O‘zbekistonning 3 karra chempioni Pro ligaga ravona bo‘lishi mumkin. Superligada qolish intrigasi haqida

Sport 18:04 / 20.10.2022 25016

Bu yilgi chempionatda «Surxon», «Lokomotiv», «Qo‘qon-1912» va «Dinamo» Superligada qolish uchun kurash olib bormoqda. Bu jamoalar avvalgi yillarda ham elitada qolish uchun kurashgan, bu yil ular safini O‘zbekistonning uch karra chempioni «Lokomotiv» to‘ldirdi.

Yakunda turnir jadvalida 13 va 14-o‘rindagi klublar Pro ligaga tushib ketsa, 12-o‘rindagi jamoa Pro-ligada 3-o‘rinni egallagan jamoaga qarshi safarda bir o‘yindan iborat pley-off bahsida maydonga tushadi. Quyida jamoalarning bu boradagi imkoniyatlarini chamalaymiz.

11. «Surxon» - 23 ochko

Ispaniyalik murabbiy Anxel Lopes boshqaruvida 13-o‘rinda bo‘lgan «Surxon» Lopesning o‘rnini egallagan Migel Alvares qo‘l ostida 11-o‘ringa ko‘tarilib oldi. Termiz klubi ketma-ket 6 o‘yinlik mag‘lubiyatli seriyasidan so‘ng, autsayder sifatida oxirgi 4 o‘yindan 3tasida g‘alaba qozongani va faqatgina «Paxtakor» bilan durang qayd etgani hayratlanarli natija bo‘ldi. Bunda jamoada bosh menejyer sifatida ish boshlagan Hamidjon Aktamovning ham ta’siri borligi aniq. Ayniqsa, «So‘g‘diyona»ning Jizzaxda mag‘lub etilishi klubni ligada qolish uchun asosiy da’vogarlardan biriga aylantirdi.

Foto: Surxon

E’tiborlisi, baquvvat homiyga ega «Surxon» so‘nggi uch yildirki elitada qolish uchun kurashib, so‘nggi pallada Superligada qolish baxtiga muyassar bo‘lmoqda. Termizliklarni oldinda «Qizilqum», «Bunyodkor», «Dinamo» va «Neftchi»ga qarshi o‘yinlar kutib turibdi. Janubliklar bu bahslardagi ochkolar evaziga turnir jadvalida yanada yuqorilash imkoniyatiga ega bo‘ladi.

So‘nggi 4 turdagi o‘yini:

23-tur: «Surxon» - «Qizilqum»

24-tur: «Bunyodkor» - «Surxon»

25-tur: «Surxon» - «Dinamo»

26-tur: «Neftchi» - «Surxon»

12. «Lokomotiv» - 20 ochko

O‘zbekistonning uch karra chempioni va kubogi sohibi «Lokomotiv»ning joriy mavsum ligada qolish uchun kurash olib borishini tasavvur qilish qiyin edi. Ammo yil boshida bir qator tajribali o‘yinchilar bilan xayrlashgan va jamoani yoshartirish siyosati «temiryo‘lchilar» foydasiga ishlamadi. Murabbiylar qo‘nimsizligi ham har qanday jamoaga o‘z ta’sirini o‘tkazmay qo‘ymaydi. Qolaversa, jamoa sardori Kaxi Maxaradzening kelishilgan o‘yinlar bo‘yicha mojaroli holatga aralashib, futboldan chetlatilgani jamoani har tomonlama noqulay va og‘ir ahvolga soldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Foto: Lokomotiv

Denis Korostichenkodan keyin Server Jeparovga ishonch bildirgan «Loko» rahbariyati futbolimiz afsonasiga ikki oy ham muhlat bermadi – so‘nggi turda «Olimpik»dan uchralgan mag‘lubiyatdan keyin uning o‘rniga Mirko Yyelechichga ishonch bildirildi. Avstraliyalik tajribali mutaxassis uzoq yillardan buyon O‘zbekistonda faoliyat yuritmoqda. «Temiryo‘lchilar» rahbariyati yosh murabbiydan ko‘ra, asli jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha murabbiy sanalmish Yyelechichning tajribasiga ishonishni afzal bilgan ko‘rinadi.

Ammo yangi bosh murabbiy 8 o‘yindan buyon g‘alaba nimaligini bilmay kelayotgan «temiryo‘lchilar»ni Pro liga xavfidan qutqarib qolishiga ishonish qiyin. Sababi esa aniq – qiyin vaziyatdagi «Loko»ni oldinda chempionlik uchun kurashayotgan «Paxtakor» va «Navbahor», Osiyo maydonlarida to‘p surishdan umid uzmagan «So‘g‘diyona» hamda oxirgi 4 o‘yinda 3ta g‘alaba qozongan «Metallurg»ga qarshi «final»lar kutib turibdi. Hozirgi vaziyatda Toshkentning 4-jamoasi bo‘lib turgan «temiryo‘lchilar» 11 yillik tanaffusdan keyin quyi ligaga ravona bo‘ladigan jamoa sifatida gavdalanmoqda. 

So‘nggi 4 turdagi o‘yini:

23-tur: «Paxtakor» - «Lokomotiv»

24-tur: «Lokomotiv» - «Navbahor»

25-tur: «So‘g‘diyona» - «Lokomotiv»

26-tur: «Lokomotiv» - «Metallurg» 

13. «Qo‘qon-1912» - 18 ochko

Qo‘qonliklar birinchi davrani 12 ochko bilan 12-o‘rinda yakunlagach, klub rahbariyati bosh murabbiy Baxtiyor Ashurmatov bilan xayrlashgan, uning o‘rniga esa jamoada yordamchi murabbiy sifatida ishlagan Davron Fayziyev tayinlangan edi. Fayziyev boshqaruvida o‘tgan 9 o‘yinda klub 6ta durang va 3ta mag‘lubiyat qayd etib, 6 ochko yiqqan holda 18 ochko bilan 13-o‘ringa pastladi.

Bu mavsumdagi natijalar yaxshi emasligiga klubdagi moliyaviy holat bilan birga jamoaning o‘z maydonida to‘p surmayotganini ham sabab sifatida keltirish mumkin. To‘g‘ri, «Neftchi» ham xuddi shunday vaziyatda 1-davradan keyin 11 ochko bilan 13-o‘rinda bo‘lib, ayni damda Vitaliy Levchenko qo‘l ostida 26 ochko bilan 10-o‘ringa ko‘tarilib oldi. Ammo farq shundaki, Farg‘ona klubi davralar oralig‘ida murabbiy istagan transferlarni amalga oshira oldi, Qo‘qon jamoasi esa aksincha, aksariyat yetakchilarini o‘z tarkibida olib qololmadi.

Shunga qaramay, «Qo‘qon-1912»ni oldindagi 4 o‘yinda vaziyatni o‘nglash imkoniyatiga ega. Buning uchun klub eng avvalo may oyidan buyon davom etayotgan 14 o‘yinlik g‘alabasiz seriyasiga chek qo‘yishi lozim. Vodiyliklarni «So‘g‘diyona», «Qizilqum», «Bunyodkor» va oxirgi turda «Dinamo» bilan qarama-qarshilik kutib turibdi. Bu o‘yinlar Davron Fayziyev uchun ham o‘ziga xos jiddiy sinovga aylanadi.

So‘nggi 4 turdagi o‘yini:

23-tur: «Qo‘qon-1912» - «So‘g‘diyona»

24-tur: «Qizilqum» - «Qo‘qon-1912»

25-tur: «Qo‘qon-1912» - «Bunyodkor»

26-tur: «Dinamo» - «Qo‘qon-1912»

14. «Dinamo» - 9 ochko

Pro ligadan Superligaga chiqqan «Dinamo» jamoasi bir yildayoq yana quyi ligaga ravona bo‘lishga juda yaqin. Klub matematik jihatdan elitada qolish imkoniyatiga ega bo‘lsa-da, amalda bu endi imkonsiz vazifaga aylanganini barcha tushunib turibdi. Har holda butun mavsum davomida bor-yo‘g‘i bitta g‘alabaga erishgan jamoaning 6 oy o‘tib, qolgan 4 o‘yinda 12 ochko jamg‘arishiga Samarqand klubining eng optimist ishqibozi ham ishonmasligi aniq. Murabbiylar qo‘nimsizligi, transfer siyosatidagi xatoliklar yakunda Samarqanddek katta viloyatni yana Superligasiz qoldirmoqda.

Vadim Abramov shogirdlari mavsum yakunigacha endi ikkita masalaga o‘z ta’sirlarini o‘tkazish imkoniyatiga egalar: «Nasaf»ga qarshi bahsda chempionlik taqdiriga va «Surxon» hamda «Qo‘qon-1912» bilan o‘yinda Pro ligaga qaytishda ularga hamrohlik qiladigan jamoani aniqlab berish masalasi. Har holda ikkinchi davrada bor-yo‘g‘i 2 ochko jamg‘argan «Dinamo»ning yana qandaydir missiyasi qolganiga ishonish qiyin.

So‘nggi 4 turdagi o‘yini:

23-tur: OKMK - «Dinamo»

24-tur: «Nasaf» - «Dinamo»

25-tur: «Surxon» - «Dinamo»

26-tur: «Dinamo» - «Qo‘qon-1912».

Said Usmon

Ko‘proq yangiliklar: