Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Yangiyo‘l tuman bo‘limi va IIB xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazildi.
Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti matbuot xizmati xabar berishicha, fuqaro I.A. va Kadastrlar palatasi Yangiyo‘l tumani filiali muhandisi Sh. X. «U.Yu.» agrofirmasiga qarashli 32 sotix yer maydonini fuqaro Sh. ga 29 000 AQSh dollariga sotishga kelishib, tanishlari orqali hujjatlarni rasmiylashtirib berishi evaziga oldindan 10 400 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shu kabi, Departament, DXX va IIVning hamkorlikdagi tadbirida Andijon viloyati, Ulug‘nor tumani fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa egalari kengashi hisobchisi D.Sh. fuqaro Sh. ning opasi M.ning nomiga tashkil qilingan «Yoshlar bog‘i» hududidan 3,5 gektar yer maydonini dehqonchilik qilish uchun ajratib berish evaziga 4 mln so‘m pulini olib, keyinchalik ushbu yer maydonini onlayn-auksion orqali yutib olib berish va kadastr hujjatlarni rasmiylashtirib berish evaziga 1 000 AQSh dollarini olgan vaqtida qo‘lga olingan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) va 28, 211-moddasi (Pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.