Hafta o‘yinlari: «Liverpul» Londonda mehmon, Germaniya va Italiyada derbilar 

Sport 16:23 / 08.10.2022 16343

BRAYTON – TOTTeNHEM (8 oktyabr, 19:00) 

O‘tgan turda bu jamoalardan deyarli teskari natija kutilgan edi. «Brayton» Liverpulga safar qildi va ayniqsa, Potterning «Chelsi»ga o‘tib ketganidan keyin, jamoada imkoniyat yo‘qdek ko‘ringandi. Lekin «Brayton» hatto g‘alabaga ham yaqin bo‘ldi, ikki to‘p farqi bilan oldinda borib, jangovar 3:3 hisobidagi durangni qayd etdi. «Tottenhem»ning qarshi hujumga tayanilgan pragmatik o‘yini uchun esa, bugungi «Arsenal» ancha mos ko‘ringan bo‘lishi ehtimol, lekin yakunda Arteta shogirdlari ishonchli g‘alabaga erishdi. Umuman, «Tottenhem» barcha musobaqalarda oxirgi 4 o‘yinning faqat bittasida g‘alaba qozongani Konte uchun ogohlik qo‘ng‘irog‘i bo‘lishi kerak. Xullas, kuchli to‘rtlikdan joy olgan ikki jamoa o‘rtasidagi bahs ancha qiziqarli o‘tishi kutilmoqda.

Ayniqsa, o‘zaro o‘yinlar raqiblarning ancha munosib ekanini ko‘rsatmoqda. So‘nggi 4 mavsumning faqat bittasida «Tottenhem» uyda va safarda g‘alaba qozongan xolos, qolgan uch mavsumda har ikki tomon bittadan g‘alaba qozongani ham ko‘p narsani aytib turibdi. Aprel oyida bo‘lib o‘tgan oxirgi to‘qnashuvda esa, Trossarning so‘nggi daqiqalardagi goli uchrashuv taqdirini hal qilgandi. Aynan Trossar hozir ham juda yaxshi sport formasiga kirgan – yuqorida tilga olingan «Enfild»dagi o‘yinda u het-trik muallifi bo‘lgandi.

Yo‘qotishlar haqida. Bir pozitsiyada harakat qiladigan Moura va Kulushevski bir necha kunga safdan chiqishgan. Demak, bugun asosiy tarkibda ham Risharlison, ham Sonni ko‘rishimiz mumkin bo‘ladi. Shuningdek, «Arsenal»ga qarshi o‘yinda o‘ng qanot himoyachisi Emerson qizil kartochka olgandi. «Brayton» tarkibida jarohatlanganlar yo‘q.

Bundan tashqari, «Brayton» so‘nggi o‘yinini bir hafta oldin o‘tkazib, tayyorgarlik uchun yetarli vaqtga ega bo‘lgani, «Tottenhem» esa, seshanba oqshomida «Ayntraxt»ga safar qilgani jismoniy tomondan mezbonlarga qo‘shimcha ustunlik taqdim etishi mumkin. 

MILAN – YuVeNTUS (8 oktyabr, 21:00)  

Shubhasiz, Italiyaning eng nomdor ikki klubi – biri A Seriyadagi g‘alabalar bo‘yicha peshqadam bo‘lsa, ikkinchisi, Yevropa turnirlarida eng sovrindor Italiya klubi hisoblanadi. Shuningdek, bu jamoalar o‘rtasidagi raqobat sof futbol maydonida ekanini ham aytish kerak. Masalan, «Milan»ning «Inter» bilan munosabatlari to‘laqonli derbi maqomida, «Yuventus» esa, 2006 yildagi «Modjipoli» voqealarida chempionlik «Inter»ga olib berilgani uchun ham qandaydir futboldan kattaroq ziddiyat bor. «Yuventus» va «Milan» to‘qnashuvi esa asosan futbol maydonida kechgan, har ikki jamoada o‘ynagan futbol yulduzlari juda ko‘p.

Klublar o‘yinga turli kayfiyatda yetib kelishmoqda. «Milan» Londonda yirik hisobda yutqazib, YeChL guruhida juda qiyin ahvolda qoldi, uch kun o‘tib «Chelsi»ga qarshi yana bir hal qiluvchi bahs kutib turibdi. «Yuventus» esa, nihoyat, 5 o‘yinli g‘alabasiz seriyadan so‘ng, avval A Seriyada «Bolonya», keyin YeChLda «Makkabi» darvozasiga uchtadan gol urdi. Milandagi g‘alaba turinliklarni kuchli to‘rtlikka yaqinlashtiradi. «Milan» esa yaqinda «Napoli»ga yutqazgan bo‘lsa-da, Italiyada peshqadamdan u qadar ortda qolib ketmagan, birgina g‘alaba Pioli shogirdlarini hatto 1-o‘ringa qaytarishi mumkin.

