Qashqadaryo televideniyesida uzatilgan videolavhada xabar berilishicha, 2022 yil 12 oktyabr kuni IIB huquqni himoya qilish organlari tomonidan Koson tumanida yashovchi vaqtincha ishsiz bo‘lgan fuqaro T.ning ko‘p miqdorda soxta so‘m kupyuralarini yashirin ravishda o‘tkazayotgani haqida tezkor ma’lumot olingan.
Soxta pullarni muomalaga kiritishning oldini olish maqsadida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbir davomida shartli xaridor fuqaro T. bilan 500 million so‘m qalbaki pullarni 125 million so‘mga sotib olishni kelishadi.
Fuqaro shartli xaridorga 300 million so‘m qalbaki pulni keyinroq yetkazib berishni va’da qilib, qolgan 200 million so‘m soxta pulni berayotganida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Dastlabki surishtiruvda, soxta pullarni Turdiyevga Koson tumanida yashovchi ikki nafar shaxs yetkazib bergani aniqlangan. Shundan so‘ng tezkor tadbir davom ettirilib, ular ham qo‘lga olingan.
Keyingi surishtiruvlarda bu ikki nafar fuqarolarga soxta pullarni Koson tumanida yashovchi, 2020 yilda Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan aybdor deb topilib qamalgan va ayni damda Qamashi tumani jazoni ijro etish koloniyasida jazo muddatini o‘tayotgan mahbus G‘. yetkazib bergani aniqlangan.
Olib borilgan surishtiruvlar davomida soxta pul yasovchi shaxs G‘. foydalangan turli uskuna va maxsus qog‘ozlar protsessual tarzda rasmiylashtirib olingan.