Ijarachilarni haydab chiqarish boshlandi. Bunda har doim ham mulkdor aybdormi?

Jamiyat 10:58 / 12.10.2022 46595

Shunday manzara tasvirlangan kamida ikkita videolavha tarqaldi va ko‘pchilikning qalbini larzaga soldi. Birinchisida nogiron farzandi bor ayolning ijara uydan haydab chiqarilishi aks etgan. Yetib kelgan homiylar bir necha oyga pul to‘lashga tayyor ekanliklarini bildirsalar ham uy egasi fikrida qat’iy turib oladi.

Ikkinchisi yanada qiziq, ko‘rinishidan talaba qizlar hali yashash uchun ikki kun muddatlari borligini, o‘sha boshqalar beradigan qimmat narxni berishga tayyor ekanliklarini aytsalar ham, uy egasi haydashda davom etadi, hatto olingan pullarni sochib, buyumlarni tepib yuboradi (Ma’lumot uchun, keyinchalik bu lavha teatrlashtirilgani ma’lum qilindi, ammo bu muammo yo‘qligini anglatmaydi).

Ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari har ikki uy egasiga nafratlarini berkitishmayapti, insofga chaqirishyapti va hatto bo‘ralatib so‘kishyapti ham. Ijarada yashovchilarning huquqlari himoyalanmagani, narx-navo haddan ziyod oshib ketgani bilan hech kim shug‘ullanmayotgani, davlat jarayonga mutlaqo aralashmayotganidan shikoyat qilayotganlar talaygina.

Shunday vaziyatda taniqli diniy ulamo Mubashshir Ahmadning kichik hikoyasi xorij va bizdagi bu masaladagi tafovut qay darajada ekanini ko‘rsatib qo‘ydi.

“Turkiyada bir tanishimizga kvartira sotib oldik. Pulini to‘laganimizda bilsak, uy ichida ijarachi bor ekan. Ular uy topgunimizcha shu yerda yashaymiz, deb turib oldi. Na sotuvchi va na xaridor ijarachini ko‘ndirolmadik. Turkiya qonunlari ijarachini qattiq himoya qilar ekan. Advokatlar agar sudlashsangiz olti oylarda chiqarishingiz mumkin, dedi. Ikki tomon yalinib-yolvorib bir oy deganda zo‘rg‘a chiqardik. Bunday muvaffaqiyatga erishish uchun ijarachining yuklarini yangi uyiga tashib bermadik xolos. Boshqa hamma yaxshilikni qildik. Ijarachi ham turk emas, chet ellik edi.

U yerda ijarachi ko‘chada qolib ketmasligi uchun hamma qonuniy chora ko‘rilgan ekan. Uy egasi ijara narxini xohlagan paytda oshira olmaydi. Yilda faqat 25 foizgacha oshirishi mumkin ekan. To‘lovlar faqat lirada hisob qilinadi. Inflatsiya bo‘lsa ham uy egasi emas, chet ellik ijarachi yutadi. Xullas, xonadonda uy egasidan ko‘ra, ijarachining haqqi ko‘proqdek tuyuldi menga.

Bizda ham ijarachi huquqlarini himoya qiladigan ana shunday qonuniy asoslar yaratilishi kerak. Bunday krizis davrlarda parlament ham tezkor ishlashi lozim”, – deya yozdi Mubashshir Ahmad ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.

Xo‘sh, nega O‘zbekistondagi ijara bozor bu qadar yovvoyi, kapitalistik qonunlar asosida ishlamoqda?

Avvalo huquqiy asoslarga yuzlansak. Ko‘pchilik o‘ylaganidek O‘zbekistonda ijarani tartibga soluvchi qonun yo‘q emas, bor bunday qonun. U hatto ancha qadimiy qonunlarimizdan biri. Keyinchalik ayrim o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilgan bo‘lsa-da, “Ijara to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonuni anchadan buyon amalda – 1991 yil 19 noyabrda qabul qilingan. Faqat uning qay darajada ishlayotgani katta so‘roq ostida.

