Toshkent shahri Yangihayot tumanida texnik inspektor ushlandi. Bu haqda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Yangihayot tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda sobiq «Toshissiqquvvat» DUK hozirda «Veolia Energy Tashkent» XK MChJ tuman boshqarmasi texnik inspektori B.J. fuqaro F.ning xonadonida issiq suv iste’moli uchun mavjud bo‘lgan 6,2 million so‘m qarzdorlikni yo‘q qilib berish hamda qarzdorlik mavjud emasligi haqida elektron ma’lumot tayyorlab berish evaziga 400 dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28,192-9-moddasi (tijoratda pora evaziga og‘dirib olish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.