Futbol amerikaliklar qo‘liga o‘tmoqda

Sport 16:40 / 11.10.2022 28685

Jahon futbol bozorida joriy yilning eng yirik ikkita bitimi – Roman Abramovich «Chelsi»ni 4,25 milliard funtga sotishi va RedBird Capital Partners «Milan»ni 1,2 milliard yevroga sotib olishidir. Bir qarashda bu voqealar bir-biriga umuman o‘xshamaydi.

Abramovich Buyuk Britaniya joriy qilgan sanksiyalar tufayli klubni sotishga majbur bo‘ldi. Bitim favqulodda rejimda amalga oshirildi – tender va shartlarni muvofiqlashtirish uch oydan ko‘proq vaqt oldi. Agar tomonlar belgilangan muddatga rioya qilmasa, «Chelsi» professional maqomini yo‘qotishi mumkin edi. Shu sababli ular shoshilishdi. Shu bilan birga, Abramovichning o‘zi sotuvdan bir tiyin ham olmadi – barcha pullar Buyuk Britaniya hukumati nazorati ostidagi xayriya hisobiga o‘tkazildi.

«Milan» bilan kelishuv esa aksincha, oldindan yaxshilab tayyorlandi. Savdo haqidagi mish-mishlar uzoq vaqtdan beri bor edi, biroq faqat 2021 yil oktyabr oyida klubning sobiq egasi Elliot Management Corporation fondi vakili tomonidan rasman tasdiqlandi. Sotishning sababi – fondning foyda olish istagi, ya’ni sotib olinganidan qimmatroq narxda sotish.

Ammo ikkala kelishuvda umumiy holatlar borligi shubhasiz: «Chelsi» ham, «Milan» ham Amerikaning investitsiya kompaniyalari tomonidan sotib olindi va bu tasodif emas.

Amerikaliklar bir necha yildan buyon Yevropa futbolidagi yetakchi davlatlar klublarini sotib olmoqda. Yevropaning eng boy ligasi bo‘lgan APLda 20 klubdan 11 tasi ma’lum darajada AQSh fuqarolariga tegishli. Italiya A Seriyasida – 5 ta.

Bu hali hammasi emas. Navbatdagi amerikalik investorlar «Bornmut», «Everton» va «Inter» klublarini sotib olish bo‘yicha muzokara olib bormoqda. Bu bitimlar amalga oshishi kafolatlanmagan, lekin har qanday holatda ham amerikaliklar tomonidan futbol aktivlarini sotib olish jarayoni davom etadi.

Futbol 2000-yillargacha amerikaliklarni umuman qiziqtirmagan. Nega?

Javob oddiy: Yevropada juda mashhur bo‘lishiga qaramay, bu sport turi biznes sifatida amerikaliklar nuqtayi nazaridan unchalik katta ahamiyatga ega emasdi.

Yevropa mamlakatlaridagi futbol tamoyillari Amerikadagi professional sport ligalari tuzilishidan tubdan farq qilardi. 1960-yillardan boshlab NBA, NFL, NHL va MLB foydali biznes loyihalari sifatida rivojlandi.

Professional sport Qo‘shma Shtatlarda shou-biznesning alohida sohasiga aylandi, bunda tijoriy muvaffaqiyat sport natijalariga nisbatan katta ahamiyatga ega edi. Ligalar va klublarni boshqarishga yirik sanoat va moliyaviy kompaniyalarning top-menejyerlari jalb qilindi, ular korporativ biznes tamoyillarini boshqaruvga olib kirishdi va sport loyihalarini xuddi yirik brendlar yoki investitsiya banklari kabi boshqarishdi.

G‘alaba va unvonlarga e’tibor qaratgan Yevropa futboli boshqa yo‘ldan bordi. Sport natijalariga erishish uchun ambitsiyali klublarning xo‘jayinlari va rahbarlari eng kuchli futbolchilarni taklif qilishga mablag‘ sarfladi. Biroq, sovrinlarni monetizatsiya qilishning aniq sxemasi yo‘q edi.

Klublar daromadining asosini matchday tashkil etardi – o‘yin kuni chiptalar va futbolga turdosh tovarlarni sotish. Albatta, muvaffaqiyatli natijalar yevrokuboklardagi ishtirok hisobiga uy o‘yinlari sonini ko‘paytirdi va chiptalar narxini oshirdi (demak, daromadni ham). Ammo bu amerikaliklarni qiziqtiradigan biznes modeli emasdi. Qo‘shma Shtatlarda professional klublar homiylar bilan tuzilgan tijorat shartnomalaridan, reklama va TV huquqlarini sotishdan daromad olishardi.

Bunga infratuzilma bilan bog‘liq muammolarni ham qo‘shish mumkin – ko‘plab Yevropa stadionlari XIX asr oxiri yoki XX asr boshida qurilgan va amerikaliklarning qulaylik, xavfsizlik va jozibali televizion tasvir haqidagi g‘oyalariga mos kelmas edi. Bundan tashqari, tribunalarda bezorilar hukmronlik qilishi, ayniqsa Angliya va Italiyada, to‘lovga qodir jamoatchilikni cho‘chitar edi.

Taqdir taqozosiga ko‘ra, aynan bezorilar, to‘g‘rirog‘i, ularga qarshi kurash Yevropa futbolini Amerikacha yondashuvga yuz tutishga undadi. Stadionlardagi tartibsizliklar muammosi ayniqsa dolzarb bo‘lgan Angliyada navbatdagi fojiadan so‘ng (1989 yilda, Sheffilddagi «Hillsboro» stadionidagi tiqilinchda 97 kishi halok bo‘lgach), o‘yinlar xavfsizligiga jiddiy e’tibor qaratildi.

Lord Piter Teylorning (Buyuk Britaniya Adliya vazirligi rahbari) parlamentdagi hisobotidan so‘ng, klublarga tribunalardan tik turiladigan joylarni olib tashlash buyurildi (bundan quyi divizion jamoalari istisno qilindi). Natijada, arenalar sig‘imi 10 foiz yoki undan ham ko‘proqqa qisqardi. Oqibatda klublarning asosiy daromad manbayi bo‘lgan chiptalar sotuvidan tushadigan daromadi kamaydi.

Yo‘qotishlar o‘rnini qoplash uchun Angliyaning eng yirik klublari egalari islohotlar haqida o‘ylashdi, uning mohiyati – chempionatning tijoriy qismini rivojlantirish edi. Natijada 1992 yilda Angliya Premer-Ligasi tashkil etildi.

Islohotlarning ko‘plab asosiy elementlari AQSh sport ligalaridan olindi: o‘z brendiga aloqador tovarlarni sotishdan tortib, mediahuquqlarni sotishdan tushadigan daromad ulushini oshirishgacha.

Premer-Liganing shakllanishi, shuningdek, Yevropaning boshqa ligalaridagi, yevrokuboklardagi islohotlar Yevropa futbolini xalqaro investorlar uchun bir zumda jozibador qilib qo‘ymadi.

Yevropadagi klublar an’anaviy fan-klublar (Germaniya, Ispaniya) yoki mahalliy biznes vakillariga tegishli edi. Angliyada Yevropaning boshqa ko‘plab joylari qatori futbol klublari zavod ishchilari tomonidan tashkil etilgan. Bu ko‘p jihatdan mamlakatning yirik sanoat markazlari – Liverpul, Manchester, Lids, Byornli, Preston, Nyukasl shahri klublarining dastlabki yillardagi ustunligini tushuntiradi.

Ba’zi hollarda korxona egalari ham ularga moliyaviy yordam berib turgan. XIX asr oxirida klublar ishchilar uyushmasidan xususiy biznes qo‘liga o‘ta boshladi. Bu birinchi navbatda futbolga bo‘lgan qiziqish ortishi, o‘yinlarga ko‘proq muxlislar kira boshlagani, kattaroq stadionlarga ehtiyoj paydo bo‘lgani sababli edi. Biroq, chipta sotishdan tushgan mablag‘ qimmat qurilish loyihalarini boshlash uchun yetarli bo‘lmagani bois klublar pul yig‘ish maqsadida aksiyalar chiqarishni boshladi.

1888 yilda «Smol Hit» klubi (hozirgi «Birminghem Siti») birinchi bo‘lib aksiyadorlik jamiyatiga aylandi. «Everton» esa aynan shunday yo‘l bilan 1892 yilda «Gudison Park» stadionini qurdi va hozirgacha shu joyda o‘ynamoqda.

1921 yilga kelib, 86 ta ingliz futbol klubining 84 tasi qonuniy ravishda xususiy edi. Aksiyalar hammaga sotilgan bo‘lsa-da, mahalliy yirik tadbirkorlar ularning ancha qismini o‘z qo‘lida to‘play boshladi.

Lekin ko‘p hollarda futbol klubiga egalik qilish daromad keltirmasdi. Masalan, 1908/09 yillar mavsumi oxirida 62 klubdan faqat 6 tasi dividend to‘lay olgan. Qolganlari hech qanday daromadsiz faoliyat yuritgan.

Shu sababli, jamoalarni saqlab qolish uchun motivatsiya ko‘pincha nomoddiy edi – masalan, mahalliy jamoatchilik oldidagi burch hissi. Angliyada futbol ishchilar sinfining ermagidan ijtimoiy hodisaga aylandi, klublar stadion atrofidagi mahallalar aholisini birlashtirar edi. Futbol daromad keltirmasa-da, bunday hamjamiyatga yordam berish obro‘li va sharafli edi. Klublar avloddan avlodga meros qoldirilardi: masalan, 1905 yilda «Chelsi»ga asos solgan tadbirkor Gas Mirs avlodlari 1982 yilgacha klubga egalik qilishgan.

Klublar har doim ham daromad uchun sotib olinmaydi. Nega?

KPMG yirik xalqaro kompaniyasi tomonidan 2020 yilda chop etilgan tadqiqot shu ko‘rsatadiki: ishbilarmonlar tomonidan futbol klublarini sotib olishga uchta sabab bor: siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy-madaniy. Ba’zi hollarda, klub egalari u yoki bu darajada motivatsiyaning barcha uch turiga ega bo‘lgan. Ammo bittasi yetarli bo‘lgan misollar ham bor.

Angliyadagi klublarning yuqorida tavsiflangan eski maktab modeli motivatsiyaning uchinchi turiga – ijtimoiy-madaniyga tegishli. Bunday yondashuvda klublar tijorat korxonalari sifatida emas, balki tadbirkor uchun mahalliy aholini birlashtirgan platformani boshqarish va shu orqali o‘zi o‘sib-ulg‘aygan kichik jamiyat oldidagi burchini ado qilish imkoniyati sifatida ko‘rilgan.

Biroq, so‘nggi yillarda futbol aktivlarini sotib olayotgan yirik xalqaro biznes vakillari uchun butunlay boshqa maqsadlar muhim.

Roman Abramovichning 2003 yilda «Chelsi»ni sotib olishi siyosiy motivatsiyaga misol bo‘la oladi. Rossiyalik tadbirkor o‘sha paytda futbol orqali pul ishlab topishni maqsad qilmagan. «Sibneft» kompaniyasini «Gazprom»ga 13,1 milliard dollarga sotgach, uning pulga muhtojligi yo‘q edi. «Chelsi»ni sotib olish Abramovichga o‘sha paytdagi muhim PR vazifasini hal qilishga yordam berdi – bunday shov-shuvli tadbir orqali dunyoga o‘zini tanitdi. Rossiyada har doim o‘zini ommadan olib qochishga harakat qilgan tadbirkor butun dunyodagi o‘n millionlab odamlarga darhol tanildi. Muhimi – uni Rossiyada keng ko‘lamli xususiylashtirish davridagi shubhali bitimlar ishtirokchisi sifatida emas, balki yirik futbol klubiga yangi hayot va ambitsiyalarni baxsh etgan shaxs sifatida tanib qolishdi.

KPMG fikriga ko‘ra, siyosiy motivatsiyaning yana bir jihati – futbol olamidan tashqarida bo‘lgan kerakli odamlar bilan aloqa bog‘lash imkoniyati. Futbolga bo‘lgan ehtiros juda ko‘p nufuzli va yuqori martabali odamlarni birlashtiradi va futbol klubi egasi VIP-lojaning norasmiy muhitida kerakli aloqalarni o‘rnatib olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Foto: Reuters

KPMG tomonidan ta’riflangan siyosiy motivatsiyasining yana bir komponenti Abramovich uchun mos emas, lekin arab davlatlaridan kelgan investorlarning motivlarini aks ettiradi. Tadqiqotda ular «geosiyosiy» deb atalgan – klub sotib olish ma’lum bir shaxsning emas, balki butun mamlakatning imijini yaxshilaydi. «Manchester Siti», «PSJ» va «Nyukasl»ni sotib olgan BAA, Qatar va Saudiya Arabistoni investorlari xususiy firmalar emas, balki bu mamlakatlardagi hukmron sulolalar bilan bog‘liq katta jamg‘armalardir.

Arab shayxlarining yangi avlodi vakillari o‘z mamlakatlarining xalqaro qiyofasini o‘zgartirmoqchi ekanini yashirmayapti. Ularning fikricha, dunyodagi eng mashhur o‘yinga aloqador bo‘lish, ko‘plab maqsadlarga erishish yo‘lida «yumshoq kuch» vositasiga aylanadi.

So‘nggi paytlarda sof iqtisodiy motivatsiya ham paydo bo‘ldi, chunki endi futbolda yaxshi pul ishlab olish imkoniyati tug‘ildi. Ayniqsa, futbolni tijoratlashtirish bo‘yicha Yevropaning eng ilg‘or davlati – Angliya haqida gap ketganda. Nisbatan qisqa vaqt ichida katta foyda olish imkoniyati bor joyda esa amerikalik investorlar muqarrar ravishda paydo bo‘ladi.

«Amerikaliklar hech qachon braziliyaliklar kabi futbol o‘ynashni o‘rganib olmasa kerak. Ammo futbol biznesi haqida gap ketganda, Qo‘shma Shtatlar futboldagi Braziliyaga o‘xshaydi», – deb yozdi Inc jurnali muharriri Bill Saporito. – Bitimlarni tuzish, kapitalni jalb qilish, moliyaviy ijodkorlikni namoyish etish borasida amerikaliklarga teng keladigan odam yo‘q. Chunki biznes shunday o‘yinki, unda AQSh haqiqiy va shubhasiz jahon chempionidir».

Gleyzerlar Premer-Ligada kashshoflar edi. Nega muxlislar ularni yomon ko‘rishadi?

Har qanday investorning maqsadi – muntazam daromad keltiradigan aktivga pul sarflash, kelajakda narxi oshganidan keyin esa foydali sotishdir. Investitsiyaning turli strategiyalari bor. Masalan, daromadni kafolatlaydigan qimmatli qog‘ozlarga sarmoya kiritish mumkin. Bunday investitsiya bilan bog‘liq xatarlar minimal, ammo daromad juda katta bo‘lmaydi.

Aksincha, istiqbolli startaplarga sarmoya kiritish mumkin. Muvaffaqiyatli chiqsa, foyda juda katta bo‘ladi, ammo investitsiya qilingan pulning yonib ketish xavfi katta. Investor uchun ideal variant – ba’zi sabablarga ko‘ra yetarlicha qadrlanmagan, ko‘pdan beri ishlayotgan, yetuk biznesni topishdir. 2010-yillarda ingliz futbol klublari amerikalik moliyachilar uchun aynan shunday biznesga aylandi.

Ammo birinchi marta Amerika kapitali ingliz futbolida biroz oldinroq paydo bo‘lgandi. Floridalik moliyachi Malkolm Gleyzer 2003 yilda, Roman Abramovich «Chelsi»ni sotib olganidan bir necha oy o‘tgach, o‘sha paytdagi eng muvaffaqiyatli ingliz klubi «Manchester Yunayted»ni qo‘lga kiritishga urinib ko‘rdi.

Abramovich va Gleyzer bitimlari o‘rtasida katta farq bor. Rossiyalik oligarx «Chelsi»ni britaniyalik tadbirkor Ken Beytsdan 140 million funt shaxsiy mablag‘iga sotib oldi. Hamma xursand bo‘ldi – klub kreditorlari 80 million funt miqdoridagi qarzni qaytarib olishdi, bu qarzni Beytsning o‘zi to‘lay olmas edi. Sobiq xo‘jayin muammoli aktivdan, qarzlardan xalos bo‘ldi va ingliz matbuoti yozganidek, Abramovichdan 18 million funt oldi. Londonga ko‘chib o‘tgan Abramovich klub yordamida mashhurlik va nufuzga, «Chelsi» muxlislari esa umid va unvonlarga ega bo‘ldi.

Foto: Getty Images

Gleyzerlar – bu boshqacha voqea. Xarid paytida «Manchester Yunayted»da na moliyaviy, na sport natijalari bilan bog‘liq muammolar bo‘lgan. Xarid asosan, birjada «Manchester Yunayted» aksiyalari sotilishi tufayli yuz beradi.

Aynan o‘sha yerda Gleyzerlar klubni qo‘lga kiritish jarayonini boshlaydi. 2003 yil sentabriga kelib, ular «Manchester Yunayted» aksiyalarining 3 foizidan ko‘prog‘iga ega bo‘lishdi, bu esa ularga soyadan chiqishga imkon berdi.

Gleyzerlarning aksiya sotib olishi «MYu» muxlislari noroziligiga olib keldi. Tez orada amerikalik investorlarga qarshilik ko‘rsatish Britaniya futbolida odatiy holga aylandi. Asosiy sababni g‘oyaviy deb atash mumkin – amerikaliklar klubga asosan daromad manbayi sifatida qarashadi, britaniyaliklarga esa bunday yondashuv yot. Agar barcha daromad jamoani kuchaytirishga sarflansa, muxlislarga ko‘proq yoqadi. Abramovich va «Siti» shayxlari kabi xo‘jayinlar yangi futbolchilar uchun yonidan pul sarflasa, yanada yaxshiroq.

Gleyzerlar 2005 yilda mashhur LBO (leveraged buyout) moliyaviy sxemasi orqali «Manchester Yunayted»ni butunlay sotib olishdi. Bunda aktiv garovga qo‘yilib, qarzga olingan mablag‘ hisobiga sotib olinadi, qarz esa kelajakda olinadigan foydadan to‘lanadi. Ya’ni Gleyzerlar yuqori foiz stavkasida qarz olib, «Manchester Yunayted» aksiyalarini sotib olishdi. Qarzni esa klub gardaniga yuklashdi va «MYu» bu qarzni hozirgacha to‘lab kelmoqda.

Gleyzerlar o‘z cho‘ntagidan sarflagan mablag‘ni dividend sifatida qaytarib olishdi. Albatta, bunday sxemalar bilan muxlislar muhabbatini qozonish qiyin.

«Manchester Yunayted» ortidan amerikaliklar yana bir katta ingliz klubini sotib olishdi. 2007 yilda Jorj Jillett va Tom Hiks «Liverpul» aksiyalarini qo‘lga kiritishdi. Avvaliga bu kelishuv ko‘proq «Chelsi» va Abramovich hikoyasiga o‘xshardi. «Liverpul»ga yarim asr mobaynida egalik qilgan Mur oilasi klubni yuqori saviyaga olib chiqish uchun mablag‘i yetarli emas deb hisobladi va unga boy xaridor topdi. Amerikaliklar esa unga yangi stadion qurishga ham va’da berishdi.

Foto: Getty Images

Amalda kelishuv «Liverpul» uchun dahshatli tushga aylandi – amerikaliklar va’dalariga zid ravishda Gleyzer sxemasidan foydalanishdi va klub gardaniga katta qarz yuklab qo‘yishdi. Yangi stadion qurish rejasi 2008 yilgi moliyaviy inqiroz tufayli bekor qilindi. Bundan tashqari, Hiks va Jillett o‘zaro janjallashib, moliyaviy ahvoli yomonlashib borayotgan klubni boshqarishdan ko‘ra, mojaroni bartaraf etishga e’tibor qaratishdi. Natijada, klub asosiy kreditor Royal Bank of Scotland qo‘liga o‘tdi va hozirgi egasi Jon Genri boshchiligidagi Fenway Spors Group kompaniyasiga sotildi.

Yangi rahbariyat nafaqat moliyaviy ahvolni to‘g‘riladi, balki Devid Mur orzu qilganidek, klubni ingliz futboli yetakchisiga aylantirdi. Yangi stadion qurishga hojat qolmadi – eski, qadrdon «Enfild» qayta ta’mirlandi, bu muxlislarni behad quvontirdi.

Ammo Jillett va Hiks voqeasi – ibratli. Ingliz klubini sotib olish avtomatik ravishda daromadni kafolatlamaydi, muvaffaqiyatsizliklar ham bo‘lib turadi. Biroq, ular juda kam uchraydi.

Hozir amerikaliklar o‘rtamiyona klublarni ham sotib olmoqda. Bu nimaga kerak?

2000-yillarning birinchi to‘lqinidagi amerikalik investorlar (Gleyzerlar va «Liverpul» egalariga «Arsenal»ni 2007 yilda sotib olishni boshlagan Sten Kronkeni ham qo‘shsa bo‘ladi) Angliyadan tashqarida ham katta auditoriyaga ega bo‘lgan yirik brendlarga e’tibor qaratishdi. «Manchester Yunayted», «Liverpul» va «Arsenal» klublari tijorat bo‘limlarining asosiy ishi xalqaro shon-shuhratni tashqi bozorlarda monetizatsiya qilishga qaratildi, ayniqsa, juda yirik bo‘lgan Osiyo bozorlarida.

Ingliz klublarini qo‘lga kiritish harakatlarining ikkinchi to‘lqini 2010-yillar o‘rtalarida boshlandi va o‘zgacha xarakterga ega edi. Qizig‘i shundaki, faqat katta nomdagi klublar talabgir bo‘lib chiqmadi. Investorlar umuman har qanday klubga qiziqish bildirishdi, hatto Chempionship yoki Birinchi liga ishtirokchisiga ham. «Fulhem», «Ipsvich» yoki «Plimut»ni sotib olgan sarmoyadorlar har holda Koreya va Tailand bozorlaridan keladigan daromadga umid bog‘lamagandi. Gap boshqa narsada bo‘lib chiqdi.

2013 yildan boshlab, Premer-Liga o‘yinlarini namoyish etish huquqi narxi keskin oshdi. Ketma-ket ikkita davr mobaynida (2013-2016 va 2016-2019) APLda teleradiokompaniyalardan tushgan daromad 70 foizga o‘sib, hayratlanarli tarzda 5,1 milliard funtga yetdi. Parallel ravishda tijorat daromadlari ham o‘sdi. Bularning bari tabiiy ravishda foyda oshishiga olib keldi.

Masalan, Gleyzerlarning birinchi mavsumida (2004/05) «Manchester Yunayted»ning daromadi 246 million yevroni tashkil qilgan bo‘lsa, uning yarmidan sal kamrog‘i (42 foiz) matchday daromadiga to‘g‘ri kelardi. Pandemiyadan oldingi davrda (2018/19) umumiy daromad miqdori 711 million yevroga yetdi. Shu bilan birga, chiptalar va abonement savdosidan tushgan daromad deyarli o‘zgarishsiz qoldi – 2005 yilda 103 million yevro, 2019 yilda 120 million yevro. Boshqa tomondan, mediahuquqlar va tijoratdan olingan daromad to‘rt baravardan ko‘proq o‘sdi – ularning klub daromadlari tarkibidagi umumiy ulushi 83 foizni tashkil etdi. Bu raqamlar Amerika bozorini eslata boshladi, shu sababli, chet ellik investorlarning qiziqishi ortdi.

Yevropa klublarining ko‘plab amerikalik xaridorlari o‘z yurtida sport aktivlarini boshqarish tajribasiga ega edi. Masalan, Gleyzerlar «Tampa-Bey Bakkanirs» amerikacha futbol klubiga, «Liverpul» bilan muvaffaqiyatsizlikka uchragan Jillett va Hiks «Monreal Kanadiyens» va «Dallas Stars» hokkey klublariga, ularning o‘rnini egallagan Jon Genri «Boston Red Soks» beysbol klubiga, Sten Kronke «Kolorado Evelansh» hokkey klubi, «Denver Naggets» basketbol klubi va «Kolorado Repids» futbol klublariga egalik qiladi.

Soha sarmoyadorlarining Yevropa aktivlariga bo‘lgan qiziqishi ularning Amerikadagi shunga o‘xshash loyihalarga nisbatan arzonligi bilan ham bog‘liq. Amerikada ushbu biznesga kirish chiptasi juda qimmat turadi. Masalan, 2022 yilda MLS chempionatiga qo‘shilish uchun «Sharlott» futbol klubi xo‘jayinlari 325 million dollar a’zolik badalini to‘lagan. Bundan tashqari, ular yangi futbolchilar va stadion qurish uchun ham pul sarflashi kerak edi. Taqqoslash uchun, 1998 yilda MLS chempionatiga qo‘shilgan «Chikago Fayr» egalarining badal puli 20 million dollarni tashkil qilgan.

Sportga bevosita aloqador bo‘lmagan kompaniyalar ham Yevropa klublarini sotib olishga kirishdi. Masalan, xususiy investitsiya fondlari. Ular boshqa odamlar yoki pensiya jamg‘armalari pullarini boshqaruvchi professional menejyerlardir. Ularning vazifasi – mijozlarning pulini ko‘paytirish va o‘zining foizini olishdir.

«Odatda, bunday firmalar uchun sarmoya muddati 3-5 yilni tashkil etadi, shundan so‘ng ular aktivni foyda bilan sotishadi. Lekin futbolda narx oshishi uchun ko‘proq vaqt talab qilinishi mumkin», deydi Amerikaning Empower Capital kompaniyasi moliyaviy tahlilchisi Andrea Zanon.

Uning so‘zlariga ko‘ra, investitsiya fondlarining futbolga qiziqishi cho‘qqisi 2020-21-yillarga to‘g‘ri keldi, o‘shanda ko‘plab Yevropa klublari pandemiya tufayli jiddiy yo‘qotishlarga uchragan – matchday daromadi deyarli nolga tushib qolgan, tijorat daromadlari pasaygan, ammo klublarning asosiy xarajatlari, masalan, futbolchilarning maoshi o‘zgarishsiz qolayotgandi.

Ko‘pgina klublar amerikalik investitsiya bankirlari uchun oson o‘ljaga aylandi va pandemiyadan oldingi narxlarga nisbatan sezilarli chegirma bilan sotildi. Bu ko‘proq quyi liga klublariga taalluqli edi.

Investorlar uchun hisob-kitob oddiy – ular arzon sotib oladilar, boshqaruv tuzilmasini takomillashtiradilar, balki jamoaga biroz sarmoya kiritadilar. Agar klubning saviyasi ko‘tarilsa, yuqori ligalarga chiqsa, sovrinlarni qo‘lga kiritsa, aktivning narxi keskin oshadi. Natijada uni sotib, foyda olish mumkin bo‘ladi.

Amerikaliklar A Seriya klublarini sotib olmoqda. Ular inglizlarnikidan arzonroq, lekin xatarlar bor

AQSh futbol sarmoyadorlari uchun yana bir muhim yo‘nalish bu Italiya. Va bunda mantiq bor. Angliya klublariga bo‘lgan talab yuqoriligi narxlarni oshirmoqda va endi hatto APL autsayderi uchun ham kamida 200 million funt to‘lashga to‘g‘ri keladi. Italiyada esa osonroq.

A Seriya nafaqat APL, balki Yevropaning boshqa ligalaridan ham afzalroq. Ispaniyada va ayniqsa Germaniyada ko‘pchilik klublarni hali ham muxlislar hamjamiyati boshqaradi. Ular mashhur tadbirkorlar ichidan (masalan, «Real» prezidenti Florentino Peres – yirik qurilish kompaniyasi egasi) yoki yirik kompaniyalarning sobiq va amaldagi top-menejyerlari orasidan klub rahbarlarini saylashadi (masalan, «Bavariya» prezidenti Herbert Hayner Adidas kompaniyasi sobiq bosh direktori).

Aynan shunday sxema tufayli Ispaniya klubiga egalik qilish qiyin – xaridni muxlislar hamjamiyati ma’qullashi kerak va bu ko‘pincha bankrotlik tahdidi yuzaga kelgan taqdirdagina yuz beradi. Germaniyada klubga egalik qilishning bunday sxemasi xususiy biznes egalariga aksiyalarning nazorat paketini sotib olishni taqiqlovchi qonun bilan to‘liq himoyalangan. «RB Leypsig» misolida ko‘rilganidek, bu me’yorlarni juda katta xohish va istak bo‘lsagina chetlab o‘tish mumkin. Ammo bu qoidadan istisno va amerikaliklar uchun juda murakkab sxema.

Demak, Italiya A Seriyasi va Fransiya Liga 1 musobaqasi qoladi. Bunda ham italiyaliklarda ustunlik bor – yuqori raqobat, nomdor klublar ko‘proq, muxlislarning katta bazasi va raqobatdosh sport turlari yo‘qligi (masalan, Fransiyada futbol bilan regbi raqobatlashadi).

Biroq, ba’zi muammolar ham bor, Forbes 2021 yilda ularni sanab o‘tgan edi. Ko‘zga tashlanadigan asosiysi – TV shartnomalari narxi bo‘yicha A Seriya nafaqat APLdan, balki Bundesliga va La Ligadan ham sezilarli darajada orqada. 2021 yilda imzolangan yangi bitimga ko‘ra, A Seriya har mavsumda 910 million yevro ishlab oladi (840 mln yevro DAZN platformasidan, yana 70 mln yevro Sky telekompaniyasidan). Taqqoslash uchun – Germaniyada bu qiymat 1,1 mlrd yevro, Ispaniyada – 1 mlrd yevro.

Yana bir qiyinchilik – infratuzilmaning yomonlashishi. Ko‘pgina klublar juda eski stadionlarda o‘ynamoqda, ular asosan shahar ma’muriyatiga tegishli. Amerikaliklar uchun yangi arena qurilishiga sarmoya kiritish muammo emas – ular qurilishni boshlashga tayyor. Bunda stadion atrofida qo‘shimcha binolarni qurish va ijaraga berish, qurilish kreditini o‘z cho‘ntagidan emas, balki klub daromadidan to‘lash orqali xarajatlar qoplanishi mumkin (masalan, Kronke «Emireyts» stadioni bilan shu sxemani amalga oshirgan). Biroq, Italiyada bunday tashabbuslar byurokratik to‘siqlarga duch keladi.

«Fiorentina» xo‘jayini Rokko Komisso 90 yil avval ochilgan va oxirgi marta 1990-yilgi jahon chempionati oldidan yangilangan «Artemio Franki» stadioni o‘rniga yangi arena qurish bo‘yicha shahar ma’muriyati bilan 2019 yildan beri muzokara olib bormoqda. Bu faqat Florensiya muammosi emas. Italiya futbol federatsiyasining 2021 yilda e’lon qilingan hisobotiga ko‘ra, 2010 yildan buyon Italiyada atigi uchta yangi stadion qurilgan, Yevropada bu ko‘rsatkich 153 taga teng.

«Italiya futbolida keskin o‘zgarishlar bo‘lishi uchun Italiya siyosiy tizimi darajasida qarorlar qabul qilish kerak», – deya Komissoning so‘zlarini keltiradi Forbes. – Aks holda, Italiya klub futboli raqobatchilari – Angliya, Germaniya va Ispaniya chempionatlaridan ortda qolishda davom etadi. Va bu bo‘shliqni bartaraf etishning iloji bo‘lmaydi».

«Yevropa futboliga jahon investorlari kelishi tabiiy jarayon va jahon iqtisodiyotidagi vaziyatning aks etishidir», – deydi Chikago universiteti va Oliy iqtisodiyot maktabi professori Konstantin Sonin. «Klublar global aktivga aylanganda, har tomondan investorlar keladi. Va har qanday boshqa bozorda bo‘lgani kabi, Yevropa futbolida ham amerikalik investorlar eng faol. APL rivojlanish bo‘yicha raqobatchilardan 10-15 yil oldinga o‘tib ketdi. Boshqa barcha turnirlar ularga yetib olish jarayonini boshlagan. Angliyaning asosiy ustunligi shundaki, bugungi kunda Premer-Liga klublari tijorat firmalari sifatida faoliyat yuritmoqda, shuning uchun biznesning u yerga kirib borishi oson».

«Sport jamoalari narxi deyarli har doim oshib bormoqda, shu sababli futbol klublarini sotib olish qimmatlashaveradi. Bu shuni anglatadiki, kelajakda hatto kichik jamoalar uchun ham faqat milliarderlar sinfi kurasha oladi. Dunyodagi hech bir mamlakatda Amerikadagi kabi ko‘p sonli milliarder yo‘q», – deb ta’kidlaydi Inc jurnali muharriri Bill Saporito.

Uning fikriga ko‘ra, amerikaliklar bilan faqat arab shayxlari raqobatlasha oladi, ammo ularni moliyaviy feyr-pley tiyib turibdi. Darvoqe, u Amerika biznesi falsafasiga mos keladi (daromadni oshirish bilan birga xarajatlarni kamaytirish). Shu bilan birga, ko‘pchilik amerikalik xo‘jayinlar uchun unvonlar muhim emas.

«Futbol – bu inglizlar ixtiro qilgan go‘zal o‘yin. Ammo endi biz bu amerikaliklarga tegishli ekanini tan olishimiz kerak», – deb xulosa qiladi Saporito.

Ko‘proq yangiliklar: