Farg‘onada «prava» olish markazi ochilayotganini bilganlar uni «GAI» orqali tezroq olish uchun to‘plandi

Jamiyat 17:02 / 26.10.2022 16024

Xususan huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyevning ma’lum qilishicha, Farg‘onada ochilishi kutilayotgan imtihon oluvchi markaz xuddi Toshkentdagi kabi zamonaviy, kompyuterlashgan bo‘ladi.

“Aytishlaricha, buni eshitganlar haydovchilik guvohnomasi olish uchun juda katta navbat hosil qilishibdi. Demak, hozir “prava” olish oson va katta ehtimol bilan inson faktori ham mavjud. Ertaga “prava” olish qiyin va inson omilisiz bo‘lgach, ko‘pchilik imtihondan yiqilishini bilib turibdi, shekilli”, deydi huquqshunos.

O‘z navbatida, bloger Nikita Makarenko ham Farg‘onada imtihon markazi ochilishi kutilayotganini bildirdi.

“Farg‘ona viloyati YHXBda haydovchilik guvohnomasiga imtihon topshirish uchun uzun navbatlar yuzaga kelgani haqida xabarlar kelib tushyapti. Nega hamma bunchalik shoshilib qoldi? Sababi, u yerda ham yaqinda avtomatlashtirilgan imtihon markazi ochiladi va ko‘pchilik imkoni borida “masalani hal qilish” uchun shoshilyapti”, deydi u.

Ma’lumot uchun, bunday avtomatlashtirilgan markaz Toshkent shahrida 4 fevraldan, Toshkent viloyatida 9 iyundan faoliyat boshlagan edi. 

Sinov jarayonlari to‘liq avtomatlashtirilgan. Fuqaro markazga kelganidan so‘ng u birinchi o‘rinda ro‘yxatdan o‘tishi va individual QR-kod olishi lozim. Keyingi bosqichda nazariy va amaliy imtihonlar uchun to‘lovni amalga oshirish zarur.

Nazariy imtihon test shaklida o‘tkaziladi, unda 20 ta savoldan kamida 18 tasiga to‘g‘ri javob berish kerak. Bunga 25 daqiqa ajratiladi. Agar imtihonning bu qismi yaxshi topshirilsa, nomzod haydash mahoratidan imtihon topshirishi mumkin. Kutish zalida buning uchun unga ko‘rsatmalar beriladi, shuningdek, qaysi mashqlarni va qanday ketma-ketlikda bajarish kerakligi to‘liq tushintirilgan videoko‘rsatma ham mavjud.

Amaliy imtihon jarayonida jarima ballari 99 dan oshmasa, imtihon topshirilgan hisoblanadi. Amaliy imtihondan yiqilgan nomzodlarda 2 oy davomida haftasiga bir marta qayta topshirish imkoni bo‘ladi; muddat 2 oydan oshib ketsa, nazariy imtihonni ham qayta topshirish lozim.

Imtihonlarning ikkala bosqichini muvaffaqiyatli topshirgandan so‘ng, sertifikat beriladi. Nomzodlar bu sertifikat bilan YHXBga murojaat qilishlari lozim: sertifikat boshqarmaning ma’lumotlar bazasida tekshirilganidan so‘ng, ularga haydovchilik guvohnomasi taqdim etiladi.

Ko‘proq yangiliklar: