Itlarga shafqatsizlarcha munosabat: Olotda jonivorlar och qoldirish yo‘li bilan yo‘q qilinmoqda

Jamiyat 21:36 / 08.10.2022 26942

Kun.uz’ga murojaat qilgan fuqaroning aytishicha, itlar Olot tuman obodonlashtirish bo‘limi xodimlari tomonidan suvsiz va ovqatsiz qoldirilgan. Maqsad — itlarni shu yo‘l bilan yo‘q qilish.

Obodonlashtirish xodimlari bu ishini "xizmat vazifasi" deya izohlagan.

Videolarda ochlikdan sillasi qurib, o‘limini kutayotgan ona it va uning atrofidagi chorasiz bolalarini ko‘rish mumkin. 

“Borib qutqarib oldim, yana bir kun qafasda och yotsa, o‘lardi”, deydi fuqaro. 

U bunday holatga 5-6 marta duch kelgan, bu holdan xabar topgach, obodonlashtirish bo‘limidan bir necha marta itlarni uyiga olib ketib davolagan. Ayrim itlarga dori berib o‘ldirilgan. 

Holat yuzasidan izoh olish maqsadida Olot tuman obodonlashtirish bo‘limi boshlig‘i Ubaydullo Qulliyev bilan bog‘landik.

U vaziyatni izohlar ekan, tizimdagi muammolar tufayli shunday qilishga majbur bo‘lishayotganini aytadi.

“Vaqtincha saqlash joyiga olib kelingan itlar odamlarni tishlagan. Holat rasmiylashtirilib, itlar olib kelib qo‘yilgan. Itlar olib kelinganidan keyin kasalmi yoki yo‘qligi aniqlanadi. Hozir davlat doriga pul bermaydi, demak qarovsiz itlarning hammasini dori berib yo‘q qilolmaymiz ham. Itlar ko‘payib ketgan, biz saqlashga majburmiz. Chunki birovni tishlagandan keyin kasal yoki quturgan it bo‘lsa, tekshirish uchun saqlanadi. Och saqlanganiga sabab shuki, vaqtincha itlarni saqlash uchun mablag‘ ajratilmaydi”, - deydi u.

Qulliyevning qo‘shimcha qilishicha, itlarni o‘ldirish masalasi juda og‘riqli. Ilgari aholidan shikoyat tushsa, obodonlashtirish bo‘limlarining itlarni tutish brigadalari borib, dori berib ularni yo‘q qilgan. Hozir doriga ham pul ajratilmayapti.

“Bir tomondan itlarni saqlash uchun sharoit ham yo‘q. Aholining murojaatini bajarmasak ham bo‘lmaydi. Yosh bolalarni qarovsiz itlar quvlaydi. Aholi norozi bo‘ladi. Shunday saqlamasak, odamlar ustimizdan ariza yozadi. Sizlar jurnalist bo‘lib, shu masalada yordam beringlar. Itlarni saqlash uchun talabga javob beradigan saqlash joylari tashkil qilish kerak. Mexanizm ishlab chiqilishi kerak”, - dedi obodonlashtirish bo‘lim rahbari.

Uning gaplarini ekojurnalist Feruzbek Sayfullayev ham tasdiqlaydi.

“Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 8 iyuldagi 202-sonli qarorining 4-ilovasi bilan “Aholi punktlarida itlar va mushuklarni saqlash qoidalari” tasdiqlangan.

Mazkur qoidalarga asosan: Tutib olingan itlar, zotidan qat’i nazar, 5 kun mobaynida saqlanadi va it egasi murojaat qilgan va itning uniki ekanligi (ro‘yxatga olish guvohnomasi, veterinariya guvohnomasi) bilan tasdiqlab, saqlash xarajatlari to‘langan taqdirda egasiga qaytarilishi mumkin. Ko‘rsatib o‘tilgan muddat tamom bo‘lgandan keyin tutib olingan, kasallik belgilari bo‘lmagan zotli itlar saqlash xarajatlari to‘langandan keyin manfaatdor shaxslarga beriladi. Bir o‘ylab ko‘ring, agar videolardagi itlarning egalari topilmasa, ularning taqdiri ayanchli o‘lim bilan yakun topadi?

Vazirlar Mahqamasi tomonidan tasdiqlangan qarorda itlarni 5 kun saqlash uchun ularni boqishga kim mablag‘ ajratishi va o‘ldirish o‘ldirmaslik haqida biror narsa qayd qilib o‘tilmagan. Obodonlashtirish boshqarmasi qoshidagi brigada shu sababli itlarni turli yo‘llar bilan azoblab, qiynab o‘ldirishadi”, - deydi jurnalist.

Eslatib o‘tamiz, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 111-moddasiga ko‘ra hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish, ya’ni ularni g‘arazli yoki boshqa past niyatlarda qiynoqqa solish yoki ularga azob berish, — 900 ming so‘mdan 1 mln 500 ming so‘mgacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi. 

Madina Ochilova tayyorladi
Operator va montaj ustasi Javohir G‘ayratov

Ko‘proq yangiliklar: