Ronaldu «MYu» tarkibidan chetlatildi. Uning klubdagi davri yakunlanadimi?

Sport 13:15 / 21.10.2022 41437

«Manchester Yunayted» hujumchisi Krishtianu Ronaldu «Tottenhem»ga qarshi o‘yin oxiriga yetmasidan oldin stadiondan chiqib ketdi. Futbolda bunday harakat klubga va muxlislarga nisbatan hurmatsizlik hisoblanadi. «Manchester Yunayted» uni jazolash maqsadida keyingi o‘yin qaydnomasiga kiritmadi. Portugaliyalik yulduzni bunday keskin harakat qilishga nima majburladi?   

«Manchester Yunayted» Krishtianu Ronalduni tarkibdan chetlatdi. Keyingi kunlarda u yolg‘iz o‘zi shug‘ullanadi. Bu qaror sabablari rasman ma’lum qilinmagan, ammo ular futbolchining demarshi bilan bog‘liqligi aniq. Bir kun oldin, «Tottenhem»ga qarshi o‘yinda hujumchi asosiy vaqt tugashidan (89:24) oldin stadionni tark etgandi.

Translatsiyadan kadr

The Athletic xabariga ko‘ra, Ronaldu o‘yin tugashidan oldin stadiondan ham ketib qolgan va «Tottenhem» ustidan qozonilgan g‘alabani sheriklari bilan nishonlamagan. Shuningdek, Angliya ayrim sport nashrlari hujumchi o‘yin oxirlarida zaxiradan maydonga tushishdan bosh tortgani haqida ham yozishdi.

Ronaldu bu chempionatda atigi ikki bor boshlang‘ich tarkibda tushirildi. «Nyukasl»ga qarshi kechgan avvalgi turda Krishtianu ilk daqiqalardan maydonda edi, ammo 72-daqiqada almashtirildi — bu esa uni norozi qildi. Bu safar esa murabbiy portugaliyalik yulduzga bir soniya ham o‘ynash imkonini bermadi.

Ammo u bu mavsumda birinchi bor butunlay zaxira o‘rindig‘ida qolib ketishi emas. «Manchester Siti»ga qarshi derbida ham shunday bo‘lgandi, o‘shanda ten Hag shunday izoh bergandi: «Men Krishtianuni uning faoliyatini hurmat qilganim uchun zaxiradan tushirmadim». O‘shanda «MYu» murabbiyi barcha besh zaxiradan foydalangandi, bu safar esa u yana ikki futbolchini tushirishi mumkin edi, ammo bunday qilmadi.

Ronaldu esa butun ikkinchi bo‘limni chigalyozdi mashqlari bilan o‘tkazdi, o‘yin oxirlarida esa stadion uning sharafiga qo‘shiq kuyladi. Buni muxlislar Krishtianuni maydonga tushirishni so‘rayotgani sifatida baholash ham mumkin edi, ammo ten Hag ularni eshitmadi yoki e’tiborsiz qoldirdi. Murabbiy 87-daqiqada Elanga va Eriksenni maydonga tashladi. Bu vaqtda esa Ronaldu mashg‘ulot nimchasida ularning ortida turardi - mashg‘ulot hududida yoki zaxira o‘rindig‘ida emas. Ikki daqiqa o‘tib u stadiondan ketib qoldi.

O‘yindan keyin ten Hagdan Ronalduning harakati haqida so‘rashdi. Niderlandiyalik shunday javob qaytardi: «Men uni ko‘rdim, ammo gaplashmadim. Bu bilan ertaga shug‘ullanamiz, bugun esa g‘alabani nishonlaylik».

Keyingi kuni esa «Manchester Yunayted» Ronaldu shanba kuni (22 oktyabr) APL doirasida «Chelsi»ga qarshi o‘tkaziladigan o‘yin qaydnomasiga kiritilmaganini rasman e’lon qildi.

Kim qanday reaksiya qildi?

Ko‘plab ekspertlar va muxlislar ijtimoiy tarmoqlarda Krishtianuning harakatini qoralashdi. Masalan, Angliya terma jamoasining sobiq futbolchisi Denni Millz Ronalduning harakatini «mutlaqo sharmandalik» deb atadi va bu bilan Ronaldu o‘zini klubdan yuqori qo‘yganini qayd etdi.

«MYu»ning sobiq havbeki Roy Kin esa klubni tanqid qildi: «Yunayted» o‘zini Ronalduga nisbatan hurmatsizlarcha tutdi. Uni transferlar oynasi vaqtida qo‘yib yuborish mumkin edi. Murabbiy o‘yinda turli variantlardan foydalanish talab etilishini aytmoqda, ammo Krishtianuni zaxira o‘rindig‘ida qoldirish kerak emas. U barcha zamonlarning eng yaxshi futbolchisi. Ten Hag esa Ronalduni o‘ynatmoqchi emas, bu qanchalik ko‘p davom etsa, shunchalik xunuk ko‘rinadi».

«MYu»ning boshqa bir sobiq futbolchisi Patris Evra esa mojaro yo‘q joydan ko‘tarilgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qildi: «Balki u ten Hagga kiyim almashtirish xonasiga ketayotganini aytgandir».

Ronaldu «Tottenhem»ga qarshi o‘yin vaqtida chigalyozdi mashg‘ulotlari o‘tkazmoqda. Foto: Reuters

Futbolchining o‘zi ham so‘nggi voqealardan so‘ng bayonot berdi. 

«Men hurmat bilan yashashga va o‘ynashga harakat qilaman. Faoliyatim davomida hamkasblarim, raqiblarim va murabbiylarimga har doim shunday munosabatda bo‘lganman. Bu o‘zgarmagan. Men o‘zgarmaganman. Hamon o‘sha odamman va o‘sha professionalman. 20 yildan beri katta futbol ichidaman va qarorlar qabul qilish jarayonida hurmat doimo juda muhim rol o‘ynagan. 

Juda yosh paytimdan o‘ynay boshladim, yoshi katta va tajribali o‘yinchilar doim namuna bo‘lgan. Shu bois kelajakda o‘zim ham yoshlarga o‘rnak bo‘lishga harakat qildim. Afsuski, bu har doim ham ilojsiz va ba’zida ehtiroslar bizdan eng yaxshilarini olib qo‘yadi. 

Hozir Karringtonda qattiq ishlash, jamoadoshlarimni qo‘llab-quvvatlash va har qanday o‘yinda hamma narsaga tayyor turishim kerakligini his qilyapman. Bosimga berilish to‘g‘ri yo‘l emas. Bu hech qachon chiqish varianti bo‘lmagan. 

Bu — «Manchester Yunayted» va biz bardoshli bo‘lishimiz kerak. Tez orada yana birga bo‘lamiz», — deb yozdi Ronaldu Instagram'dagi sahifasida.

Buyog‘iga nima bo‘ladi?

Portugaliyalik insayder Pedru Almeyda Krishtianu Ronaldu «Manchester Yunayted» bilan shartnomasini bekor qilishi ehtimoli ortgani haqida yozdi.

The Guardian xabariga ko‘ra, bosh murabbiy ten Hag portugaliyalikni qishda boshqa klubga qo‘yib yuborishga tayyor, ammo muammo futbolchining haftasiga 500 ming funt sterling miqdoridagi yuqori maoshida. Bunday xarajatni kamdan kam klublar ko‘tara oladi.

Bu voqea zamirida klubga ham, futbolchiga ham savollar tug‘iladi. Nega murabbiy yozda Ronalduning jamoada qolishini ta’kidladi? Ko‘rinib turibdiki, u markaziy hujumchi bo‘lib o‘ynashga birinchi nomzod emas. Balki ikkinchi ham bo‘lmasa kerak, chunki Marsiyal ham, Reshford ham bu pozitsiyada o‘ynashi mumkin. Bunday shaxsiyat va maoshga ega futbolchini zaxirada ushlab turish shubhali qaror. Garchi, tan olish kerak, Reshford «Tottenhem»ga qarshi o‘yinda ko‘plab imkoniyatlarni yo‘qqa chiqardi va buni kuzatish juda og‘ir bo‘ldi.

Ronalduga savollar bundan ham ko‘p. Hammasi mavsumoldi yig‘iniga kechikishdan boshlandi, uning sabablari hamon noma’lum. Va «Tottenhem»ga qarshi o‘yindagi qilig‘i bilan yakunlandi. Agar u taqdir taqozosi bilan «Manchester Yunayted»da qolgan bo‘lsa, klubni ham, jamoadoshlarini ham hurmat qilishi kerak. Ilgari Ronaldu kosmik darajada futbol o‘ynagan va uning ko‘p qiliqlari kechirilgan. Tabiiyki, 37 yoshga borib, uning ko‘rsatkichlari pasayib ketdi, ammo his-tuyg‘ulari emas.

Bir tomondan, Ronaldu bunday yoshda sayyoramizning eng raqobatbardosh ligasiga yo‘l olgani hurmatga loyiq. Boshqa tomondan, futbolchining maqomi hozirgi imkoniyatlari bilan ziddiyatga boryapti. Premer-Liga joriy mavsumida u maydonda 340 daqiqa o‘ynab, atigi bitta gol urdi va birorta golli uzatmani amalga oshirmadi. Qolaversa, forvard boshqa hujumchilarga qaraganda to‘psiz o‘yinda unchalik foydali emas.

Ehtimol, Ronaldu atayin ziddiyatga boryapti va jamoani tark etishiga to‘sqinlik qilmasliklari uchun zaxiradan maydonga tushishni istamagan. Yozda ham Krishtianu «Rayo Valekano»ga qarshi o‘yin tugagunga qadar «Old Trafford»dan ketib qolgandi. Keyinchalik u «Manchester Yunayted»ni tark eta olmadi, chunki boshqa klublardan ham taklif bo‘lmadi. Odatda, agar futbolchilar bu yilgi Levandovski yoki o‘tgan yilgi Keyn kabi ketishni istasa, qaysi klublarga o‘tmoqchi ekani oldindan ma’lum bo‘ladi. Lekin hozir Ronalduga da’vogarlarni topish qiyin.

Hujumchiga ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan muhim voqea – bir oydan keyin boshlanadigan jahon chempionati. Ronaldu uchun har qanday holatda ham o‘yin amaliyotisiz qolish alamli. Ustiga-ustak Portugaliyadagi nashrlar uni milliy jamoaning asosiy tarkibida tushirmaslikni so‘ramoqda. Bu yanada yoqimsiz. Aftidan, Ronalduning «Manchester Yunayted»dagi davri nihoyasiga yetmoqda. Va balki nafaqat «Manchester Yunayted»dagi.

Ko‘proq yangiliklar: