5 oktyabr kuni AQShning immigratsiyaviy xilma-xillik bo‘yicha viza dasturida yangi mavsum ochildi. Amerikada doimiy yashash huquqini olmoqchi bo‘lganlar 8 noyabrgacha lotereya saytida ro‘yxatdan o‘tishi mumkin.
Bu yil ro‘yxatdan o‘tish uchun to‘ldiriladigan anketa savollari qisqargan. Savollar orasidan talabgorning pasport seriyasi va raqami, pasport berilgan mamlakat, pasportning amal qilish muddati haqidagi bandlar chiqarib tashlandi.
Lotereyaning avvalgi yillardagi qoidalarida nomzodning aynan xorijga chiqish pasporti bo‘lishi kerakligi aniq yozib qo‘yilgan edi. Endilikda har qanaqa pasport ma’lumotlarini kiritish talabi bekor qilingani natijasida, O‘zbekiston fuqarolari dasturda qatnashish uchun qizil pasport olish majburiyatidan xalos bo‘ldi.
Bu degani 2022 yildan boshlab o‘zbekistonliklar ID karta yoki mahalliy yashil pasport bilan ham grin-karta lotereyasini o‘ynashi mumkin. Qizil pasport esa keyinroq, yutuq chiqqan taqdirdagina kerak bo‘ladi va uni o‘sha paytda ham olsa bo‘ladi.
Aslida 2019 yilgacha bo‘lgan davrda ham grin-karta o‘ynovchilardan pasport ma’lumotlari so‘ralmas edi. Bunaqa talab uch yil oldin, migrantlarni xushlamaydigan Donald Tramp prezidentligi paytida kiritilgan edi. Lekin 2022 yil fevral oyida AQSh federal sudi bu talabni noqonuniy deb topdi.
Gap shundaki, bu lotereya – AQShga keluvchi immigrantlar orasida millatlar xilma-xilligini ta’minlash maqsadida yo‘lga qo‘yilgan. Bu dastur Amerikaga immigratsiya ko‘rsatkichlari tarixan kam bo‘lgan xalqlar vakillariga AQShga ko‘chib kelishga imkon beradi. Lekin bunday mamlakatlarda yashovchilarning hammasida ham pasport olishga puli bo‘lmasligi mumkin. AQSh hukumati esa hali lotereyada yutish-yutmasligi noaniq bo‘lgan millionlab odamlardan pasport talab qilib, ularning lotereya o‘ynash imkoniyatini cheklab qo‘ygan edi. Buning natijasida oxirgi yillarda dunyo bo‘ylab grin-karta o‘ynaydiganlar soni 23 milliondan 13 millionga kamayib ketdi. Federal sud shu va boshqa omillarni inobatga olib, hukumatning talabini lotereya haqida 1990 yilda qabul qilingan qonun mohiyatiga zid deb hisobladi.
Qator manbalarning yozishicha, Diversity Visa anketasiga pasport ma’lumotlari haqidagi band yana qayta kiritilishi ehtimoli ancha past.