Bu qonunda ijaraga oluvchining ham huquqlari yetarlicha o‘z aksini topgan. Jumladan:

  • Ijara haqi ijara shartnomasida tomonlarning o‘zaro kelishuviga binoan belgilanadi;
  • Ijara haqi miqdori tomonlarning kelishuviga muvofiq shartnomada ko‘zda tutilgan muddatlarda o‘zgartirilishi mumkin;
  • Ijara shartnomasi shartlarining o‘zgartirilishiga, uning bekor qilinishiga va to‘xtatilishiga tomonlarning kelishuvi bilan yo‘l qo‘yiladi;
  • Tomonlarning biri shartnoma shartlarini buzgan taqdirda ikkinchisining talabiga ko‘ra ijara shartnomasi tegishli sudning qarori bilan bekor qilinishi mumkin.

Ya’ni qonunchiligimizga ko‘ra uy egasi istagan paytida ijarachini haydab chiqarib yubora olmaydi. Agar ijara shartnomasi tuzilgan bo‘lsa, uning muddati yakunlanishi shart. Tuzilmagan taqdirda ham faqat sud qarori asosida, ijarada yashovchi uyni ixtiyoriy tark etishni istamasa, MIB aralashuvi bilangina chiqarib yuborilishi mumkin. Lekin bunday holda mulk egasi ham 1,5 mln so‘mdan 3 mln so‘mgacha jarimani to‘lab qo‘yishiga to‘g‘ri keladi.

Unda nega qonuniy asos bo‘laturib, sud-huquq tizimi orqali huquqlarni himoya qilishi mumkin bo‘lgani holda bu qadar muammolar kelib chiqmoqda?

Hammasining asosiy sababi – bozorda talab va taklif mutanosib emasligida, talab karrasiga oshib ketgani va taklif yildan yilga kamayib borayotganida. Toki ijaraga beruvchi bu faoliyatdan manfaatdor bo‘lmas ekan, boshqa har qanday mahsulot yoki xizmat singari xaridorni, bu o‘rinda ijara oluvchini izlamas ekan, bozorda taklif talabdan osha olmasa ham yaqinroq kelmas ekan, hech narsa o‘zgarmaydi. Insofga chaqirish, shafqat so‘rash bilan tizimli muammo hal bo‘lib qolmaydi.

Nima qilmoq kerak, qanday muammolar vaziyatni taranglashtirmoqda?

1. O‘zbekistonda turar joy ijarasi biznes sifatida shakllanmagan. Ya’ni faqat yoki asosan shu bilan shug‘ullanadigan mulkdorlar sinfi, tadbirkorlik sub’yektlari yo‘q, ko‘rmaganmiz. Holbuki butun dunyoda ijara muntazam daromad beruvchi tadbirkorlik turi sifatida qaraladi va ko‘chmas mulklarga katta mablag‘lar tikiladi. Faqat ijaraga berish maqsadida yirik ko‘p qavatli uylar quriladi, ularda bahosi turlicha bo‘lgan xonadonlar tayyorlanadi. Buning ortidan bozorda taklif ko‘payadi. Davlat ham mana shu o‘rinda aralashishi, budjet asosida shunday uylar qurishi mumkin. Ammo bunda achchiq tajribani unutmaslik lozim – davlat yaxshi tadbirkor bo‘la olmaydi;

2. Ijara daromadi ham qonuniy, ham diniy jihatdan halol bo‘lsa-da, ijaraga oluvchi aksariyat hollarda norozilik bilan to‘laydi. Bu masaladagi bahslarda odatda ijaraga beruvchi aybdor sifatida olabo‘jidek ko‘rsatiladi, “insofsiz, besh qo‘lini og‘ziga tiqqan” degan ta’riflarning barchasi unga qaratiladi. Bunday munosabat bozordagi bor o‘yinchilar safining muntazam qisqarishiga sabab bo‘lyapti, taklif yanada kamayyapti.

Ko‘pchilik bu vaziyatda davlat aralashuvini istaydi. Ammo xususiy mulk konstitutsion kafolat ostida, uning egasi istaganicha tasarruf etadi. Mulk egasini nimagadir majburlash qonunlarga ham, xalqaro obro‘ga ham to‘g‘ri kelmaydi. Faqat rag‘batlantiruvchi mexanizmlarni kuchaytirish bilangina natijaga erishish mumkin;

3. Ko‘pchilik huquqiy munosabatlarda himoya bo‘lishi uchun ijara shartnomasi tuzish zarurligini ta’kidlaydi. Bu albatta to‘g‘ri, ammo reallikdan yiroq. Aslida ijara shartnomasi har ikki tomon manfaatiga xizmat qiladi. Ammo bizda bu ijaraga oluvchining ortiqcha talabi sifatida qabul qilinadi. Ijaraga beruvchida shundoq ham tanlov imkoniyati ko‘p bo‘lgani uchun ortiqcha qog‘ozbozlikni so‘ramaydigan, xarajatga tushirmaydigan va haqini talab qilavermaydigan xaridorni tanlab oladi, qonunni va huquqlarini pesh qilaveradiganlardan nariroq yurishga harakat qiladi. Ijara rasmiy shaklda tuzilishi kerakligi haqidagi qoidaga amal qilinmasligida ham yetarlicha muammolar kelib chiqadi. Bu borada byurokratiya maksimal yo‘qotilgan, istagan odam bir necha daqiqada shartnomani rasmiylashtirishi mumkin;

4. Ijaraga yashovchilarning aksariyati muhtojlar, biroq ularga ko‘mak beruvchi homiylik harakatlari deyarli kuzatilmaydi. Har xil niyat bilan olib qo‘yilgan, lekin bo‘sh turgan uylar juda ko‘p. Ammo ortiqcha mulkini bepul berib qo‘ygan, to‘lovlarga ehson qiladigan, talabalarga boshpana taklif qilganlarni uchratmaymiz. Holbuki rivojlangan davlatlarda bunday xayriya ishlari ancha rivojlangan, talabalar hatto talash bo‘lishadi;

5. Ijara bahosi balandligining muhim ildizlaridan biri uy-joylar narxining daromadlarga nisbatan qimmatligi, ipoteka bozorining hanuz falaj ahvoldaligi. Juda ko‘pchilik, aniqrog‘i hamma ijaraga to‘lab yurgan pulini sal ko‘proq qilib bo‘lsa-da, kelajakda o‘ziga qoladigan uyga to‘lashni istaydi. Lekin amalda unday taklif yo‘q, bori ham noreal. Ko‘chmas mulkni qimmat narxda sotib olgan mulkdor uni arzonga berishi mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi;

6. Taranglik poytaxt Toshkentda ayniqsa jiddiy. Buning ildizi umumiy ijtimoiy/iqtisodiy muammolarda. O‘zbekistonda barcha sohalar o‘ta markazlashgan, yoshlarga o‘z salohiyatlarini namoyish etish, ish topish, o‘qish kabi masalalarda hech bir shahar Toshkentga qisman bo‘lsa-da muqobil bo‘la olmaydi. Bundan tashqari boshqa hech qayerda yo‘q doimiy kommunal ta’minot (svet, gaz, suv va hatto issiq suvning muntazamligi) poytaxtga intilishni yanada kuchaytiradi. Ayni paytda chetdan kelayotganlarning aksariyati Toshkentni manzil tutayotgani murakkablikni oshirmoqda.

Bugungi kunda poytaxtda 300 dollarga ijara uy topish deyarli ilojsiz, 400 dollarga muammo, 500 dollarga tanlov imkoniyati cheklangan bo‘lib qoldi. Faqat 600 dollar va undan yuqori segmentda haqiqiy bozor qonuniyati qisman ishlayapti, ya’ni ijara beruvchi o‘zi qiziqib xaridor qidiryapti. O‘zbekistondagi o‘rtacha daromadlarga nisbatan olinganda bu narx o‘ta qimmat. Er-xotin birga ishlagan taqdirda ham topganini faqat ijaraga to‘lashiga to‘g‘ri keladi.

Ijara qiymatining oylik daromadga nisbatan hajmi butun dunyoda o‘ziga xos indeks hisoblanadi. Bu borada norasmiy tarzda umumqabul qilingan ko‘rsatkich bor – agar inson o‘z daromadining 30 foizini ijara uchun sarflasa, o‘zini iqtisodiy jihatdan mustaqil hisoblashi va oilasi budjetini rivojlantirish imkoniyatiga ega bo‘lishi mumkin. Agar ijara oylik daromadning 40 foizidan oshsa, og‘irlik qila boshlashi, 50 foiz va undan yuqori ko‘rsatkichlarga chiqishi insonni murakkab vaziyatga tushirishi hisoblab chiqilgan. Toshkentda esa bu borada kritik nuqtadan ham o‘tib ketildi.

Abror Zohidov

Ko‘proq yangiliklar: