To‘g‘ri, o‘tgan yil davomida Turizm vazirligi tashabbusi bilan mazkur qishloqning markaziy yo‘li asfaltlangan va ko‘cha yuziga yoritish chiroqlari o‘rnatilgan. Qishloqdagi bir qator turizm uylari ro‘yxatga olingan va ularga sertifikatlar taqdim etilgan.
Qishloqning targ‘iboti ham kuchaytirilgan chog‘i, yil bo‘yi mahalliy va xorijiy sayyohlarning keti uzilmayapti. Ko‘chalarda xorijlik turistlarni ham uchratdik. Biz borgan kuni qishloqda Polsha, Rossiya va Fransiyadan xorijlik sayyohlar borligini aytishdi.
Yoz kunlari jilg‘a bo‘yidagi so‘rilar mahalliy sayyohlar bilan ham gavjum bo‘ladi. Bahor va kuzda uy mehmonxonalarida asosan xorijlik sayyohlar yashashar ekan.
Ha, so‘lim tabiatga ega bu qishloq bejizga tanlanmagan. Bu yerni yilning har faslida maxsus dastur asosida turistlar bilan gavjum qilish mumkin. Musaffo havo, go‘zal tabiat bor. Hayking, yaylov turizmi yangi turistik yo‘nalishlarni rivojlantirishi mumkin. Masalan, keyingi yillarda qishda shaharlarda qor yog‘may ketdi. Bu yerga noyabr oyidan boshlab qor tushadi. Chana, chang‘i uchish mumkin. Arqon yo‘lagi tortish mumkin, buning uchun albatta investitsiya kerak. Investitsiya kirib kelishi uchun, albatta, minimal infratuzilma ham bo‘lishi kerak-da.
Ayni paytda qishloqda bir talay muammolar ham borki, ular nafaqat mahalliy aholiga, kelayotgan turistlarga ham qiyinchilik tug‘dirmoqda. Ularning hal etilishini barcha intizorlik bilan kutmoqda.
Birinchidan, qariyb 5,3 km markaziy yo‘l asfalt qilingan. Turizm uylari va hostellar qishloqning adog‘ida Tersak-4 mahallasida joylashgan. Garchi markaziy yo‘lning bir qismiga shag‘al yotqizilgan bo‘lsa ham, yo‘llar asfaltlanmay qolib ketdi.
Obod qishloq dasturiga tushgan qishloqda markaziy ko‘cha davom ettirilishi o‘rniga mahallaning boshidagi 1,4 km ichki yo‘llar asfaltlangan. Holbuki, turistlar uchun mo‘ljallangan mehmon uylarining aksariyati qishloqning eng ichkari qismida joylashgan.
Odamlarni tobora ko‘proq jalb qilayotgan betakror tabiat maskani — sharsharaga olib boradigan yo‘l ham tuproqligicha qolmoqda. Biz u yerga borolmadik. Internetdan ham rasmini topolmadik. Demak, boshqa jurnalistlar ham yo‘l yomonligidan u yerga borolmagan. Lekin mahalliy odamlarga ishonaqoldik: suvlari jildirab turuvchi shunday go‘zal sharshara borligi va’da qilinmoqda.
Ikkinchi muammo — suv muammosi. Qishloq ahli hamon chashmalardan suv tashib ichishadi. Biroq so‘nggi o‘n yildagi iqlim o‘zgarishi natijasida yoz oyidan boshlab chashmalarning ko‘zi berkilib qolmoqda.
Daradan oqayotgan jilg‘adan suv ichib bo‘lmaydi. Chunki uning ichida chorva yuradi. Hattoki shu suvni ham tong sahar olib, tindirib, qaynatib ichayotgan oilalar bor. Qishloq ahli ko‘lmak suvlardan ichishga majbur bo‘lishmoqda.
Ana shunday chashmalardan birida 25 ta chog‘li 20 mm diametrlik polietilen quvurlar tashlab qo‘yilgan. Qachonki chashmada suv bo‘lsa, suv oqadi. Suv esa bahorda bir ko‘rinish beradi. Odamlar yo‘q suvga quvur boshiga yiliga 250 ming to‘lov qilar ekan, o‘sha chashma joylashgan bog‘ egasiga.
O‘sha chashmadan sal beriroqda qishloqning yuqori qismida artezian quduq bor. U juda eskirgan. Undan sal pastroqdagi maydonda yangisini qazib, suv ta’minotini yaxshilash kerak. Mutaxassislar kelishgan, artezian quduq qaziladigan joy ham tanlangan. Soniyasiga 5 litr suv chiqarib bera oladigan artezian qazish mumkinligi haqida yakuniy xulosaga kelingan.
Turizm qishlog‘ida oddiy suv muammosi bo‘lishi noodatiy hol. Suv qishloqliklarga ham, turistlarga ham iste’mol qilish va yuvinish uchun kerak. To‘g‘ri, davlat tomonidan qishloqning yuqori qismida turistlar uchun biohojatxona qurib ham berilgan. Biroq unda ham suv muammosi bor.
Qishloqqa suyultirilgan gaz yetkazib berish ham o‘lda-jo‘lda. Shu yerda istiqomat qilayotgan otaxonlardan biri o‘zining ro‘zg‘origa ham, farzandlarining ro‘zg‘origa ham ariza yozilganiga qaramasdan suyultirilgan gaz ballonlari yetkazib berishni tuman gaz ta’minoti idorasi bir necha yillardan buyon paysalga solayotganini ta’kidlab o‘tdi.
Isitish uchun odamlar albatta o‘tindan foydalanishadi. Tabiiy gaz bo‘lmagan, bo‘lmasa ham kerak.
Qishloqning elektr ta’minoti ham risoladagidek emas. Ko‘chalarga yoritish chiroqlari o‘rnatib ketilganiga 1 yil bo‘lgan esa-da, ular shunchaki turibdi, ishlatilmayapti. Obod mahalla dasturi doirasida elektr simlari va simyog‘ochlar almashtirilishi ko‘zda tutilgan bo‘lsa-da, mahallaning yuqori qismida odamlar teraklardan qo‘lbola usulda simyog‘ochlar bilan sim tortib kelishgan.
Qishloqqa kelgan mahalliy va xorijiy turistlar internet aloqasi yaxshi emasligi, to‘g‘rirog‘i umuman yo‘qligidan ham nolishmoqda. Faqat Beeline uyali aloqa kompaniyasi kunduz kuni bir navi ishlab berar ekan. Chunki ularning uzatish antennasi quyosh energiyasidan quvvatlanar ekan.
Albatta, katta ko‘chaning boshida «Turizm qishlog‘i» deb yozilgan stella o‘rnatish, qishloqqa kirish qismini asfaltlab, stolbalar o‘rnatish bilan muammolar hal bo‘lmaydi, bu bilan qishloq chinakam turistlar maskaniga aylanib qolmaydi.
Turizm qishlog‘i barcha elementar sharoitlarga ega bo‘lishi kerak. Suv, elektr, suyultirilgan gaz, internet ta’minlab qo‘yilsa bas. Qolgani — pazanda va mehmondo‘st aholi, o‘zbekona shart-sharoitlar, so‘lim tabiat, toza havo bor. Qishloqning bahorgi manzarasiga qarang:
Muammolarni hal qilishga qishloq ahlining o‘z kuchi yetmaydi. Qolaversa, 19 sentabr kuni bo‘lib o‘tgan Prezident selektorida turizm sohasiga sustkashlik qilayotgan respublikadagi 14 ta tuman, jumladan Urgut tumani hokimi Botir Jabborov o‘z vazifasidan olinib, kamchiliklarni to‘g‘rilash uchun uch oy muhlat berilgan edi.
Biz bilan suhbatlashgan qishloq oqsoqollarining aytishicha, hokim shundan keyin ham qishloqqa qadam bosmagan. Tersak mahallasidagi hokim yordamchisi G‘iyos G‘afforov biz bilan suhbatda hokim qishloqqa kelgani, vaziyat bilan tanishgani, rejalar ishlab chiqilgani, shunchaki odamlar hokimni tanimasligini aytdi.
Biz Urgut tuman hokimligining rasmiy Telegram kanalida 2022 yilning 19 sentabridan buyon chiqarilgan xabarlarni sinchiklab qarab chiqdik. Hokim B.Jabborov Tersak qishlog‘iga borganini tasdiqlovchi birorta xabarga yoki fotosuratga duch kelmadik.
Endi o‘zingiz xolisona ayting: odamlar tanimaydigan hokim o‘z vazifasiga loyiqmi-yo‘qmi?
Biz tersakliklarni qiynayotgan muammolarga jiddiy e’tibor qaratilishi, ularni bartaraf etish yuzasidan muayyan tadbirlar ishlab chiqilishiga ishonamiz. O‘ylaymizki, bu borada viloyat Turizm va madaniy meros boshqarmasi hamda Urgut tuman hokimligi o‘zlarining aniq pozitsiyalari bayon qilishadi.
Shuhrat Shokirjonov, jurnalist
Tasvirchi va montaj ustasi: Jahongir Aliboyev