Agar siz Toshkentda yashayotgan bo‘lsangiz, shahar ko‘chalarini nomma-nom sanab bera olasizmi? Yoki qo‘lingizdagi gadjetlar xaritalarisiz O‘zbekiston shaharlarida istalgan manzilni topib borishga ko‘zingiz yetadimi? Katta ehtimol bilan bu savollarga ijobiy javob topish qiyin. Chunki oflayn toponimik axborot bo‘yicha mamlakatimiz shaharlaridagi ahvol anchagina chatoq.
Poytaxtning markaziy ko‘chalaridan biri bo‘lgan Alisher Navoiy ko‘chasidagi binolarning raqamlanishi holatlarini o‘rgandik. Avvaliga shunchaki raqamlangan va raqamlanmagan binolar bo‘yicha boshlangan o‘rganishimiz turli qiziq va paradoksal holatlarni yuzaga chiqardi.
4 kilometrlik shohko‘chada 40 dan ortiq bino va inshootlar ro‘yxatga olingan. Lekin ko‘chaning boshidan oxirigacha bo‘lgan obektlar devorlaridagi raqam va ko‘cha nomi yozilgan tablolar 50 foizni ham tashkil qilmaydi – 18 ta.
Devorlardagi tablolar shakli ham har yerda har xil. Aniq bir standart asosida yasalmagan. Binolarning istalgan (o‘ng, chap, o‘rta, yon, orqa) qismiga o‘rnatilgan tablolar klassik, innovatsion, zamonaviy, raqamli nomsiz, nomli raqamsiz va hatto devorga qo‘lda yozib qo‘yilgan ko‘rinishlarga ham ega.
Yana xorijga murojaat qiladigan bo‘lsak, aksariyat shaharlarda binolar raqamini osonroq topish uchun yo‘lning bir tarafidagi obektlar toq sonlar bilan raqamlansa, ikkinchi tarafi esa juft sonlar bilan raqamlanadi. Bunda siz borayotgan manzilingiz bo‘yicha oldindan tasavvur va taraddudga ega bo‘lasiz va yo‘lning o‘zingizga kerakli tarafidan harakatlanasiz.
Toshkent ko‘chalaridagi binolar joylashuvini virtual xarita orqali kuzatsak, “toq va juft” an’anasiga qisman rioya qilinganining guvohi bo‘lamiz. Ya’ni bir ko‘chada bu taomilga amal qilingan, boshqa bir ko‘chada esa yo‘q. Masalan, biz o‘rgangan Alisher Navoiy ko‘chasida 7-, 11-, 13- va 15-uylar ko‘chaning juft raqamlangan qismida joylashgan. Bu esa biz yuqorida keltirgan tartibga mos kelmaydi va paradoksal holatni vujudga keltiradi.
Ma’lumot uchun mazkur ko‘chada bir nechta vazirliklar, boshqaruv idoralari, oliy ta’lim muassasalari, banklar, muzey, markaziy kutubxona, teatr va konsert zali joylashgan. Lekin atigi 18 ta raqamlarning aksariyati ko‘chadagi uy-joy kvartiralarining devorlariga o‘rnatilgan.
Biz ham hozir virtual xaritalar orqali lokatsiyalarni topib borayotgan bo‘lsak, bungacha manzillarni ko‘chalar emas, mahallalar va mo‘ljallar orqali izlab borganmiz. Poytaxt Toshkentda 1800 ga yaqin ko‘cha bo‘ladigan bo‘lsa, shundan Alisher Navoiy, Muqimiy, Abay, Amir Temur, Bunyodkor, O‘zbekiston kabi sanoqli ko‘cha nomlarigina aholi so‘zlashuv iste’moli va ehtiyojlarida foydalaniladi, xolos.
2020 yil 17 mart kuni qabul qilingan “Toshkent shahrida raqamli texnologiyalarni keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4642-sonli qaror bilan Toshkent shahar hokimligi ta’sischiligida MChJ shaklida Raqamli rivojlanish departamenti tashkil etilgan va ularga o‘sha yili shaharning geografik axborot-tahlil tizimini yaratish vazifasi qo‘yilgan.
Lekin poytaxtning birgina markaziy ko‘chasida biz qilgan tahlil mazkur qarorda mas’ul qilib ko‘rsatilgan Qurilish vazirligi, Kadastr agentligi va Raqamli rivojlantirish departamenti oldiga kechikayotgan ikki yillik savolini qo‘yadi: Toshkent shahrida ko‘cha nomlari va raqamlari qachon tartibga keladi?
Birgina Alisher Navoiy ko‘chasidagi holat poytaxt haqidagi umumiy tasavvurni hosil qilish uchun yetarli bo‘lmas balki. Ammo mamlakatning eng mashhur ko‘chasidaki ahvol shunday ekan, poytaxtdan boshqa shahar va tumanlardagi vaziyatni tasavvur qilish qiyin.
Ko‘cha nomlari va raqamlaridagi bunday kamchiliklar tez yordam, taksi, eltuv xizmati va boshqa xizmatlar faoliyatida jiddiy muammolarni yuzaga keltiradi. Qarshingizdagi bino qaysi ko‘chaga tegishli va nechanchi raqamli ekanini topolmasdan turaverasiz.
Bunday boshqotirmalarga chet eldan keladigan turistlarning “hayrati” esa alohida mavzu.
Sardorbek Usmoniy