O‘zbekistonga “nasilka”da qaytdim...
Farg‘ona viloyati Beshariq tumani Shoberdi qishlog‘ida yashayman. Rossiyaga dastlab 1997 yilning kuzida borganman. 10 yildan oshiqroq muhojirlik nonini yedim. U yerda asosan uy ta’mirlash ishlari bilan shug‘ullandim. Santexnik, elektriklik ham qildim.
Shu davr mobaynida uyga pul jo‘natib turdim. Ro‘zg‘ordan orttirib jamg‘argan mablag‘ga ikki mashina va ikki yer uchastkasi sotib oldik. Hozirgi yashayotgan uyimizni el qatori ta’mirladik. Farzandlarimni 6-sinfdan ximiya va biologiyaga ixtisoslashtirilgan maxsus maktabga berdik. Katta o‘g‘limning o‘qiganini ko‘rgan ukalari uning ortidan ergashdi. Qolgan farzandlarimni ham 6-sinfdan repetitorga berdik. Xudo yetkazib turdi.
Muhojirlikda 10 yil ishlaganimdan keyin og‘ir yuk ko‘tarish oqibatida belimdan grija orttirib oldim. Bir oycha to‘shakka mixlanib yotib qoldim. Baxtimga atrofimda andijonlik hamrohlarim bor edi, kasallik xuruj qilgan paytlarda ular tez yordam chaqirib dalda bo‘lib turishdi. Og‘riq kuchaygan kunlarning birida do‘stlarim aeroportga “nasilka”da olib borishdi. U yerdan O‘zbekistonga uchdim...
Xavotirlanishmasin deb kasal bo‘lganimni uydagilarga atay bildirmagan edim. O‘zbekistonga kelib to‘g‘ri shifoxonaga yotdim. Muolajadan so‘ng oyoqqa turib keyin uyga keldim. Farzandlarim ancha esini tanib ulg‘ayib qolishgan ekan. Ahvolimni ko‘rib qaytib Rossiyaga jo‘natishmadi.
5 talabani o‘qitish uchun ikki mashina ham sotildi...
Katta o‘g‘lim Andijon davlat tibbiyot institutiga shartnoma asosida o‘qishga kirdi. Uning ortidan ikkinchi o‘g‘lim Ukrainadagi oliygoh talabasi bo‘ldi. Unga har yili 8 ming dollardan to‘lashga to‘g‘ri keldi. Ahvol tangligidan Rossiyada ishlab orttirgan ikki mashinadan birini sotishga majbur bo‘ldim. Ukrainadagi o‘g‘lim ikki yildan keyin o‘qishini ADMIga ko‘chirib keldi. O‘tgan yili katta o‘g‘limni uyladim. Kelinim ham talaba. U ham shartnoma asosida o‘qiydi.
Quvonchli kunlar qo‘sha keldi. To‘y qilgan yilimiz, ya’ni o‘tgan yili egizak farzandlarimiz Hasanbek va Zuhraxonlar ham o‘qishga kirdi. O‘g‘illarim Xumoyunbek va Nurbek Andijon davlat tibbiyot instituti, Hasanbek Toshkent Tibbiyot Akademiyasi, qizim Zuhraxon Qo‘qon davlat pedagogika instituti, kelinim Shahnozaxon esa Andijon davlat universiteti talabasi. Shunday qilib 5 nafar talaba bo‘ldi uyimizda. Xursand bo‘lganim, Hasanbek ToshMIga grant asosida o‘qishga kirgani bo‘ldi. O‘tgan yili ikkinchi mashinani ham sotib ularning o‘qishiga to‘lov qildim.
Oyiga o‘rta hisobda 500 dollar pul topaman...
Turmush o‘rtog‘im uy bekasi. Hech qayerda ishlamaydi. Oilada 5 nafar student o‘qiyotganini bilib hokimiyat yordam qildi. Rossiyadan qaytgach 4-5 yildan beri qishloqda qurilish ishlarida yuribman. Poydevordan tortib tom yopishgacha, uy ichini ta’mirlash ishlarigacha qo‘limdan keladi. Rossiyada oyiga 1 200 dollar pul topardim. Qishloqda 450 dan 600 dollargacha pulga ishlayman. Nolimayman, topishim yomon emas. Hayotimiz yaxshi. Nolisam bo‘lmaydi.
Bu yil to‘ng‘ich o‘g‘lim ordinaturaga o‘qishga kirdi. U o‘qib ham ishlayapti. Bu degani kattasi yeb-ichishini o‘zi eplayapti. Yonimga kirib qoldi. Yaratganning o‘zi yetkazyapti. 1 yildan keyin o‘g‘lim va kelinim o‘qishni tamomlashadi. Ikki kontraktdan “qutulamiz”. Tan olaman, qiyinchilik bo‘ladi, o‘qitish oson emas. Lekin eplab turibmiz.
Turmush o‘rtog‘im oila qurgan yilimiz ikki yil maktabda kotiba bo‘lib ishlagan. Dekretga chiqqanidan keyin qaytib ishlamadi. Uy ishlari bilan mashg‘ul bo‘ldi.
O‘zim chang yutib ishlayapman, farzandlarim toza kiyimda yursin...
O‘tmishdagi voqea hanuz yodimda. Yarim kechasi katta o‘g‘lim Xumoyunbek 3 oylik chaqaloqligida qattiq isitmaladi. Qishlog‘imizda yagona shifokor bor edi. Chaqaloqni uning yoniga olib borganimizda uyidan og‘rinib chiqib keldi. Hayotimdagi birinchi chaqaloq bo‘lgani uchun nima qilishni bilmagan edim. Noilojlikdan borgandik. Shifokorning og‘ringanini ko‘rib kun kelib farzandlarimni o‘qitaman, o‘g‘illarim o‘qisa boshqalarga bunday muomala qilmaydi deb niyat qilganman. O‘g‘illarimning barchasini tibbiyot sohasida o‘qitish fikri aynan shu voqeadan keyin paydo bo‘lgan.
5 farzandimni baravar o‘qitayotganimdan doim g‘ururlanib yuraman. O‘zim o‘qimaganimga yarasha bolalarni o‘qitishga bel bog‘ladim. O‘zim chang yutib ishlayapman. Ular toza kiyimda yursin. Eskilar bejiz aytishmagan. O‘zingdan ko‘ra farzandlaring yaxshi yashashi kerak. Farzandlarimdan ko‘ra nabiralarim yaxshi yashasin.
Rossiyada orttirib kelgan grijam onda-sonda qo‘zg‘ab turadi. Ishdagi hamrohlarimning biri akam, birisi ukam. Ular menga og‘ir yuk ko‘tarishga qo‘yishmaydi.
Sarvar Ziyayev, Kun.uz muxbiri
Montaj ustasi: Jahongir Aliboyev.