Kun.uz muxbiri ma’lumotga aniqlik kiritish maqsadida Bosh prokuratura matbuot xizmati bilan bog‘landi. Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsuddinov ushbu ma’lumotni tasdiqladi va mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 97-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi.
“Aniqlanishicha, 16.09.2022 yil kuni soat 20:00 da A.X. xonadoniga mast holatda kelgan vaqtida, turmush o‘rtog‘i N.D. uning mast holatda kelganidan jahli chiqib, u bilan janjallashib, unga tanbeh bergan vaqtida, A.X. yonida bo‘lgan oshxona pichog‘i bilan uning chap ko‘krak sohasiga ikki marotaba qasddan urgan va buning oqibatida ayol hodisa joyida vafot etgan.
17 sentabr kuni A.X. JKning 97-moddasi 1-qismi bilan gumonlanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilinib, JPKning 221-moddasi tartibida ushlangan va shu kuni unga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Hozirda jinoyat ishi yuzasidan dastlabki tergov harakatlari viloyat prokuraturasining O‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish bo‘limi tomonidan olib borilmoqda”, deyiladi prokuratura bergan ma’lumotda.
Kun.uz manbasiga ko‘ra, ayol kommunikatsiya sohasida ishlagan.
“Ikki farzandi bor edi, qizini uzatib endi o‘g‘lini uylantirish harakatida yurgandi. Turmush o‘rtog‘i ko‘p ichardi, ichib kelib janjal chiqarardi. O‘sha kuni uyida hech kim bo‘lmagan. Janjal oqibatida pichoqlangach, qiziga telefon qilib, militsiya bilan kelishini aytgan va jon bergan. Juda ochiqko‘ngil, mehnatkash, pozitiv ayol edi. Hali 57 yoshda edi”, deya xabar beradi manba.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 24 avgust kuni Toshkent viloyatining Quyi Chirchiq tumanida 24 yoshli ayol turmush o‘rtog‘i tomonidan shu tarzda o‘ldirilgan.
2 sentabrda Jizzax viloyatining G‘allaorol tumanida sodir bo‘lgan oilaviy janjal uy bekasining o‘limiga sabab bo‘lgan.
12 sentabrda Andijon viloyatining Izboskan tumanida erkak xotini va qaynonasini vahshiylarcha o‘ldirgan.