Toshkentda «tez yordam» uchun borgan shifokor bemorning o‘g‘li tomonidan kaltaklandi

Jamiyat 14:07 / 13.10.2022 23889

Sog‘liqni saqlash vazirligining ma’lum qilishicha, 12 oktabr kuni Yakkasaroy tumanining Bobur ko‘chasida joylashgan xonadonlarning biridan tez tibbiy yordam xizmatiga chaqiriq kelib tushgan. Shundan so‘ng shifokor B.M. va feldsher ayol J.I.dan iborat «103» brigadasi chaqiriq manziliga yetib borib, bemor B.J.ga tibbiy yordam ko‘rsatgan.

Biroq ahvoli o‘ta og‘ir bo‘lganligi sababli B.J.ni zudlik bilan shifoxonaga olib ketishga qaror qilingan. SSVga ko‘ra, bemorni transportirovka qilish chog‘ida uning o‘g‘li asosli sabab bo‘lmasada, tibbiy brigada xodimlari bilan tortishib, qo‘l ko‘tarish darajasigacha borgan.

«Oqibatda feldsher J.I. ko‘krak qafasiga zarba olgan va ahvoli yomonlashgan. Shunga qaramay, tibbiy brigada o‘z xizmat burchiga mas’uliyat bilan yondashib, chaqiriqni yakunlagan, ya’ni bemorni Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining qabul bo‘limiga olib borgan. Shundan so‘ng «103» feldsheri J.I. mazkur shifoxonaning xirurgiya bo‘limi shok zaliga «Ko‘krak qafasining yopiq jarohati» tashxisi bilan yotqizilgan.

Hozir feldsher J.I. mazkur bo‘limning intensiv palatasida tegishli davo muolajalarini olmoqda. Ahvoli o‘rta og‘irlikda», - deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi bayonotida.

Shuningdek, vazirlik tibbiyot xodimlariga nisbatan tajovuzkor harakatlar sodir etilishiga nisbatan doimo murosasiz munosabatda bo‘lishini, vaziyatga qonun doirasida huquqiy baho berilishi uchun barcha zarur choralarni ko‘rishini bildirgan.

Bosh prokuratura matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, holat yuzasidan yuzasidan ichki ishlar organlari tomonidan tergovga qadar surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

«Surishtiruv natijalari bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanadi. Surishtiruv harakatlari Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan» – deyiladi rasmiy bayonotda.

Ko‘proq yangiliklar: