Kun.uz oldinroq Navoiy viloyati, Xatirchi tumanining Oqtepa qishlog‘ida maktabga tog‘ osha eshakda qatnaydigan Davlat Xursanov haqida lavha tayyorlagandi. Lavha e’lon qilingach, Toshkent shahrida yashovchi bir inson (ismini oshkor qilishimizni istamadi) tahririyat bilan bog‘lanib, Davlatga ehson qilmoqchi ekanligini bildirdi.
Davlat o‘z intervyusida tog‘da pista terib, mototsikl uchun pul yig‘ganini, ammo akasi Shamshod Xursanov oliygoh talabasi bo‘lgach, jamg‘argan pulini unga berganligini aytib o‘tgandi. Davlatning orzusi ushaldi. Unga tog‘da yurishga moslashgan zamonaviy mototsikl sovg‘a qilindi.
Davlat Xursanov Xatirchi tumanidagi 30-umumta’lim maktabining 10-sinf o‘quvchisi. U maktabga olisdan – tog‘lar orasidan eshakda qatnaydi. Akasi Shamshod Xursanov shu yil maktabni tamomlab, talaba bo‘lgan. Aka-uka yoshligidan bir eshakka mingashib, har kuni 16 km yo‘l bosganicha maktabga borib-kelishgan.