2022 yilning sentabr oyida iste’mol bozoridagi narxlarning o‘rtacha darajasi 1 foizga oshdi, deya xabar bermoqda Statqo‘m.
Yillik nisbatda iste’mol sektorida narxlar 12,2 foizga qimmatladi. 2022 yilning boshidan beri esa 8,1 foizga oshdi.
Sentyabrda oziq-ovqat narxlari 1,4 foizga, nooziq-ovqat mahsulotlar 0,7 foizga, xizmatlar narxlari esa oy davomida 0,4 foizga oshdi.
Sentyabrdagi inflatsiyaga oid statistikada eng qiziq jihat shuki, alohida bo‘limlar orasida eng yuqori narx o‘sishi restoran va mehmonxona xizmatlariga to‘g‘ri kelgan. Oy davomida bu xizmatlar narxi 2,9 foizga o‘sgan.
Buni so‘nggi 10 kunda O‘zbekistonga keluvchi rossiyaliklar soni ko‘paygani bilan izohlash mumkin. Kun.uz’ga mehmonxonalarni boshqarishga ixtisoslashgan «Hotel Pro» kompaniyasi asoschisi Dilshod Odilov mehmonxonalarning 40-70 foizi rossiyaliklar tomonidan band qilingani, xonalar narxlari 2 barobarga ko‘tarilganini gapirib bergandi.
Statistik ma’lumotlar 2021 yilning dekabriga nisbatan narxlar oshishi bo‘yicha yetakchi uchlikdan «Restoranlar va mehmonxonalar xizmatlari» (15,2 %), «Dam olish, sport va madaniyat» (11,2 %) va «Maishiy tovarlar va xizmatlar, ijtimoiy himoya va turli tovarlar va xizmatlar» (11 %) bo‘limlari o‘rin olganini ko‘rsatmoqda.
Yillik nisbatda ham eng yuqori narxlar oshishi restoran va mehmonxona xizmatlariga to‘g‘ri kelmoqda – 21 foiz.
Qizig‘i, 2022 yil sentabrda narxlar oshishi tezlashdi deya baholangan ijara narxlari 1,5 foizga qimmatlagan. 2021 yilning sentabrida esa ijara 2 foizga ko‘tarilgan.
2022 yilning sentabr oyida «Oziq-ovqat mahsulotlari va spirsiz ichimliklar» guruhlari orasida yillik nisbatda narxlar oshishi bo‘yicha yetakchi o‘rinlarni donli ekinlar va yorma mahsulotlari (31,7 %) hamda shakar, qandolat mahsulotlari va desertlar (31 %) saqlab qoldi.
O‘tgan yilning sentabriga nisbatan narxlarning eng past o‘sish sur’ati mevalar va yong‘oqda (2 %) qayd etildi.