«Yuksalish» umummilliy harakati raisi Bobur Bekmurodov telegram sahifasi orqali Rossiyadan kelib, O‘zbekistondagi sharoitlar to‘g‘risida turli salbiy fikrlar bildirayotganlarga murojaat qildi.
«Relokantlar/mehmonlarga.
Tinch va mehmondo‘st O‘zbekistonni tanlaganingizdan xursandmiz.
Siz o‘z tajribangiz, bilim va malakangizni mamlakatimiz rivojiga olib kirishingiz mumkin. Siz yangi (masalan, IT va kreativ iqtisodiyot) sohalar rivojiga turtki berishingiz, turli sohalardagi jarayonlarni yaxshilashingiz mumkin. Orangizda o‘z hissasini qo‘shishni boshlaganlar bor.
Shu bilan birga, bir narsani tushunishingiz kerakki, mehmonlar soni ko‘payishi tufayli ijtimoiy infratuzilmalarga bosim bo‘lishi, oziq-ovqat va uy-joy narxlariga ta’siri qilishi va boshqa bir qator chaqiriqlar paydo bo‘lishi tabiiy.
Shunga qaramay, o‘zingiz sezgan bo‘lsangiz kerak, o‘zbek jamiyati barcha mehmonlarga juda mehmondo‘st. O‘zbekiston xalqi o‘z tarixida rahm-shafqat, insonparvarlik va mehmondo‘stlikni ko‘p bor isbotlagan.
Bizda so‘z erkinligi bor. Bu yerda siz xizmatlar sifati haqida fikr bildirishingiz, muammolar haqida ochiq gapirishingiz mumkin.
Biroq, etika va madaniyatni unutmaslik kerak. Erkin fikringizni senzurasiz so‘zlarsiz va odamlar qadr-qimmatini kamsitishga urinishlarsiz amalga oshirishing. O‘zbekistonda bu qadrlanadi. Odamlarni, urf-odat va jamiyat qoidalarini hurmat qilish kerak.
Siz tushunishingiz kerakki, har bir mamlakat va jamiyatning o‘ziga xos xususiyatlari, madaniy kodi bor, muayyan harakatlar va so‘zlar g‘azab va tushunmovchilikka olib kelishi mumkin. Vaziyatni taranglashtirishga emas, aksincha, yaxshi, kerakli, foydali narsalarni olib kelishga harakat qiling.
Jamiyat hayotida ishtirok etishni istasangiz yoki takliflaringiz bo‘lsa «Yuksalish» harakati bilan bog‘lanishingiz mumkin. Biz yangi g‘oyalarga ochiqmiz,
Mustaqil O‘zbekistonda islohotlarni ilgari surishga qaratilgan tashabbus va loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz.
Biz sizni ijobiy o‘zgarishlar ishtirokchisi bo‘lishga chaqiramiz», deyiladi postda.
Ma’lumot uchun, Rossiyada harbiy safarbarlik e’lon qilingach, o‘n minglab rossiyaliklar boshqa davlatlarga, xususan O‘zbekistonga qochib kela boshladi.
Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda ayrim rossiyalik qochqinlar O‘zbekistondagi sharoitlar va muammolardan nolib videolar va postlar joylashtirgandi.