Qo‘shni viloyat markaziga borish uchun bekatda turgandim, bir mashina kelib to‘xtadi. Mashina haydovchisi elliklardan oshgan, orqada ikki nafar yo‘lovchi uxlar edi. Haydovchi bilan yo‘lkirani kelishgach mashinaga o‘tirdim.
Biroz yurgach haydovchi bilan tanishib olgach u yoq-bu yoqdan suhbatlasha boshladik. U ikkita viloyat o‘rtasida kira qilar va shu bilan ro‘zg‘or tebratar ekan.
Haydovchi qayerda ishlashimni so‘rab bilgach, negadir mavzu qolib gapni halollikka burdi. U inson har qanday holatda ham harom luqmadan hazar qilib yashashi lozimligi, pul va boylik uchun vijdonini va insofini sotmasligi kerakligi haqida gapirar, men uning gaplarini bosh irg‘ab tasdiqlab turardim.
Gap orasida u «Bir paytlar men ham haromdan hazar qilmaydigan, bu yo‘lda vijdon va insofini yo‘qotgan edim. Boshim devorga borib urilgach ko‘zim ochildi. Shundan so‘ng zinhor birovning haqqini yemayman deb ont ichdim. Xudoga shukr, hozircha ontimni buzmadim, bundan keyin ham buzmayman» deb qoldi.
Menga haydovchining boshidan o‘tgan hodisalar qiziq tuyuldi va undan tafsilotlarni so‘radim.
«Yoshligimdan maxsus formalarga havas bilan qarardim va ulg‘aysam albatta harbiy yoki ichki ishlar xodimi bo‘laman deb niyat qilardim. Maktabni bitirgach ikki yillik armiyaga borib keldim. Sovet davrida xizmat qilganlarning eng so‘nggisi biz bo‘lsak kerak.
Harbiy xizmatdan qaytganimdan so‘ng o‘zim yashaydigan tuman ichki ishlar bo‘limiga ariza topshirdim. Sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tib ishga qabul qilindim.
Avvaliga oddiy xodim bo‘lib ishladim, so‘ng asta-sekin unvon ola boshladim. 30 yoshga kirganimda kapitan unvoniga ega edim. Shu paytda meni tumanimizdagi katta bir qishloqqa profilaktika uchastka noziri qilib yuborishdi.
U paytlarda hozirgiday har bir mahallaga bittadan profilaktika noziri tayinlanmas edi. Men katta bir qishloqdagi beshta mahallaning osoyishtaligi uchun javobgar edim.
Men ishlayotgan qishloqning aksariyat odamlari tadbirkorlik bilan shug‘ullanar, boshqa joylarga nisbatan yaxshiroq yashardi.
Qishloq odamlari arzimagan qonunbuzarlik sodir etishsa ham jazodan qutulish uchun pul taklif qilishardi. Bunda ularning aksariyati o‘rtaga odam ham qo‘yib o‘tirmas, ishni bosti-bosti qilish uchun porani to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘zlari taklif etishardi.
Bunday holatda shayton meni yo‘ldan ura boshladi va arzimagan janjal sodir bo‘lsa ham qonun bilan qo‘rqitib odamlardan pul ola boshladim.
Keyinroq esa oson kelayotgan pul ko‘zimni ko‘r qildi va nafsim battar hakalak otaverdi. Janjal va mushtlashuvlarning aksariyatida odamlar bir-birini haqorat qiladi. Men shundan foydalanardim va ishni yopib yuborish uchun har ikki tomondan ham pul so‘rardim.
Aksariyat hollarda qonunbuzar tomon pulni o‘zi taklif qilsa, jabrlanuvchi tomondan o‘zim pul talab qilardim.
O‘shanda biron kuni meni kimdir tamagirlik qilayotganimda yoki pora olayotganimda ushlab beradi deb o‘ylamasdim. Chunki qishloq odamlari kimnidir ushlab berishni sotqinlik deb bilar va bunday ishlardan or qilardi.
Qolaversa, u paytlarda hozirgiday barchada qo‘l telefoni yo‘q, odamlar internet nimaligini bilishmas, yashirincha videoga olish, ovozni yozish kabi ishlar bo‘lmasdi. Shu tufayli ham men bemalol edim.
Eng qizig‘i, qishloq odamlaridan nohaq pul undirsam ham hech kim xafa bo‘lmas, aksincha, har doim «Baraka topsin, ishimni bosti-bosti qilib berdi» deb mendan minnatdor bo‘lishardi.
Shu sababli qishloqda obro‘yim yaxshi edi. Beshta mahallada ham barcha to‘y va ma’rakalarga chaqirishar, hurmat bilan davraning eng yaxshi joyiga o‘tqizishardi. Ana shunday sharoitda o‘sha qishloqda 5-6 yil ishlab qo‘ydim.
Ana shunday kunlardan birida barchasi tamom bo‘ldi.
Bir kun xonamda o‘tirsam birov kelib ikkita qo‘shni janjallashayotgani haqida xabar berdi. Yetib borsam bir odam qo‘shnisini urib og‘iz-burnini qonga to‘ldirgan.
Darhol jarohatlangan odamni kasalxonaga olib ketishdi. Zo‘ravonni qishloq fuqarolar yig‘ini binosida joylashgan xonamga olib ketdim. So‘ng undan voqea tafsilotlari bo‘yicha tushuntirish xati oldim.
Tibbiy ekspertiza xulosasi chiqquncha hech qayerga chiqmaslik haqida tilxat olib, zo‘ravonni uyiga qo‘yvordim. O‘sha kuni kechki payt u ikkita odam bilan xonamga kirib keldi. Ularning biri akasi, yana biri men yaxshi taniydigan mahalladoshi ekan.
Mahalladoshi agar zo‘ravonni qamatib yuborsam voyaga yetmagan bolalariga jabr bo‘lishini, shu uchun unga jarima bilan qutuladigan jazo tayinlashda yordam berishimni iltimos qilib, “quruq qo‘ymasliklarini” aytishdi.
Zo‘ravonning xatti-harakatlari shundoq ham ozodlikdan mahrum etish jazosiga tortmasligi mumkin edi. Avval ekspertiza xulosalarini olishim kerakligini, shunga qarab gaplashishimizni aytib, ularga javob berib yubordim.
Ertasi kuni kasalxonaga borib do‘pposlangan odamning holidan xabar oldim, u yoq-bu yog‘i va ko‘kargan bo‘lsa-da, ahvoli uncha yomon emasdi. Tibbiy ekspertiza xulosasida unga yengil tan jarohatlari yetkazilgani yozilgan edi.
O‘sha kuni zo‘ravon akasi va sherigi bilan yana keldi. Ularga ishni yengillashtirish oson bo‘lmasligini aytdim va salmoqli miqdorda pul so‘radim. Ular rozi bo‘lishdi.
Shundan so‘ng nafsim ustunlik qilib jabrlanuvchidan ham pul undirish haqida o‘ylay boshladim. Axir u ham qo‘shnisini so‘kib, haqorat qilgan-ku!
Ertasi kuni kasalxonaga yana bordim. Jabrlanuvchiga hodisa yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini, ammo qo‘shnisini haqorat qilgani uchun u ham javobgar bo‘lishini aytdim.
O‘sha paytda uning afti bujmayib ketdi va o‘zini javobgar qilmasligim uchun qancha berishi kerakligini so‘radi. Unga ham qanchadir miqdorni aytdim. Jabrlanuvchi shifoxonadan chiqqach berishini aytdi.
Oradan yana bir necha kun o‘tib, kechki payt jabrlanuvchi xonamga kirib keldi. Shifoxonadan javob berishganini, pulni ertaga olib kelib berishini aytdi. Vaqtini kelishdik.
Ertasi kuni xonamda o‘tirgandim jabrlanuvchi kirib keldi. Qo‘limga so‘ragan pulimni berdi va o‘zini boshqa bezovta qilmasligimni, aybdorga yetarlicha jazo berilishini so‘rab xonamdan chiqdi.
O‘sha paytda xayolimga yomon o‘y kelmasdi. Aksincha, arzimagan janjal tufayli ancha pul ishlab olayotganim uchun xursand edim. Jabrlanuvchi eshikdan chiqishi bilan xonamga uch kishi kirib keldi. Ularni ko‘rib yuragim orqamga tortib ketdi, jabrlanuvchi meni xavfsizlik xodimlariga sotgandi.
Xonamga kirganlardan biri guvohnomasini ko‘rsatib, biroz oldin xonamdan chiqqan fuqarodan pora olganlikda gumonlanayotganimni, shu sababli cho‘ntagimdagi barcha narsani stol ustiga qo‘yishimni so‘radi. Dastro‘molcha va o‘zimning pulim bilan birga biroz oldin jabrlanuvchidan olgan pulimni chiqarib qo‘ydim.
Tergov bir necha oy davom etdi. Bu davr oralig‘ida qishloqda kimlar jinoiy javobgarlikka tortilgan, kimlarga ma’muriy jazo qo‘llangan, barchadan ko‘rsatma olishdi. Qishloq odamlaridan hanuzgacha minnatdor bo‘laman, birontasi sotmadi.
So‘nggi janjalda zo‘ravonlik qilgan shaxs ham menga pul berganini aytmadi. Aks holda uning o‘zi ham pora bergani uchun jazolanar, menga beriladigan jazo yanada jiddiyroq bo‘lardi.
Tergov tugagach sud qilishdi. O‘z aybimga iqrorligim, qaramog‘imda voyaga yetmagan farzandlarim borligi, intizomli xodim bo‘lganim va ustimdan biror marta shikoyat tushmaganini inobatga olib, sud menga 5 yilga ozodlikdan mahrum etish jazosini berdi.
Qamoqda 2 yil o‘tirgach manzil koloniyaga, yana biroz o‘tib o‘zimni namunali tutganim uchun probatsiya nazoratiga chiqarildim. O‘shandan so‘ng o‘zimga bundan bu yog‘iga hech kimning haqqini yemayman, haromdan hazar qilib yashayman deb va’da berdim. Hozircha va’damni buzmadim va Xudo xohlasa bundan keyin ham buzmayman.
Turli yumushlar bahonasida oxirgi marta ishlagan qishlog‘imga bir necha marta bordim. Har gal borganimda odamlarning ko‘ziga tik qarashga xijolat bo‘laman. Ammo qishloq odamlari shunda mendan xafa emas, aksincha taskin so‘zlarni aytishadi.
Garchi o‘shanda juda noinsoflik qilgan bo‘lsam-da, meni ushlab bergan odamni «nomardlik qildi» deb yomonlashadi. Aslida esa men noinsoflik qilgandim».
Haydovchi hikoyasini tugatguncha manzilga yetib bordik. U bilan xayrlashib yumushimga ketdim.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.