Jamiyat, insoniyat rivojiga hissa qo‘shayotgan insonlar bilan suhbatlashsangiz, ularning bu darajaga yetishishida otasi yoki onasining, oilasining asosiy o‘rin egallashi guvohi bo‘lasiz.
Bugun shunday insonlardan biri — Abdulla Oripovning otasi haqida suhbatlashamiz. O‘zbekiston xalq shoirining (oxiratlari obod bo‘lsin!) otasi qanday inson bo‘lganligi haqida qizi (shoirning singlisi) Bibisora Oripova o‘z xotiralari bilan bo‘lishdi.
Bibisora Oripova, NNT «Rahmdillik» jamiyati direktori, «Sog‘lom avlod» ordeni bilan mukofotlangan.
Otam 1905 yilda tug‘ilgan. Biz oilada 8 nafar tug‘ishgan bo‘lsak-da, jami 10 dan ortiq farzand edik. Otam ularni kichkinaligida asrab olgan. Onamning ularni yaxshi ko‘rishimiz kerakligi va teng huquqli oila a’zolari ekanligimiz haqidagi so‘zlari sababmi, xullas ular bilan tug‘ishgandek yashardik va bir-birimizni yaxshi ko‘rardik. Bu borada otam juda muruvvatli, onam esa mehribon edilar.
Oilada otam qattiqqo‘l, shu bilan birga sevimli boshliq edi. Biz u kishini kechgacha kutib o‘tirar, kelsalar oldiga yugurib chiqardik. Ertalab esa sig‘ganimizcha tizzalariga o‘tirg‘izib olardilar. Hammamizga nisbatan juda yaxshi, mehribon ota edi. Biz u kishidan qo‘rqqanimiz uchun emas, aksincha juda yaxshi ko‘rganimiz uchun xafa qilib qo‘ymaslikka harakat qilardik.
Onamga nisbatan o‘ta samimiy munosabatda bo‘lib, hurmatlarini joyiga qo‘yardilar. Ularning o‘zaro tortishganlarini ham eslay olmayman. Munosabatlarida bachkanalik va ortiqcha mulozamat ko‘rmaganman. Onamning oiladagi rolini alohida hurmat qilardi. O‘zlari mehribon bo‘lish bilan birga bizdan ham onamizga shunday munosabatda bo‘lishni talab qilardi.
Padarim mening eng qadrdon kishim edi. Onam o‘lganlaridan so‘ng biz 3 kishi otam va katta akamning oilasi bilan birga qoldik. Otam bizning sirdoshimiz, mehribonimiz edi. O‘zaro muammolarni bemalol yechar edik. Istaklarimizni hurmat qilardilar va muhokama qilib yechimini topishga yordam berardilar. U kishining qiyofasini chizganimda butun hayotimdagi ijobiy obrazlarni ko‘raman.
Shaxs bo‘lib shakllanishimda va kasbiy muvaffaqiyatimda ham ota-onamning roli juda katta. Chunki ular mening o‘z dunyom bilan shakllanishimda ma’naviy ozuqa berdilar. Onam insonlarni yaxshi ko‘rishni o‘z timsolida ko‘rsatgan bo‘lsa, otam shiddatni o‘rgatdi. Doim yuksaklikka undardi, intilganga tole yor, shunday ishlaginki, uzatgan qo‘ling yetsin, agar yetishiga ko‘zing yetmasa, qo‘lingni cho‘zma, der edi, ammo men senda eng shiddatli, bilimdon mehnatkash va boshqaruvchi ayol obrazini ko‘rishni xohlayman, der edi.
Hayotning past-balandlarini ham otamdan o‘rgandim. Ozgina yutug‘imdan quvonar, yanada ko‘proq va balandrog‘iga erishishimga undar edi. Onamdan esa noziklik, oilaga muhabbat, sadoqatni, mehribonlikni o‘rgandim. Oilamizning obro‘si otamning tinchligi va sog‘lig‘i akalarim va opa-singillarga mehr-oqibatli bo‘lishni ham onam o‘rgatdi.
Sizga bir narsa aytaman, otam o‘tganlaridan so‘ng men o‘z tashkilotimning bir bo‘lagini qishlog‘imizda ochib, ular bilan ishladim va otam to‘g‘risida ozroq anonim so‘rovnoma o‘tkazdim. O‘zim uchun, chunki men Samarqandga o‘qishga ketmasimdan oldin 2 yil feldsher bo‘lib ishlagandim uzoq qishloqlarga ham borar edim. Men u yerlardagi muloqotlardan so‘ng otamning buyuk inson ekanligi guvohi bo‘ldim.
Meni shifokor sifatida emas, otamning qizi sifatida qabul qilishardi. Sababini so‘rasam u kishi bizning oilamizni urush vaqtida saqlab qolgan, deyishardi. Men esa o‘z otamdan g‘ururlanardim, chunki ular otam to‘g‘risida mehr-muhabbat bilan gapirardilar. Ko‘pchilik otamni «Rais buva», «Ubaydullayev» deb aytsalar yana ko‘pchiligi «tog‘a» deb ham atashardi.
O‘tganlaridan so‘ng odamlar tengi yo‘q yo‘lboshchi edi, o‘z otasidan ham ulug‘ edi, deyishgan. Mana shunday insonning bolasi bo‘lganimdan xursand bo‘lib, bir umrga u kishiga o‘xshashga harakat qildim. Akam Abdulla Oripov «sen otamning ishlarini davom ettirding, men bundan xursandman», deb ko‘p aytardilar.
Hozir ham otamning barcha nevara-chevaralariga ular to‘g‘risida kunda gapirib beraman, deyarli barchasi otamning nomidagi familiyada, ularni bu nomni ulug‘lashga chaqiraman.
Otam eng kuchli tarbiyachi, eng kuchli boshqaruvchi, eng sadoqatli umr yo‘ldosh, eng mehribon ota, uzoqni ko‘ra bilgan, genderni tan olgan eng kuchli kishi va qo‘yingki, men uchun tengsiz sirdosh, yo‘l ko‘rsatuvchi, sof vijdonli bo‘lishga undagan odam!
1961 yilda maktabni a’lo bahoga bitirdim (u vaqtlarda qizlar maktabni zo‘rg‘a bitirishar, o‘qishga borish qizlar uchun mumkin emas edi). O‘qishni davom ettirish niyatida edim. Bu masalani faqat otam bilan yechishim mumkinligini bilib, u kishiga tushuntirdim. Negadir jim bo‘lib qoldilar, ammo yuzlarida tabassum bor edi. Menda umid kurtaklari uyg‘ondi.
Keyingi kuni u kishi ruxsat berdilar, Abdulla akam ta’tilga kelgandilar. Hujjatlarni yig‘ib pedagogika institutiga bordik, ammo meni qabul qilishmadi, chunki yoshim yetmas ekan. Abdulla akam katta akamga maslahat soldi. U kishi tumanda katta lavozimda ishlardilar. Ularning iltimosiga binoan guvohnomamni bir oyga surib almashtirib berishdi, ammo yana bir oy yetishmaydi, deya hujjatlarimni qabul qilishmadi.
Akam yur, texnikumga topshiramiz, boshqa yo‘li yo‘q. Qishloqqa qaytib borsang bir umrga o‘qimaysan, dedilar. Shunday qilib, tibbiyot texnikumiga o‘qishga kirdim. Ikki yillik o‘qishdan so‘ng imtiyozli diplom bilan qishlog‘imga qaytib, bir yil ambulatoriyada feldsher bo‘lib ishladim.
Ammo ish meni qoniqtirmasdi, bu haqda onamga aytdim, nega dedilar. «Ena, men hech fikrlamayman, faqat bajaraman, bu menga yoqmaydi», dedim.
U kishi menga nasihat qildilar: «qishloqda shifokor yo‘q, sen xalqqa yordam berishing kerak». Men buning uchun dorilar yo‘qligini aytdim. Onam menga tez yordam uchun dori olib kelishimga pul berdi. Yoqmasa ham ishlashda davom etdim.
Talaba akam Toshkentda kasalxonaga tushib qoldi. Otam ularning oldilariga jo‘nab ketdi. Qaytib kelganidan so‘ng menga shifokor bo‘lishni xohlaysanmi, dedilar ha dedim. Tayyorgarligingni ko‘r seni o‘qishga yuboraman, dedilar.
Men: «ota, kimyoni chuqur bilmayman», deganimda, «qishlog‘imizdagi yaqindagina kimyo fakultetini bitirib kelgan o‘qituvchiga iltimos qilamiz, senga yordam beradi», dedilar. ToshMIning qiz talabalari bilan gaplashib, ularning intizomini ko‘rib, meni ham o‘qitishga qaror qilgan ekanlar.
Seni Toshkentga emas, Samarqandga jo‘nataman, dedilar. Chunki uchinchi akam Samarqandda aspiranturada o‘qir edi. Onamga xavotir olma, akasi qaraydi, dedilar. Katta akam norozilik bildirdi: «ana, pedagogika instituti shunda o‘qiy qolsin», dedilar.
Otam esa «yo‘q, bu vrach bo‘lish uchun o‘qiydi», dedilar.
Akam yana yiqilsa, sharmanda bo‘lamiz, deb qo‘rqayotgan ekan.
Otam «ishidan ta’til oladi hech kimga aytmaymiz», dedilar va yangam bilan birga Samarqandga yubordilar.
Men hujjatlarimni topshirdim. 3 ta imtihondan o‘tib, 1965 yilda SamMIning davolash fakultetiga qabul qilindim. U vaqtlar tanish-bilish degan gaplar yo‘q edi. Men uyga qaytdim, onamni juda sog‘ingan edim. Erkalanib, siz meni sog‘inmadingiz, deya yig‘ladim. Qo‘ni-qo‘shnilar chiqishdi, onamni tabriklashdi, meni maqtashdi, onam esa g‘urur bilan ayollarga, uni men tug‘ganman, dedilar.
Men onamdan birinchi marta shunday gap eshitganim uchun boshqacha bo‘lib ketdim. Chunki u kishi sira maqtamasdilar. Onam juda suyukli, nozik didli, farishtadek edilar, men u kishini eslasam hanuzgacha yig‘layman...
O‘qishga ketgunimcha ota-onam pul berishdi va otam agar sen shu institutni ham imtiyozli diplom bilan bitirsang barcha dugonalaringga ziyofat beraman dedilar. Men kechayu-kunduz berilib o‘qidim, chunki otamning ishonchini oqlashim kerak edi.
Institutni ham imtiyozli diplom bilan tamomladim, ammo 6 yil davomida va keyin ham otam biron marta kelmadilar. Shunda u kishiga «nega so‘z berdingiz-u, bir bor xabar olmadingiz», deganimda «men sening va’dangni bajarishingni bilardim», dedilar. Qizil diplom olganim uchun xirurgiya kafedrasida qoldirishdi.
2 yildan so‘ng institut meni Moskvaga aspiranturaga yubormoqchi bo‘ldi. Bu vaqtda esa men turmushga chiqqan, bir nafar bolaning onasi edim. Tabiiyki, turmush o‘rtog‘im rozi bo‘lmadi. Akalarim, mayli, oilang buzilmasin, deyishdi. Ammo otam olti oy men bilan gaplashmadi.
Nega bunday qilyapsiz, desam, «sen o‘qishga bormaganing uchun xafa bo‘ldim, men senda kuchli ayol obrazini ko‘rishni xohlardim», dedilar. «Ota, mening onam bo‘lmasa, bolamni o‘yladim», desam, «borsang, bolangga men o‘zim qarardim», dedilar.
Shu inson mening otam edi! Biz yana apoq-chapoq bo‘lib ketdik va yana mening hayotimdagi muvaffaqiyatlarimga o‘zlarining behisob hissalarini qo‘shdilar. Men kecha-yu kunduz u kishini eslayman va shunday odamning qizi bo‘lganligimdan faxrlanaman!
Charos Mannonova suhbatlashdi.