22 noyabrda Parijdagi Arab dunyosi institutida O‘zbekiston xalq va amaliy san’atining XIX asr o‘rtalari – XX asr boshlarigacha bo‘lgan davrda yaratilgan noyob asarlari ko‘rgazmasi ochiladi.
Madaniyat va san’at jamg‘armasidan ma’lum qilishlaricha, Nukus shahrida joylashgan Savitskiy davlat san’at muzeyi eksponatlari ko‘rgazma negizini tashkil etadi. Ular orasida qoraqalpoq xalqining an’anaviy dekorativ-amaliy san’ati asarlari va XX asrda ijod qilgan o‘zbekistonlik rassomlarning Turkiston avangardi oltin fondiga kiritilgan asarlari ham bor.
Ko‘rgazma uchun eksponatlar muzey xodimlari va ularning fransuz hamkasblari tomonidan birgalikda tanlab olindi.
Ta’kidlash kerakki, eng qiziqarli eksponatlardan biri qoraqalpoq ayollarining XVII-XVIII asrlardagi an’anaviy bosh kiyimi – tobelik hisoblanadi. Tobelik marjon va firuza toshlari hamda kumush plastinalardan yig‘ilgan silindrsimon shaklga ega. U to‘y bosh kiyimi – saukele ustidan kiyiladigan qo‘shimcha bezak, o‘ziga xos toj vazifasini bajargan deb hisoblanadi.
Ko‘rgazmada kimesheki ham taqdim etiladi. U ham ayollarning milliy bosh kiyimidir. Kimesheki boshni butunlay qoplaydi, yuz esa ochiq qoladi. Ba’zi jihatlariga ko‘ra “kapyushon”ni eslatadi. Turmush qurgan ayollar muayyan rangdagi kimesheki kiygan va shu orqali o‘z maqomiga urg‘u bergan.
Tanlab olingan eksponatlar orasidan O‘rol Tansiqboyev, Viktor Ufimsev, Nadejda Kashina mo‘yqalamiga mansub asarlar joy olgan. Aleksandr Volkov, Aleksey Isupov va boshqalarning asarlari ham bor. Mualliflarning o‘ziga xos rassomlik uslubiga qaramay, barcha asarlar bitta mavzu – Sharq va uning rang-barangligidan ilhomlanib yaratilgan va shu mavzu atrofida birlashtirilgan.
Masalan, Nikolay Karaxanning “Qarag‘ay daraxtlari qurshagan hovuz bo‘yidagi choyxona” asarini ko‘rgan tomoshabin o‘sha davrdagi odamlarning qanday kiyinishi va dam olishi, ularning turmush tarzi, tabiatni darhol anglashi mumkin.
“Umuman olganda, Savitskiy muzeyi tomonidan taqdim etilgan butun to‘plam Sharq madaniyati va xususan O‘zbekistonning rang-barangligi, o‘ziga xosligi va jozibasini ochib berishga mo‘ljallanganini alohida ta’kidlash lozim.
Va u Yevropaning mashhur poytaxtida joylashgan Arab dunyosi institutida taqdim etilishi katta ramziy ma’noga ega. Bu G‘arb va Sharqning birgalikda mavjud bo‘la olishi va bir-birini o‘zaro boyitishi mumkinligini yana bir bor tasdiqlaydi”, – deyiladi rasmiy relizda.