Ma’lum bo‘lishicha, avvallari ham bunday itlar hududda ko‘p bo‘lgan. Oxirgi vaqtlarda esa son jihatidan ko‘payib dalada yurgan chorvalarga hujum qila boshlagan. Tunda xonadonlardagi qo‘ralarni oralagan itlar qo‘y va parrandalarni nobud qilishga o‘tgan.
Chorvaning chalajon qilib ketilishi bilan bog‘liq holat 9 oktyabrda sodir bo‘lgan. Nobud bo‘lgan qo‘ylar soni esa kundan kunga ortib bormoqda.
Daydi itlar Qurbonali Bakirovning tovuq va kurkalarini yeb ketgan. 14 oktyabr kuni esa qo‘yi chalajon qilib g‘ajib tashlangan.
«Yovvoyi itlar qo‘y va tovuqlarga hujum qilyapti. Ular kundan kunga quturib borishyapti. Ularni deb tunda tashqariga chiqishga ham qo‘rqib qoldik. Kecha bo‘lgan voqea: qo‘yimizni majaqlab ketishdi. Jiddiy jarohatlangan qo‘y tirik qoladimi, bu — dargumon. Qo‘limizdan kelganicha davolayapmiz.
Faqat bizning emas, qo‘ni-qo‘shnilarning ham parranda va qo‘ylarini yeb ketdi. Odatda tunda ham ishda bo‘laman. Oilam uyda bo‘ladi. Tunda qo‘ng‘iroq qilishib, hovliga bo‘ri va itlar kirgani haqida aytishyapti. Qishloqda azaldan chiyabo‘rilar bo‘lgan. Oxirgi 10 kun ichida daydi itlar ham paydo bo‘ldi. Tunda 4–5 daydi it gala bo‘lib yuribdi. Kecha ularni hovlida ko‘rib qolib, haydab chiqardim. Oxirgi hafta ichida 3 bosh qo‘yga ziyon yetdi. G‘ajib tashlangan qo‘ylarning hammasi nobud bo‘ldi», – deydi u.
Ahrorbek Jumashevning aytishicha, itlar galasi yegulik izlab uylarning ichigacha kirib ketmoqda.
«Bundan bir yarim yillarcha avval qishlog‘imizda gala itlar paydo bo‘la boshladi. Mahallamizda tinchlik yo‘q. Hatto hovlimizdagi makka-yu kepaklargacha yeb ketishadi. Yurib turgan tovuqni ham «urib» ketishyapti. Kerak bo‘lsa uyimizning ichigacha kirib ketadi itlar. Mana shu mahallada Ne’mat ismli qishloqdoshimning qo‘yini 4 ta it talab ketdi. Biz qo‘yni bazo‘r qutqarib oldik. Ajratib olmaganimizda yeb bitirishgan bo‘lardi.
Tunda gala it izg‘ib yurganidan ko‘chaga chiqqaniyam qo‘rqadi odam. Kechasi ko‘pchilik ishdan uyiga qaytadi. Mas’ul idoralardan bizga bu muammoni bartaraf qilishlarida ko‘mak so‘raymiz.
Yaqinda qo‘y so‘ydirgan edim. Go‘shtini oshxonaga olib kirgunimizcha, boshqa a’zolarini itlar ko‘tarib qochishdi», — deydi u.
Daydi itlar Gullola Isaqovaga tegishli qo‘yning dumbasini g‘ajib tashlagach, oila boshlig‘i joni qiynalgan qo‘yni so‘yib, ko‘mib yuborgan.
«Qo‘yimizni dalaga haydab boqar edik. Hovli yumushlari bilan band bo‘lib e’tibor bermay qolibmiz, jiyanim qo‘yimizni itlar quvlab yurgani haqida aytdi. Darhol qo‘y tomon yugurdik. Ikki qo‘y qaytib keldi. Biri yo‘q edi.
Qidirib borib qo‘ylarimizdan birini dumbasi yorilgan chalajon holatda ko‘rdik. Bechora qo‘yim shu holatda qonini oqizib yonimizga yurib keldi. O‘g‘lim daydi itlar ortidan quvladi. Ular qochib qolishdi. Jonivor holatini ko‘rib ichimiz achishib, ortiq azoblanmasligi uchun uni so‘yib ko‘mib tashladik. Shu voqeadan keyin ham qo‘shnimning ikki tovug‘ini «urib» ketishdi», — deydi u.
Hakimaxon Kamolovaning esa ko‘z o‘ngida qo‘ylardan biri itlar hujumiga uchragan.
«Kuni kecha bo‘lgan holat. Qo‘limda yosh bolam bor edi. Daydi itlar qo‘ylardan birining atrofini o‘rab olganini ko‘rib, o‘sha tomonga yugurdim. Yetib borgunimcha qo‘yni talab tashlashdi. Kesak otib haydab, bazo‘r ajratib oldim. Atrofga salanglab yordam so‘rab baqirdim. Baxtga qarshi hech kim yo‘q edi. Qo‘y tuproqqa belanib, tipirchilab yotardi.
Yovvoyi itlar ko‘pchilikning parrandasini ham yeb bitirdi», – deydi u.
Qishloq ahli nobud bo‘layotgan chorvalar soni kundan kunga ortib borayotganidan tashvishda. Mutasaddi idoralar tomonidan masalaga jiddiy e’tibor qaratilmasa, vaziyat bundan-da yomonroq bo‘lishi mumkin.
Chorva hayvonlarining yirtqichlar tomonidan nobud qilinish holati avvalroq Farg‘ona tumanining Xonqiz qishlog‘ida ham sodir bo‘lgan edi. Noma’lum yirtqichlar aholi chorvalariga qiron keltirgan va ma’lum muddat o‘tib, ular ushlab yo‘q qilingan.
Sarvar Ziyayev, Kun.uz muxbiri
Montaj ustasi: Jahongir Aliboyev.