Navbatdagi o‘rganish ishlari “Uzbekistan GTL” zavodida olib borilib, ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yilgan yangi turdagi sintetik yoqilg‘i mahsulotlarni ishlab chiqarish joriy holatini o‘rganish, ularning sifati va standartlarga muvofiqligini doimiy nazorat qilish, mahsulotlarni saqlash, sotish hamda iste’molchilarga yetkazib berilishi bilan bir qatorda 2022/2023 yillar kuz-qish mavsumiga asosiy muhandislik kommunikatsiyalari, texnologik asbob-uskunalarini tayyorlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar holati ham joyida o‘rganildi.
Boshqaruv raisi boshchiligidagi “Ishchi guruh” a’zolari “Uzbekistan GTL” zavodining markaziy boshqaruv binosida joylashgan zamonaviy boshqaruv panellari orqali zavodning 11 mingga yaqin uskuna va asosiy ishlab chiqarish qurilmalarini sinxron ekspluatatsiya qilish texnologik tizimi bilan yaqindan tanishib chiqdi.
Kuz-qish mavsumida to‘xtalishlar bo‘lmasligi hamda texnologik jarayonlarning bir maromda va xavfsiz amalga oshirilishiga mas’ul bo‘lgan mahalliy yosh smena muhandislari va mutaxassislarning boshqaruv jarayonlarining yanada innovatsion tarzda amalga oshirilishi yuzasidan fikr va mulohazalari tinglandi, bajarilgan ishlar sarhisob qilindi.
Tashrif davomida Boshqaruv raisi kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazish, mahsulotlarning ishlab chiqarilishi miqdorlari va sifat ko‘rsatkichlari doimiy nazoratda bo‘lishiga doir topshiriqlar berildi.
Shuningdek, sintetik dizel yoqilg‘isi ishlab chiqarish, saqlash holatlari o‘rganildi hamda sotish ishlari bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar holati ham tahliliy ko‘rib chiqildi.
Boshqaruv raisi “GTL” dizel yoqilg‘isi sotilishi boshlanganini ta’kidlab, qisqa muddat ichida jami 31 ming tonnaga yaqin sintetik dizel mahsuloti O‘zbekiston Respublikasi tovar-xomashyo birjasi savdosi platformasi orqali realizatsiya qilinganini e’tirof etdi. Qo‘shimcha ravishda, nafta mahsulotini ishlab chiqarish hajmini oshirishga doir vazifalar belgilab berildi.
Boshqaruv raisi zavodning ishlab chiqarish sexlari boshliqlari va rahbar xodimlar ishtirokida ishchi yig‘ilish o‘tkazib, eng avvalo har kuni kuz-qish mavsumi davomida amalga oshirilishi rejalashtirilgan chora-tadbirlar bo‘yicha puxta tayyorgarlik ko‘rish, yig‘im-terim mavsumi davomida sintetik yonilg‘i mahsulotlarini ishlab chiqarilishi uzluksizligini ta’minlash bo‘yicha alohida vazifalarni belgilab berdi.
Kuz-qish mavsumida iste’molchilarga o‘z vaqtida va sifatli yonilg‘i mahsulotlarni yetkazib berilishini bo‘yicha zaruriy ko‘rsatmalar berildi.
Shuningdek, 2022/2023 yillar kuz-qish mavsumda korxonaning barcha asosiy muhandislik kommunikatsiyalari, texnologik asbob-uskunalari barqaror ishlashga tayyorlash bo‘yicha belgilab olingan chora-tadbirlarni belgilangan muddatlarda bajarilganligi hamda kuz-qish mavsumiga tayyorlik bo‘yicha “Pasport”lar shakllantirib “O‘zbekneftgaz” AJga taqdim etilganligi ta’kidlab o‘tildi.
2022/2023 yillar kuz-qish mavsumida Respublika iste’molchilari va iqtisodiyot tarmoqlarini yoqilg‘i-moylash mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash maqsadida korxona tomonidan belgilangan miqdorlarda zaxiralar yaratilganligi ma’lum qilindi.
Qo‘shimcha ravishda “Uzbekistan GTL” zavodining to‘liq ish rejimiga o‘tilgani sabab, sintetik yoqilg‘i mahsulotlarining ishlab chiqarish hajmini bosqichma-bosqich oshirib borish hamda mahsulotlarning yuqori sifatda bo‘lishini ta’minlash kerakligi ham ta’kidlab o‘tildi.
“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati