Toshkent metropolitenining «Alisher Navoiy» bekatida 22 oktyabr kuni 19 yoshli qiz Metropolitenda xavfsizlikni ta’minlash boshqarmasi xodimi sumkasini tekshirayotgan paytda uning ichida bomba borligini aytgan.
Transport va turizm obektlarida xavfsizlikni ta’minlash boshqarmasi xabariga ko‘ra, u sumkasida bomba borligini aytgach, hudud o‘rab olingan hamda voqea joyiga IIV Maxsus operatsiyalarni muvofiqlashtirish boshqarmasi guruhi yetib kelgan. Mas’ul xodim qizdan nima uchun sumkasida bomba borligini aytganini so‘raganida, u kayfiyati yaxshi bo‘lgani uchun shu tarzda hazil qilishga qaror qilganini aytgan. Shundan so‘ng vaqtincha hibsga olingan qiz poytaxtning Shayxontohur tumani 3-sonli ichki ishlar bo‘limiga olib ketilgan.
IIV Transport va turizm obektlarida xavfsizlikni ta’minlash departamenti axborot xizmati rahbari Pokiza Xodjayevaning Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, JIB Shayxontohur tuman sudi qarori bilan qizning harakatlari huquqbuzarlik deb topilgan. U sud qarori bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (Mayda bezorilik) va 199-moddasi (Maxsus xizmatlarni qasddan aldab chaqirish) bilan aybli deb topilgan hamda 5 sutkaga qamalgan.
22 oktyabr kuni Toshkent metrosining «Alisher Navoiy» bekatida avtomatik o‘tkazish punktida to‘xtatilgan qiz sumkasini ko‘rsatishni so‘ragan ichki ishlar xodimiga unda bomba borligini aytgani, biroq tekshiruv payti undan portlovchi moslama topilmagani haqida xabar berilgandi.