Namanganda o‘qituvchi o‘quvchini kaltakladi. Unga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Jamiyat 14:23 / 16.10.2022 50852

15 oktyabr kuni internetda Namangan viloyatidagi maktablardan birida o‘qituvchi o‘quvchini ayovsiz kaltaklagani to‘g‘risida xabarlar tarqaldi. Namangan viloyati xalq ta’limi boshqarmasining ma’lum qilishicha, bu hodisa 13 oktyabr kuni Davlatobod tumanidagi 58-maktabda sodir bo‘lgan.

«Davlatobod tumani 58-umumta’lim maktabidagi holat yuzasidan ma’lum qilinadiki, 13 oktyabr kuni 5-«V» sinfdagi o‘quvchilardan biri boshqa bir sinfdoshi M. X. uning boshiga uraverayotganidan shikoyat qilib, sinf rahbariga arz qilgan.

Sinf rahbari M.E. soat 16:10 da o‘quvchi M.X. ni tartibga chaqirish uchun tushunchalar beradi. Ammo o‘quvchi unga bo‘ysunmasdan odob-axloq me’yori chegaralaridan chiqib, sensirab, qo‘pol munosabatda bo‘lgani tufayli sinf rahbari o‘quvchining xatti-harakatlaridan norozi bo‘lib, badanining turli joylariga qo‘llari bilan urib, unga tan jarohati yetkazgan», deyiladi xabarda.

Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i boshchiligidagi ishchi guruhi, tuman hokimligi mas’ullari ta’lim muassasasi rahbariyati hamda psixolog o‘qituvchilar bilan suhbat o‘tkazgan, tushuntirish xatlari olingan.

Mazkur holat hozirda huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan nazoratga olinib, o‘quvchi M.X. ga nisbatan sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangani, Namangan shahar IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan sinf rahbari M. E. ning xatti-harakatlari yuzasidan tergovga qadar tekshiruv olib borilayotgani, holat yuzasidan tekshiruv yakuniga ko‘ra batafsil ma’lumot berilishi bildirilgan.

Bosh prokuratura axborot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov ham hodisa yuzasidan bergan xabarida o‘quvchining kaltaklanish sababi haqida yozgan.

«2022 yil 13 oktyabr kuni Davlatobod tumanidagi 58-sonli maktab o‘qituvchisi o‘zi rahbarlik qilib kelayotgan 5-«V» sinf o‘quvchisi boshqa o‘qituvchilarning dars vaqtida o‘zining noo‘rin xatti-harakatlari bilan qolgan o‘quvchilarga xalaqit berib kelayotganini eshitib qolgan. Tanaffus paytida uni tartibga chaqirmoqchi bo‘lganida, o‘quvchi sinf rahbarini mensimasdan gap qaytargan. Shundan so‘ng, o‘qituvchi jahl ustida o‘quvchining badanining turli joylariga bir necha marotaba urib, unga tan jarohati yetkazgan», — deyiladi Bosh prokuratura axborot xizmati rahbari xabarida.

Namangan viloyati IIB axborot xizmati esa Davlatobod tumanida o‘quvchisini ayovsiz kaltaklagan o‘qituvchiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi. 

«Namangan shahar, Davlatobod tumani XTBga qarashli 58-sonli maktabning «Geografiya» fani o‘qituvchisi 2022 yil 13 oktyabr kuni soat 16:10 larda o‘zi sinf rahbarlik qilayotgan ushbu maktabning 5-sinfiga kirib, ushbu sinf o‘quvchisining xatti-harakatlaridan norozi bo‘lib, badanining turli joylariga qo‘llari bilan urib, unga tan jarohati yetkazgan.

Davlatobod tumani Ichki ishlar bo‘limining mas’ullari tomonidan shu kunning o‘zida maktabga borib, nazoratga olingan hamda o‘qituvchi va o‘quvchining ota-onasi bilan suhbatlashilgan. 

Mazkur holat yuzasidan Namangan shahar IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 109-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda», deyiladi xabarda.

Ko‘proq yangiliklar: