Samarqandda tadbirkorlarning huquqlarini buzganlar qanday jazolanmoqda?

Jamiyat 13:45 / 17.10.2022 7167

22 avgust kuni o‘tkazilgan tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida prezident tomonidan bugungi kunda o‘zini yechimini kutayotgan 5 ta yo‘nalish bo‘yicha tashabbus va takliflar e’lon qilindi. Prezident boshqa sohalar qatorida Biznes ombudsman oldiga ham qator vazifalar qo‘ydi.

Jumladan, ikki oy muddat ichida Biznes ombudsman Soliq qo‘mitasi bilan birgalikda ilk marta xato qilgan kichik biznes vakillariga nisbatan jazo chorasi qo‘llamaslik, shuningdek soliq jarimalari miqdorini ular tomonidan to‘lanayotgan soliq miqdoriga mutanosib ravishda belgilash bo‘yicha Adliya vazirligi bilan birgalikda tadbirkorlarning takliflarini chuqur o‘rganib, tekshiruvlarning muddatlarini qisqartirish, moliyaviy xato va kamchiliklarning minimal chegaraviy miqdorini belgilash, tekshiruv jarayonlaripdan tadbirkorni xabardor qilish va shikoyatlarni ochiq-oshkora ko‘rib chiqish bo‘yicha qonun loyihalarini ishlab chiqadi.

2023 yildan e’tiboran tadbirkorlar murojaatlarini 24 soat qabul qiladigan kraud-sorsing platformasi — Tadbirkor virtual ofisini ishga tushiriladi. Biznes ombudsman ushbu tizim orqali tadbirkorlar murojaatlarini qabul qilishi, ijrosini nazorat qilishi va tadbirkorlar huquqlarini buzganlarni jazolab borishi belgilangan.

Ochiq muloqotda joriy yil 1 noyabrdan har qanday tekshirishlar faqat va faqat Biznes ombudsmanda yangi ishga tushiriladigan elektron platforma orqali amalga oshirilishi, barcha turdagi tekshiruvlar Biznes ombudsman tomonidan muvofiqlashtirilishi kerakligi ta’kidlandi.

Xo‘sh, joylarda Biznes ombudsman devoni qanday ishlamoqda? 2022 yilning o‘tgan davrida Biznes ombudsman devonining Samarqand viloyatida faoliyat ko‘rsatuvchi xodimlariga jami 321 ta murojaat kelib tushgani ma’lum qilindi. Murojaatlarning 279 tasi ko‘rib chiqilgan, 85 tasi qanoatlantirilgan, 194 ta murojaat yuzasidan huquqiy tushuntirishlar berilgan.

Kelib tushgan murojaatlarning asosiy qismi yer va binolar, soliq munosabatlariga oid, sud qarorlari, sud va boshqa organlar qarorlari ijrosi, ruxsatnomalar, litsenziyalar va hujjatlarni rasmiylashtirish, bank, moliya va kredit masalalari, infratuzilma bilan bog‘liq, surishtiruv-tergov masalalariga oid murojaatlarni tashkil qildi.

Murojaatlarni o‘rganish jarayonida ularda keltirilgan vajlar chuqur o‘rganilmoqda. Vakil devoni xodimlari tomonidan «Business» MChJning (nomi o‘zgartirilgan) litsenziya olishda yuzaga kelayotgan to‘siq borasida qilgan murojaati o‘rganib chiqildi.

Mazkur murojaatni o‘rganish davomida Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi Samarqand viloyati hududiy bo‘limi xodimi tomonidan tadbirkorning murojaati «Lisenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida»gi qonun talabiga zid ravishda rad qilingani aniqlanib, ushbu holat bo‘yicha aybdor xodimga nisbatan BHMning 5 barobari miqdorida ma’muriy jazo chorasi qo‘llanishi hamda tadbirkorga tegishli litsenziya rasmiylashtirib berilishi ta’minlangan.

Shuningdek, «Binokor» MChJning (nomi o‘zgartirilgan) unga berilgan ruxsatnomalar Qurilish bosh boshqarmasi tomonidan bir taraflama bekor qilinganidan norozi bo‘lib qilgan murojaatini o‘rganish natijalariga ko‘ra, viloyat qurilish bosh boshqarmasining noqonuniy chiqarilgan qarori bekor qilingan va tadbirkorga berilgan ruxsatnomalar o‘z kuchida qoldirilishi ta’minlangan.

Biznes ombudsman devonining Samarqand viloyatida faoliyat yurituvchi xodimlari tomonidan davlat idoralarida o‘tkazilgan o‘rganishlar va tahlillar, shuningdek murojaatlarni ko‘rib chiqish natijalariga ko‘ra tadbirkorlarning huquqlarini buzgan 20 nafar shaxsga nisbatan ma’muriy bayonnomalar tuzilib, vakolat doirasida ma’muriy javobgarlikka tortish haqida qarorlar qabul qilingan. Shuningdek, 66 nafar shaxsga nisbatan rasmiylashtirilgan ma’muriy huquqbuzarlik  to‘g‘risidagi bayonnomalar ko‘rib chiqish uchun sud va boshqa idoralarga yuborilgan.

Joriy yilning o‘tgan davrida o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida davlat idoralari xodimlari tomonidan 1066 ta holatda tadbirkorlarning huquqlari buzilishiga yo‘l qo‘yilgani aniqlanib, ushbu qonunbuzilishlarga yo‘l qo‘ygan xodimlarga nisbatan tegishli tartibda ma’muriy va intizomiy jazo choralari qo‘llangan.

Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlash lozimki, tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishni ta’minlash, bu borada aniqlangan qonunbuzilish holatlarini zudlik bilan bartaraf etish hamda aybdor shaxslarning javobgarlik masalasini hal etish kelgusida ham Biznes ombudsman xodimlari faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolaveradi.

Ko‘proq yangiliklar: