Xiyonat. U kim tomonidan bo‘lishidan qat’iy nazar, dahshatli zarba. Oilada u sabab keladigan rashk, nafrat, alam oqibati esa undan-da dahshatli bo‘lishi mumkin. “Mahkuma” loyihasining bugungi qahramoni shu tufayli 8 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.
“Niyatim erimdan o‘ch olish edi...”
— O‘z erimning katta miqdordagi pulini o‘g‘irlaganman. O‘g‘irlangan pul 715 ming AQSh dollari edi. O‘sha paytda rashk, xiyonat, alam tufayli ko‘zimga hech narsa ko‘rinmagan. Erimning ketma-ket xiyonati, ruhiy, iqtisodiy bosimlari ostida qasddan jinoyat sodir qildim.
3 nafar farzandim bor. Jarblanuvchi tomon farzandlarimning otasi bo‘lgan. Keyinchalik katta xato qilganimni tushundim, ammo o‘sha vaqtda ko‘zimga hech narsa ko‘rinmagan. Niyatim faqat o‘ch olish bo‘lib, qasddan jinoyat qilganman.
Jinoyat kodeksining 169-moddasi 4-qismi (juda ko‘p miqdordagi o‘g‘rilik – tahr.) bilan 8 yilga ozodlikdan mahrum etilganman. Jinoyatimga yillar davomida bo‘lib kelgan oilaviy nizolar sabab bo‘lgan.
Erim tadbirkorlik bilan shug‘ullanardi, dunyo kezishni yoqtirardi. Turmushim davomida ruhiy, iqtisodiy tazyiqlar ostida yashadim. Shuncha puli bor odam qanday qilib iqtisodiy bosim qilishi mumkin, dersiz. Lekin menga shaxsiy xarajatlarim uchun pul berishni istamasdi, o‘zim uchun nimadir olishimga imkonim bo‘masdi, har bir harakatim yoki ishim tanqid ostiga olinardi.
Yaqin dugonamning erim bilan munosabatlari borligini sezganman. Erim bilan ochiqchasiga gaplashib olmoqchi bo‘lganimda: “Istasang shu, istamasang katta ko‘cha” degan javobni oldim. Shundan keyin arazlab, farzandlarim bilan ota uyimga ketdim. Bizdan umuman xabar olmay qo‘ydi. Bundan bir g‘azablansam, erimga “jazman” bo‘lgan dugonamning qimmatbaho mashinalarda yurgani, eng qimmat kiyimlarni kiyayotganini ko‘rib battar alam qilardi. Bu narsa nafratga, nafrat esa qasddan jinoyat sodir qilishga olib keldi.
Jinoiy sherigim ham bo‘lgan. Turmush o‘rtog‘imning haydovchisi bilan til biriktirgan holda reja tuzdim. Erimning pullari qayerda saqlanishini tushuntirdim, seyfning kalitini berdim. U menga uyimdan 715 ming AQSh dollarini olib chiqib bergan. Hozir ikkalamiz ham qamoqdamiz. “Al qasos-u minal Haq” degan gapni unutib qo‘ygan ekanman.
“O‘g‘irlangan pulga olingan mulklarni erimga qaytarib berdim”
— Qamalganimga 3 yil-u 2 oy bo‘ldi. Shuncha vaqt bolalarimni ko‘rmadim. Ona uchun bu sudyaning bergan muddatidan ham og‘irroq jazo. Chunki ularga eng kerak paytimda panjara ortidaman. Farzandlarimning kelajagiga ta’sir qiladigan ish qilganimdan pushaymonman.
Erimdan o‘g‘irlangan pullarga katta miqdorda ko‘chmas mulk sotib olgandim: bir nechta uylar, fitnes zallari, yerlar deganday. Sudda bularning hammasini erimning o‘ziga qaytarib, nomiga o‘tkazib berdim. Bu mulklarning bir qismi menga tegishli ekani, qaysidir ma’noda o‘sha pulda haqqim borliginiyam aytishdi, lekin istamadim – baribir buyurmas ekan. Endi egri yo‘ldan yurishni xohlamayman.
Agar vaqt orqaga qaytganda o‘sha vaziyatdan sabr bilan chiqib ketardim. Ba’zida sabr ham inson hayotida katta o‘rin tutar ekan. O‘zimga o‘zim zulm qildim deb o‘ylayman.
Ayolning jinoyatga qo‘l urishida erkakning ham mas’uliyatsizligi bor
— Qiz bola dunyoga kelganda uning hayoti uchun ota-onasi mas’ul bo‘lsa, turmushga chiqqach bu javobgarlik erining zimmasiga o‘tadi. Bu yerdagi aksariyat ayollarning eri yo‘q. Ilgari bo‘lgandir, lekin qamalgandan keyin ko‘pchiligi ajrashishganiga guvoh bo‘ldim. Ko‘p jinoyatlar ayollarning erkak kishiga suyana olmasligidan, erkaklarning mas’uliyatsizligidan kelib chiqadi.
O‘zimga o‘zim zulm qildim deb o‘ylayman. Farzandlarimning kulgusini ko‘rishdan mosuvo bo‘ldim. Ertalab turaman, xayolimda bolalarim nonushta qildimikan, nima yedi ekan, degan fikr tark etmaydi. O‘zim bu yerdaman, lekin bir nafas ham ularni o‘ylamay yasholmayman.
Hozir ular buvisi bilan yashashadi, turmush o‘rtog‘im boshqaga uylangan. Moddiy tomondan farzandlarimning kami yo‘q. Lekin men tufayli ular onasiz o‘sishyapti.
Gulmira Toshniyozova suhbatlashdi.
Tasvirchilar: Abduqodir To‘lqinov, Muhiddin Nido.