O‘zbekchani o‘rganishga o‘zga millatlarda rag‘bat yo‘qmi yoki o‘rgatishga bizda xohish?

Jamiyat 14:34 / 17.10.2022 18395

Tilning yoyilishi, uni o‘rganishga bo‘lgan ehtiyoj uning targ‘iboti bilan bog‘liq. Targ‘ibot uchun avvalo o‘sha tilni o‘rgatadigan manbalar, qo‘llanma va kitoblar, videomateriallar ham yetarlicha bo‘lishi kerak. O‘zbek tili 1989 yildan beri davlat tili ekani, O‘zbekistonda 130dan ortiq millat vakillari yashashi inobatga olinsa, o‘zbek tilini o‘rgatadigan mukammal qo‘llanmalar tuzishning vaqti kelib, o‘tib ham ketgan. Bu — O‘zbekistonda yashaydigan turli millat vakillarining tilini o‘rganishga bo‘layotgan rag‘bati yo‘qolishiga sabablardan biri bo‘lyapti.

«Prezident oldiga kiraman. Rus tilida gapirgim kelmayapti»

Wesminster universiteti, Erudite xususiy maktabi, Toshkent xalqaro maktabida 10 yildan ortiqroq vaqt davomida ingliz tilidan dars bergan Saida Rashidova 2 yildan buyon o‘zbek tilini boshqa millat vakillariga o‘rgatadi. Saidaning Facebook’da O‘zbekistonda yashaydigan xorijliklardan iborat guruhi bor. O‘zbek tilini o‘rgatishga shu guruh turtki bo‘lganini aytadi.

«Pandemiya davrida, ehtiyot choralari haqida e’lonlar va xabarlar ko‘paygan edi. Lekin Toshkentda yashayotgan chet elliklar o‘zbek tilini bilmagani uchun rasmiy ma’lumotlardan xabardor bo‘lishda qiynalishdi. Chunki o‘sha paytda ingliz tilida mahalliy xabarlar kam edi. O‘shanda Facebook’da O‘zbekistonda yashaydigan xorijliklarni yangiliklardan xabardor qilib turardim. Shu turtki bo‘lib, o‘zbek tilini xorijliklarga, asosan ingliz tilida gaplashuvchilarga o‘rgatish fikri paydo bo‘ldi. Pulli kurslar tashkil qila boshladim», — deydi u.

Saida Rashidova o‘zbek tilini rus, ingliz va yana boshqa turli millat odamlariga o‘rgatadi. Uning aytishicha, oxirgi vaqtlarda o‘zbek tilini o‘rganishni xohlaydiganlar soni ortgan, ayniqsa o‘zbekistonlik rus, ko‘chib kelgan rus va ruslashib ketgan o‘zbek o‘quvchilari tobora ko‘payyapti.

«Har kun yuqori lavozimda ishlaydiganlar telefon qilib, o‘zbek tilini o‘rgatishimni so‘rashadi. «Prezident oldiga kiraman, rus tilida gapirgim kelmayapti, lekin o‘zbek tilim yaxshi emas», deyishadi. Yoki ota-onalarning ko‘pi bolasining o‘zbek tilini o‘rganishini xohlaydi. Oldin o‘zini O‘zbekistondan ekanini aytishga uyaladiganlar ham o‘zbekistonlik ekanligidan faxrlanadigan bo‘lishyapti», — deydi u.

Nafaqat rus va ukrainlar, Afg‘onistonda o‘tgan yillar ichidagi notinchliklar sabab O‘zbekistonga ham bir guruh afg‘onlar ko‘chib kelishgandi. Davlat tilida ish yuritish va malaka oshirish institutida o‘zbek tilini 4 yildan buyon xorijliklarga o‘rgatib kelayotgan Gulruxsor Ergasheva oxirgi yillarda o‘quvchilari orasida afg‘on va turklarining ko‘payganini aytdi.

«Bu markazda 2019 yildan boshlab til o‘rgatishni boshlaganmiz. O‘zbek tilini asosan rus, turk, afg‘onlar o‘rganadi. Ularning asosiy maqsadi odatda ta’lim, biznes, ish bo‘ladi», — deydi u.

Afg‘onlarga 5 yildan beri o‘zbek tilini o‘rgatib kelayotgan Milliy universitet katta o‘qituvchisi Sayyora To‘rayeva ham afg‘onlar soni oxirgi yillarda oshganini tasdiqlaydi.

O‘zbek tilini o‘rgatadigan sanoqli qo‘llanmalar

O‘zbekistonda bo‘lish va ko‘proq odamlar bilan muloqot qilish o‘zbek tilini o‘rganishni osonlashtiradi. Lekin O‘zbekistonda uzoq vaqtdan beri yashab kelayotgan rus millati vakillari o‘zbekchada ham gaplashish, ham yozishni o‘rganish uchun mukammal manba yo‘qligini ko‘p bora aytishadi. Chindan ham shunday. Rusiyzabonlar uchun A.A.Arzamasovning «Uzbekskiy yazik. Samouchitel», A. Kissen va Sh.Rahmatullayevning «Uzbekskiy yazyk dlya vzroslix», X.S. Muxitdinova, D.M. Nasilovning «Uchebnik uzbekskogo yazyka» kitoblarigina bor.

Inglizzabonlar uchun esa Nigora Azimovaning «Uzbek: An Intermediate Textbook» kitobi bor. Bu kitob Amazon’da 90 dollar atrofida sotiladi.

Bundan tashqari, yaqinda MO‘TUL jamoasi va Gulruxsor Ergasheva tomonidan til darajalariga ajratilgan «O‘zbekona» kitobi ham nashrdan chiqqan. Muallifning aytishicha, markazda hozir shu kitob asosida darslar o‘tiladi. Kitob A1, A2, B1, B2 darajalarga ajratilgan bo‘lib, har bir darajani 3 oyda bitirib chiqish mumkin.

«Dastlabki 4 darsda vositachi til ingliz, rus yoki turk tili bo‘ladi. Beshinchi darsdan boshlab o‘zbek tilida gaplasha boshlaymiz. Markazimizda hozirgacha mingdan ortiq o‘quvchi bitirib kelgan bo‘lsa ularning 700 nafardan ortig‘i rus millatiga mansub kishilar. Hozir lug‘atlar kitobi ustida ishlayapmiz», — deydi hammuallif.

Manbalar oz, onlayn lug‘atlar yo‘q

Yuqorida nomlari sanalgan qo‘llanmalar yo‘qdan ko‘ra bor degan ma’noda ko‘ngilga taskin beradi. Chunki u qo‘llanmalarni ham to‘liq mukammal, deb aytishga asos yo‘q.

Saida Rashidova Amerikada Nigora Azimova tomonidan chiqarilgan kitobni inglizzabonlarning o‘zbek tilini o‘rganishda foydalanayotgan kitobi ekanini aytdi. Biroq bu kitob ham dunyo bo‘yicha tasdiqlangan til o‘rganish standartlariga to‘g‘ri kelmaydi.

«Har bitta kitob eshitish, o‘qish, gaplashish va yozish ko‘nikmalarini alohida shakllantirishga yo‘naltirilishi kerak. Shunda ular mukammal buladi. Bundan tashqari, onlayn lug‘atlar ham yo‘q. Hech bo‘lmaganda shular bilan ham tilni mustaqil o‘rganish mumkin bo‘lardi», — deydi u.

Maktablarda o‘tiladigan o‘zbek tili darsligi muallifi Namoz Rasulov esa tuzilgan kitoblar ham juda kam nusxada chiqqanini, ko‘pchilikka mo‘ljallanmaganini aytadi.

«Mana yaqinda yangi «O‘zbekona» degan kitob chiqqanini eshitib xursand bo‘ldim. Lekin u ham sanoqli. Men mualliflarni to‘g‘ri tushunaman. Mualliflik huquqi buzilishidan qo‘rqib, kitobni tor doirada ishlatishyapti. Mustaqil o‘rganishni xohlaganlar uchun topilishi qiyin. Lekin u keng ommaga berilmasa, tilni qanday targ‘ib qilamiz?

Har bir tilni o‘rganish uchun birinchi o‘rinda dars kitobi yaratiladi. Masalan, inglizlarda dars kitobi, ish kitobi va shu 2 kitobdan qanday foydalanish haqida qo‘llanma kitobi bo‘ladi. Har qanday tilda shunday mahsulotlar bo‘lishi kerak. Afsuski bizda yo‘q», — deydi u.

Til darajalarga ajratilmagan

Biz suhbatlashgan mutaxassislar til mavqei uchun til jamiyatlari ko‘proq harakat qilishi kerak deb hisoblaydi. Umuman til jamiyatlari turli platformalar ustida ishlab, tilni muhofaza qilish, yoyish va madaniyatni targ‘ib qilish bilan shug‘ullanadi.

«Masalan, ingliz tilida Oxford, Cambridge jamiyati bor. Ular dunyo foydalanishi uchun juda ko‘p mahsulotlarni tayyorlaydi. Hattoki til mahsulotlari uchun o‘sha til jamiyati maxsus filologik tadqiqotlarni o‘tkazib, shu tadqiqot natijalarini ham shu til o‘rganishga kirita oladi. Lekin bizda bunday jamiyatlar yo‘q.

O‘zbekistonda o‘zbek tiliga investitsiya kiritilmagani, jozibali takliflar bo‘lmagani uchun ham bunday kitoblar sust holatda yaratilgan. Yaratilganlarini ham tavsiya qilish til o‘rganayotgan insonlarni tildan itarishga sabab bo‘lib qoladi», — deydi Namoz Rasulov.

Shu o‘rinda o‘zbek tilida daraja bo‘yicha ham aniq bir qoida, til tashkilotlari bilan kelishib taqdim qilingan daraja lug‘atlari yo‘q.

«Ingliz tilida dars berganimda bizga bolalarga eng birinchi o‘rganiladigan 100ta so‘zning ro‘yxatini berishni aytishardi. So‘zlar ro‘yxati tilning darajasi osonlikdan qiyinlikka qarab ketaveradi. O‘zbek tilida shunaqa ro‘yxatlar nega yo‘q. Ularni kim qilishi kerak? O‘zbek tilida A1 qayerda tugab, A2 qayerda boshlanishi haqida kelishuv yo‘q. Shuning uchun o‘zbek tilidagi ertaklarda ham juda qiyin so‘zlarni ishlatishadi. Masalan, «katta» A1 bo‘lsa, «muazzam» A2mi yoki B2mi? Shuni kim aytib bera oladi? Men amerikalik bir mutaxassis bilan keyingi yil shu bo‘yicha kitob ishlab chiqmoqchimiz», — deydi Saida Rashidova.

Videokontent yo‘q

YouTube’ga «O‘zbek tilini o‘rganish» deb qidiruvga berilsa, sanoqli videolar chiqadi. Ulardan nisbatan boyroq kontent sifatida Uzbek With Aman, Ways of Learning & Teaching with Dr. DK kanallarini sanash mumkin. Rusiyzabonlarning o‘rganishi uchun esa tartibga solingan, tilning boshlang‘ich darajasidan o‘rgatadigan aytarli kontent yo‘q hisob.

Ta’lim markazi bolalar uchun yaratayotgan videolarni hisobga olmaganda, bolalarga tilni o‘rgatuvchi media topilmaydi.

Ma’lum bir tilni oson o‘zlashtirish uchun subtitrli videolar yaxshi samara beradi. Xuddi shunday o‘zbek tilini ham. Lekin o‘zbek tilidagi videokontentning subtitrlisini topish mushkul. Ayniqsa, multfilm yoki bolalar uchun chiqariladigan videokontentlar subtitrli bo‘lishi, nafaqat xorijliklar uchun, balki o‘qishni o‘rgangan o‘zbek o‘quvchilari savodini ham yaxshilashga xizmat qiladi.

Saida Rashidova xuddi shunday taklifni bir telekanalga berib, ulardan ijobiy bo‘lmagan javob olganini aytadi.

«Men har bir videomni subtitrli qilaman. To‘g‘ri bu juda mayda ish, 3-4 tekshiruv bosqichini talab qiladi. Lekin busiz til o‘rganish qiyin. O‘zim guvoh bo‘lganimdan aytaman: xorijlik ingliz o‘qituvchilar ona tilisi ingliz tili bo‘lgan bolaga ham subtitrli video qo‘yib beradi.  

Oldinroq bir kanalga meni ssenariy yozishga chaqirishgandi. O‘shanda vaziyatdan foydalanib, ularga har bir olinayotgan videoni subtitrli qilishni va bu uchun shtat ochish taklifini bergandim. Afsuski, bu juda mayda ish ekanligini aytib, taklifimni e’tiborsiz qoldirishgan», — deydi Rashidova.

Bonus usullar

Bir necha yildan beri shu sohada tajriba qilib kelayotgan o‘qituvchilar o‘zbek tilini kitob va qo‘llanmalarsiz ham o‘rganish usullarini tavsiya qilishdi. 

Saida Rashidova:

- O‘rganilayotgan tilda raqamlarni o‘rganishni real hayot bilan bog‘lash kerak. Masalan, telefon raqamlar, tug‘ilgan yil va kunlarni yodlash, savdodan qolgan chek raqamlarini o‘qib yurish.

- Ijtimoiy obektlardagi belgilar, turli plakatlar, kirish-chiqish joylari, yo‘llardagi ko‘rsatkichli o‘zbek tilidagi yozilgan so‘zlarning ma’nosini so‘rab olish.

- Instagram'da juda ko‘p subtitrli rilslar, videolar, qiziqarli kontent paydo bo‘lgan. Har xil mutaxassislar har kuni o‘zining yo‘nalishida video oladi, subtitr qo‘yadi. Hammasi ham arzigulik emas, lekin ayrimlari juda zo‘r. Shularni ko‘rish kerak.

Namoz Rasulov:

- Ma’lum bir maqsadlar uchun birlamchi dialoglarni o‘rganib chiqish. Deylik, supermarketda, aeroportda, kasalxonada bo‘ladigan savol-javoblarni aks ettirgan dialoglarni o‘rganish va ularni o‘zining tili bilan qiyoslagan holda tushunish.

- O‘rganmoqchi bo‘lgan tilidagi qaysi so‘zlarni bilsa, aynan o‘sha so‘zlarni qo‘shib nutqida ishlatish. Va navbati bilan lug‘at bazasi boyib, grammatik bazasi yaxshilangandan keyin tilni tozalab boradi. 

- Bir ashyoni qo‘lga olib, u bilan bog‘liq fe’l, sifatlarni qo‘shib mashq qilish. Natijada lug‘at boyligi ko‘payib, o‘sha ashyo bilan ishlatiladigan birikmalarni ham tezda o‘rganib oladi.

- Sinflar kesimidagi o‘zbek tili darsliklari ham boshlang‘ich bilimlarni olish uchun yaxshi qo‘llanma.

Nima qilish kerak?

O‘zbek tili turkiy tillar ichida turk tilidan keyin gaplashishladigan 2-katta til hisoblanadi. Demak, bu tilda gaplashuvchilar ko‘p. Lekin tilni o‘rgatadigan qo‘llanmalar, onlayn lug‘atlar yo‘q.yo‘q. Bori ham nomukammal.

Avvalo o‘zbek tili tilshunoslar tomonidan kelishilgan holda aniq daraja chegarasi A1, A2, B1, B2, C1, C2 darajalari tugash va boshlanish nuqtasi belgilanishi, shu darajalarga mos turli tillarda lug‘atlar ishlab chiqilishi va u hamma uchun ochiq bo‘lishi kerak.

Bu tilda ko‘proq subtitrli videomateriallar tayyorlash, «Aqlvoy» telekanalida beriladigan multfimlarni ham o‘zbekcha subtitrlar bilan efirga uzatish bolalarni ham savodli bo‘lishida yordam beradi.

Ko‘cha-ko‘ydagi belgilar, yo‘l ko‘rsatuvchi belgilar kabilar avvalo ona tilida bo‘lishi boshqa millatlarni ham o‘zbek tilini tezroq o‘rganishiga ko‘mak beradi. O‘zbek tilini o‘zimiz hurmat qilmas ekanmiz, uni boshqa birov qanday hurmat qilsin?

Zuhra Abduhalimova, jurnalist

Ko‘proq yangiliklar: