjumanida.

Ro‘ziqul Berdiyev: «Superliga chempionligi yoki kubok? Ikkisini ham tanlayman, chunki sovrinlarga yaqinmiz»

- Final ajoyib muhitda bo‘ladi. Buxorodagi stadion bilan bugun tanishdik, maydon ham yaxshi tayyorlangan. Finalga ikkita yetakchi va kuchli jamoa yetib keldi. Ular ertangi bahsda kubokni yutishga intiladi. Finalga yaxshi tayyorgarlik ko‘rdik, deb o‘ylayman. Jamoamiz bahsga shay. Fikrimcha, finallarda o‘ynash tajribasi bizda bor. Bu ertaga ham qo‘l kelishiga umid qilaman. Husayn Norchayevning yo‘qligi biz uchun katta yo‘qotish. Oxirgi o‘yinlarda u asosan gollari bilan emas, maydondagi mehnati bilan katta yordami tegayotgandi. Afsuski, finalda Husayn qatnasha olmaydi. Yo‘qotishga qaramay, o‘yinga taktik jihatdan ham, tarkib jihatdan ham shaymiz. Natija uchun borimizni beramiz.

Superliga chempionligi yoki kubok? Tanlash imkoniyati bo‘lganda birini emas, ikkisini ham tanlagan bo‘lardim. Chunki ikkilasiga ham juda yaqin turibmiz va bu sovrinlar uchun kurashamiz. Ikkita kubokni ham yutishni xohlayapmiz. Biz bunday o‘yinlarga tayyormiz, - deydi qarshiliklar bosh murabbiyi.

Anons. 30 oktabr (yakshanba)

O‘zbekiston kubogi. Final

«Navbahor» - «Nasaf»

Bosh hakam: Vadim Agishev (Toshkent)

«Buxoro» sport majmuasi. 22 700 tomoshabin sig‘imli.

TV-translatsiya: Sport.

O‘yin boshlanish vaqti: 17:00.

Usmon Ibodov

Ko‘proq yangiliklar: