“To‘qayev bilan raqobatlasha oladigan nomzod ko‘rmayapman” - Qozog‘istonlik ekspert bilan bo‘lajak saylovlar haqida suhbat

Jamiyat 16:20 / 17.10.2022 12319

20 noyabr – Qozog‘istonda muddatidan avval prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tadi. 11 oktyabr kuni mamlakatda prezidentlikka nomzodlarni ko‘rsatish jarayoni yakunlandi. Hozircha Markaziy saylov komissiyasi prezidentlikka nomzod sifatida 12 kishini ro‘yxatga oldi – ro‘yxatga olish 21 oktyabrgacha davom etadi.

Bu saylov mamlakatdagi siyosiy tizimni o‘zgartiradigan, iqtisodiy o‘sishga, fuqarolar farovonligi va turmush sharoitlarini yaxshilashga xizmat qiladigan jarayon sifatida ko‘rilmoqda. Amaldagi prezident Qosim-Jo‘mart To‘qayev tomonidan shunga va’da berilmoqda.

Kun.uz muxbiri Qozog‘istonda o‘tadigan prezidentlik saylovi, qozoq jamiyatida bu jarayonga bo‘lgan qarash, nomzodlar, unda muxolifatga qanchalik yo‘l berilgani, shuningdek, Qozog‘iston va O‘zbekiston aloqalariga oid qator savollar bilan qozog‘istonlik tahlilchi Saparboy Jubayevga yuzlandi.

— Saparboy aka, yaqinlashayotgan prezidentlik sayloviga qozoq jamiyatining e’tibori, munosabati qanaqa? To‘qayevning imkoniyatlari tushunarli, saylovda qatnashayotgan boshqa nomzodlarning imkoniyatlari qanday? Muxolifatga yo‘l berilganmi?

Qandaydir intrigalar kutilyaptimi?

— Fikrimcha, Qozog‘istonda navbatdan tashqari saylovlar o‘tkazilishiga yil boshidagi terroristik harakatlar ham sabab bo‘ldi.

Saparboy Jubayev

To‘qayevning prezidentlik muddati kelgusi yili tugashi kerak edi. Ammo bo‘lib o‘tgan ana shu hodisalar fonida prezident bir yilda ikki bor xalqqa murojaat yo‘lladi. To‘qayev shulardan birinchisida konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish haqida taklif kiritdi va biz uni referendumlar orqali qabul qildik. Ikkinchi chiqishda esa noyabr oyining yigirmanchi kuni muddatidan oldin prezidentlik saylovlari o‘tkazilishi belgilandi.

Bularning mohiyatida bo‘layotgan katta o‘zgarishlar davomida prezident xalq o‘zi bilanmi yoki bunga zid fikrdaligini aniqlagan bo‘lsa, ikkinchi tomondan xalq orasida ham turfa fikrlilar bor. Sababi 8 yilda ikki bor qayta saylanish imkoniyati bo‘laturib, nima sababdan yetti yilda bir marta saylov o‘zgartirishi kiritilmoqda. Ikkalasining farqi yo‘q-ku, degan tushunchalar ham bor.

Shaxsiy fikrimni aytadigan bo‘lsam, bugungi kunda xalq To‘qayevga katta umidlar bilan ko‘z tikib turibdi. Shuning uchun ham To‘qayev xalq ishonchi bilan yetti yilga saylanib, o‘zining ko‘zlagan niyatlarini amalga oshirishga urinib ko‘radi. Bundan tashqari, yanvar oyidagi terroristik harakatlar vaqtida 200 dan ortiq odam halok bo‘lishida qisman To‘qayevni ham ayblaydiganlar yo‘q emas. Ular nima uchun bu jinoyatlarga sud hukmi o‘qilmay turib, qayta saylov o‘tkazishmoqchi degan savollarni ham berishmoqda.

Qozog‘iston prezidentligiga nomzodlar

Nomzodlar masalasiga to‘xtaladigan bo‘lsam, siz aytgan 12 ta odam prezidentlikka nomzodini ko‘rsatish bo‘yicha ariza bilan murojaat qilgan, ammo hozircha ularning yettitasigina saylovlarda ishtirok etish uchun ma’qullandi. Nomzod bo‘lish uchun belgilangan talablar bor. Uni belgilangan muddatda bajara olgan insongina nomzod sifatida ko‘rsatilishi mumkin. Bu jarayon hali 21 oktyabrga qadar davom ettiriladi. Talablar u qadar qiyin emas:

1) Nomzod 3 mln tenge pul to‘lashi kerak;

2) Qozog‘istonda tug‘ilgan bo‘lishi kerak;

3) Shu hududda 15 yil istiqomat qilgan bo‘lishi kerak;

4) Ma’lumoti oliy bo‘lishi kerak;

5) 40 yoshdan katta bo‘lishi kerak;

6) Davlat ishida 5 yillik tajribaga ega bo‘lishi kerak;

7) Qozoq tilini yaxshi bilishi kerak;

8) 118 ming odamning o‘zi tarafdorligidagi imzosini yig‘ishi kerak. Bu bir joydan bo‘lmasligi kerak.

— Siz aytdingizki, saylovlarda ishtirok etishi uchun nomzod kamida besh yil davlat organlarida faoliyat yuritgan bo‘lishi kerak deb. Buni bo‘lajak saylovlarga muxolifatni yaqinlashtirmaslik chorasi deyish mumkinmi?

— Shunday desa ham bo‘ladi. Bizning oldingi hokimiyat ham hech qachon muxolifatni ishga olmagan yoki saylagan emas.

Bundan tashqari, qonunchilikdagi siz aytgan – nomzodning turli hududlardan ma’lum qo‘llovga ega bo‘lishi va ularning imzo yig‘ish talabi ham saylovda qatnashishni xohlagan tashabbuskorlarning ishini qiyinlashtirib qo‘yadi.

— Bu ham to‘g‘ri, lekin bundan ko‘zlangan asosiy maqsad bu yerda mamlakatning turli hududida sizni qo‘llaydigan odamning bo‘lishi nazarda tutilmoqda. Bu mening to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri hisoblashimda emas, balki qonun shunaqa. Yuqoridagi talablarni 21 oktyabrgacha bajargan nomzodlarning arizalari ma’qullanadi.

Lekin mana shu ko‘rilayotgan sakkizta nomzodlarni tahlil qilib ko‘rganimda, To‘qayev bilan raqobatlasha oladigan nomzod yo‘qligiga guvoh bo‘ldim. Bundan tashqari, oppozitsion guruhlar ham birlashib, biz ham nomzod ko‘rsatamiz, deyishgan. Ammo o‘zaro kelishib, bir nomzodni ko‘rsata olishgani yo‘q. Balki, belgilangan muddatgacha ko‘rsatilgan shartlarni bajarib, kerakli ovozni yig‘a olsa va bir kishini tanlashsa, ular ham saylov jarayonlarida ishtirok etishi mumkin.

Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Nuriddin Nursaidov.

Ko‘proq yangiliklar: