IIV huzuridagi Kiberxavfsizlik markazining xabar berishicha, Qashqadaryo viloyati Kasbi tumanida yashovchi fuqaro S.F. IIBga ariza bilan murojaat qilib aldov yo‘li bilan “foizsiz onlayn kredit” niqobi ostida plastik kartasidagi pullarni yechib olgan shaxsga chora ko‘rishni so‘ragan.
U arizasida, Telegram messenjeri orqali taklif qilingan “Agrobank foizsiz kreditlar“ sarlavhali guruhga kirib, undagi e’lon bo‘yicha onlayn kredit olmoqchi bo‘lib, bank karta ma’lumotlarini havolaga kiritgani, shundan so‘ng uning kartasidagi jami 2,3 million so‘m pullari noma’lum shaxs tomonidan yechib olinganini ma’lum qilgan.
Tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida ushbu jinoyatni Qashqadaryo viloyati Kasbi tumanida yashovchi universitet talabasi, 2002 yilda tug‘ilgan M.M. sodir etgani aniqlangan. Dastlabki surishtiruv davomida uning boshqa jinoiy qilmishlari ham fosh etilgan.
Qayd etilishicha, M.M.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq, Koson tumanida bog‘cha tarbiyachisi o‘z hamkasblarining bank kartasidagi pullarni o‘g‘irlagandi.