Har ikki jamoa, tabiiyki, optimal formadan uzoq, buyog‘iga har qanday top-jamoada shunday bo‘lib boraveradi. Jamoalar uch kun oldin YeChLda o‘yin o‘tkazishdi, buning ustiga jarohatlar ko‘p. Mezbonlar safida asosiy darvozabon Menyan, sardor Teo Ernandes, Kalabriya, Salemakers, Messias, Florensi, Ker va Zlatan Ibrahimovich ushbu o‘yinda sheriklariga yordam bera olishmaydi. «Yuventus»dan esa De Shilo va Pogbadan tashqari, diskvalifikatsiya tufayli Anxel Di Mariya ham maydonga tusha olmaydi. «Makkabi»ga qarshi o‘yinda uchta assistni amalga oshirgan argentinalik futbolchi «Monsa»ga qarshi uchrashuvda hakam tomonidan chetlatilgandi. 

BORUSSIYa D – BAVARIYa (8 oktyabr, 21:30) 

«Bavariya»ning yomon starti ba’zi yillarda bo‘lib turadi va bu Bundesliga muxlislari uchun lotereyadan chiqqan yutuqdek ko‘rinsa kerak. Chunki myunxenliklarning yomon boshlashi odatda, hech bo‘lmasa, mavsumning ikkinchi yarmigacha ligada intrigani ushlab turadi. «Borussiya» kabi jamoalar uchun ham bu ayni muddao – 8 turdan keyin «Bavariya» bilan teng ochkoga ega bo‘lish ham yomon emas. Shundayam, «Kyoln», «Leypsig» va «Verder»ga qarshi o‘yinlardagi mag‘lubiyatlar bilan. Agar «Bavariya»ning odatiy mavsumlaridan biri bo‘lganida, bunday mag‘lubiyatlar bilan «Borussiya» chempionlikdan umidini uzib bo‘lardi. 

Levandovskining ketishi, Sadio Manening jamoaga to‘liq singib ulgurmagani, Nagelsmanning ba’zi tushunarsiz qarorlari natijasida «Bavariya» ligada g‘alabasiz uch o‘yin o‘tkazdi, hatto iste’fo haqida ham fikrlar paydo bo‘la boshlagandi. Ammo oxirgi turda «Bayyer», keyin YeChLda «Viktoriya» ustidan umumiy hisobda 9:0 hisobidagi g‘alaba myunxenliklarning yaxshi formaga qaytganini dalolat qilmoqda. Buning ustiga aynan Dortmundga qarshi o‘yinlarda «Bavariya» ajoyib natija qayd etib kelmoqda – oxirgi 8 o‘yinda myunxenliklarning qo‘li baland kelgan. Bundesliga doirasida oxirgi marta 2018 yilning noyabrida «Bavariya» Dortmunddan ochkosiz qaytgan.

Jarohatlarga to‘xtalsak, mehmonlar safida Tomas Myullerda kovid aniqlangani haqida xabarlar chiqdi. Yana kamida bir hafta u sheriklariga yordam berishi dargumon. Shuningdek, bir oy oldin safdan chiqqan Lukas Ernandes hali tiklanib ulgurgani yo‘q. Terzich jamoasi tarkibida esa, Reyna va Daud o‘ynay olmaydi. 

UDINeZe – ATALANTA (9 oktyabr, 18:00) 

O‘tgan mavsumda Italiyaning uch «ajdarhosi» chempionlik uchun kurashib, yozda yana bir qator transferlarni amalga oshirgach, jiddiyroq poyga kutilgandi, lekin qarangki, 9-turga kelib, peshqadamlik masalasini hal qiladigan o‘yinda «Udineze» va «Atalanta» o‘ynamoqda.

Nafaqat «Udineze», balki «Atalanta»ning ham starti ko‘pchilik uchun syurpriz, zero o‘tgan mavsumni bergamoliklar juda yomon yakunlashgandi. Shuningdek, Gasperini jamoasi biz o‘rganib qolgan uslubdan ancha uzoq holda ochkolarni qo‘lga kiritayotganini ta’kidlash kerak. Doimo «Atalanta» yetakchi bo‘lgan ko‘rsatkichlar – to‘p nazorati, yaratilgan vaziyatlar, zarbalar va raqamlarda jamoa liga autsayderi bo‘lishiga qaramasdan, o‘z imkoniyatlaridan o‘ta unumli foydalanmoqda. O‘tgan 8 turda «Atalanta» atigi 3 marta o‘z darvozasidan gol o‘tkazib yubordi – bunaqasini qayerda ko‘rgansiz?

«Udineze» esa, bizni yaqin tarixga, o‘sha Di Natale – Sanches juftligining sermahsul o‘yinlariga yetaklamoqda. «Napoli»ni qo‘shmasa, Andera Sottil shogirdlari Italiyaning eng yorqin jamoasi bo‘lib turibdi. Braziliyalik himoyachi Rodrigo Bekao esa,nafaqat A Seriya, balki Yevropada kashfiyot bo‘ldi – u juda ko‘p himoyaviy ko‘rsatkichlar bo‘yicha kuchli beshlik ligalaridan peshqadam bo‘lib turibdi. «Udineze»ning g‘alabali seriyasi 6 o‘yinga yetdi – raqiblar ichida «Inter», «Roma», «Fiorentina» va «Sassuolo» kabi kuchli jamoalar bo‘lganini alohida ta’kidlash kerak. Peshqadamlardan farqli ravishda «Udineze»ga va albatta «Atalanta»ga ham yevrokuboklarda qatnashmayotgani qo‘l kelmoqda. «Inter», «Milan», «Yuventus» va «Napoli» Chempionlar Ligasi tufayli har uch kunda o‘ynashiga to‘g‘ri kelayotgan bo‘lsa, bu jamoalarda dam olish uchun ham, raqibga tayyorgarlik bo‘yicha ham ikki barobar ko‘proq vaqt bo‘ladi. Kim biladi, oraga mundial ham kirgan bu tig‘iz mavsumda ushbu ustunlik ham hal qiluvchi darajada ta’sir o‘tkazib, «Atalanta» yoki «Udineze»ni, balki ikkalasini ham kutilganidan yuqoriroq o‘rinda ko‘rishimiz mumkin bo‘lar? 

ARSeNAL – LIVeRPUL (9 oktyabr, 20:30) 

APL peshqadami kuchli to‘rtlik o‘rinlariga yaqinlashishga urinayotgan raqibga qarshi. So‘nggi bir necha yillar bu ta’rif teskari ishlatilgan, ammo bu safar unday emas – «Arsenal» ajoyib start tufayli, hatto dahshatli «Manchester Siti»ni ham ortda qoldirmoqda, «Liverpul» esa, aksincha, biroz omadsiz, biroz kuchsiz o‘yinlardan so‘ng, juda ko‘p ochko yo‘qotib yubordi. «Fulhem», «Brayton», «Everton» va «Kristal Pelas»ga qarshi o‘yinlarda durangni Yurgen Klopp umuman rejalashtirmagani aniq.

«Old Trafford»dagi mag‘lubiyat biroz soya solgan bo‘lsa-da, «Arsenal» Shimoliy London derbisida yana jiddiy maqsadini isbotladi – «Tottenhem» bilan o‘yinda ishonchli g‘alaba qayd etildi. «Liverpul» yanada jiddiyroq sinov, ayniqsa ruhiy tomondan, zero oxirgi 19 o‘zaro o‘yindan atigi 1 tasida «Arsenal» g‘alaba qozona olgan, xolos. So‘nggi 6 o‘yinda esa, umuman londonliklar «Liverpul» darvozasini ishg‘ol qila olmayapti. «Emireyts»da o‘tkazilgan bahorgi o‘yinda ham mehmonlar 2:0 hisobida g‘alaba qozongandi.

Har ikki jamoa hafta o‘rtasida yevrokubokda ishtirok etdi. «Liverpul» qatorasiga ikkinchi g‘alabasiga erishib, YeChLdagi holatini yaxshilab oldi. «Arsenal» esa payshanba oqshomida o‘ynagan bo‘lsa-da, norvegiyaliklarga qarshi aralash tarkibda harakat qildi. Ya’ni muhim o‘yinga har ikki jamoa yaxshi sport formasida va kayfiyatda bo‘ladi. Faqat jarohatlar borasida mehmonlarda vaziyat og‘irroq. Keyta, Jons va Oksleyd-Chemberlenning jarohati yangilik emas, shuningdek, Endryu Roberson ham o‘ynay olmaydi. Liverpulliklarning kechagi mashg‘ulotlarida Tyago Alkantara yana ko‘rinmagani haqida xabarlar chiqdi. Ispaniyalik yarimhimoyachi o‘zi yaqinda maydonga qaytgan va oxirgi uch o‘yinda asosiy tarkibda tushayotgandi. «Arsenal» tarkibida Smit Rou yil oxirigacha safdan chiqqan, Muhammad el-Nenni ham bir necha kun jamoaga yordam bera olmaydi. 

EVeRTON – MANCheSTeR YuNAYTeD (9 oktyabr, 23:00) 

Erik ten Hag matbuot anjumanida aytishicha, jamoasining Kiprdagi o‘yini shunchaki chigalyozdi, derbidagi yirik mag‘lubiyatga javob aynan ertaga bo‘lib o‘tadigan uchrashuvda berilar ekan. Ya’ni «Yunayted» «Etihad»dagi sharmandali natija uchun muxlislar oldida qarzini «Everton»ga qarshi o‘yinda qaytaradi.

Tabiiyki, bular faqat so‘z bilan bo‘ladigan ishlar emas, zero manchesterliklarga oson bo‘lmasligiga bir qator asoslar bor. Birinchidan, «MYu» Yevropa Ligasidagi masalasini hal qilmagani hamda yangi murabbiy qo‘l ostida futbolchilar imkon qadan ko‘proq o‘yinga muhtoj bo‘lganidan, ten Hag barcha o‘yinlarda asosiy tarkibni tushiryapti. Demak, bir qator asosiy tarkib futbolchilari payshanba oqshomida Kiprda to‘liq harakat qilishdi. Charchoq borasida muammolar paydo bo‘lishi turgan gap. Ikkinchidan, tabiiyki, «Everton» o‘z holicha ham kuchli - 7 o‘yindan beri mag‘lubiyatga uchragani yo‘q. Hatto «Liverpul» ham «Guddison Park»dan atigi bir ochko olib ketgan. Umuman, Lempard jamoasi bugungi kun holatiga APLda eng kam gol o‘tkazgan jamoa bo‘lib turibdi. Pikford 8 uchrashuvda 7 marta o‘z darvozasidan to‘p olib chiqqan.

Yana bir qiziq fakt, Fergyusondan keyin «MYu»da ishlagan murabbiylar uchun «Guddison» alohida noqulay safar hisoblanadi. Lui van Gaal ilk o‘yinida 0:3, Sulsher 0:4, Moyyes 0:2, Rangnik esa, 0:1 hisobida mag‘lubiyatga uchragan. Faqatgina Joze Mourino ilk mavsumida ushbu stadiondan ochko olib ketgandi – 1:1. Endi Erik ten Hag «MYu» murabbiylari uchun «Guddison»da yangi sahifa ochish uchun harakat qilib ko‘radi.

Tarkiblarga kelsak, matbuot anjumanida ten Hag Varan mashg‘ulotlarga qaytgani, lekin asosiy tarkibda tushish uchun tayyorgarligi so‘roq ostida ekanini ta’kidladi. Donni van de Bek va Harri Maguayr to‘liq tiklanishgani yo‘q. Lekin Reshford va Marsiyal jarohatdan to‘liq forig‘ bo‘lishgani mehmonlar uchun yaxshi yangilik. Mezbonlar safida yo‘qotishlar ko‘proq – Taunsend va Godfri birato‘la mundialdan keyin qaytishadi. Yyerri Mina to‘liq tiklanib ulgurgani yo‘q, shuningdek, Holgeyn va Petterson tizzadan olgan jarohat tufayli o‘ynay olishmaydi. 

BOShQA O‘YINLAR

8 oktyabr. Sassuolo – INTeR (18:00), CheLSI – Vulverhempton (19:00), MANCheSTeR SITI – Sauthempton (19:00), ATLeTIKO – Jirona (19:15), Reyms – PSJ (23:55), Xetafe – ReAL (23:55)

9 oktyabr. Kremoneze – NAPOLI (21:00), Shtutgart – YuNION (23:30), ROMA – Lechche (23:45), BARSeLONA – Selta (23:55).

Ko‘proq yangiliklar: