Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan poytaxtning Sergeli tumanidagi zavodlardan birida noqonuniy muomaladan olib qo‘yilgan qiymati 175 mln so‘mlik jami 500 ming dona sigaretani yo‘q qilish tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda manfaatdor vazirlik va idoralar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi, deya xabar bermoqda Bojxona qo‘mitasi axborot xizmati.
Ma’lum qilinishicha, joriy yilning 23 iyun kuni Davlat bojxona qo‘mitasi Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi tezkor tuzilmalari va DXX xodimlari hamkorligida Ohangaron tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda avvaldan kuzatuvga olingan “Hyunday Porter II” rusumli yuk avtomashinasi to‘xtatilib, xolislar ishtirokida ko‘zdan kechiriladi.
Avtomashina yukxonasida 50 dona qog‘oz qutilarga joylangan 7000 kuti “Milano London”, 15000 quti “Milano Tech Lock” va 3000 quti “Milano New York” nomli tamaki mahsulotlari borligi aniqlanadi.
Ashyoviy dalil tariqasida olingan, qiymati 175 mln so‘mlik, jami 25 000 quti tamaki mahsulotlari xorijda ishlab chiqarilgan bo‘lib, ular raqamli markirovka kodlariga ega bo‘lmagan hamda aksiz markalari bilan qadoqlanmagan.
Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, 2022 yil 6 sentabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Ohangaron tuman sudi tomonidan ushbu tamaki mahsulotlarini yo‘q qilish yuzasidan hukm o‘qildi.
Yo‘q qilish tadbirida ushbu 25 ming quti tamaki mahsulotlari ishtirokchilar guvohligida maxsus sanoat pechlarida yoqib yuborildi.
Tadbirda ma’lum qilinishicha, bojxona organlari tomonidan joriy yilning 9 oyi mobaynida noqonuniy tamaki mahsulotlari bilan bog‘liq jami 269ta huquqbuzarlik holatlari aniqlangan bo‘lib, ular bo‘yicha 1 mln 458 ming 736 quti tamaki mahsulotlari ushlab qolingan. Mazkur tamaki mahsulotlarining umumiy qiymati esa salkam 17,8 mlrd so‘mni tashkil qilmoqda.
Bojxona organlari tomonidan 60dan ortiq holatda aybdor shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 182, 186-1-moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov organlariga yuborilgan.
Shuningdek, 175ga yaqin huquqbuzarlik holatlari bo‘yicha Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddalari bilan ma’muriy ishlar yuritilib, ko‘rib chiqish uchun jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarga yuborilgan.
“O‘zbekiston Respublikasi hududiga BAA va Koreyadan kirib kelayotgan va noqonuniy ravishda sotiladigan kontrabandaning asosiy oqimini “Milano” va “Esse” markali sigaretalari tashkil etmoqda.
Otabek Choriyev, Davlat bojxona qo‘mitasi raisi o‘rinbosari:
E’tiborlisi shundaki, mutaxassislarimiz ushbu kontrabanda sigaretlar ishlab chiqarilgan davlatlarga rasmiy murojaat bilan chiqishdi. “Biz bu tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarmaganmiz”, degan javob oldik. Bu bunday mahsulotlarning noqonuniyligi va ularning kelib chiqishi shubhali ekanini yana bir bor tasdiqlaydi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 15.07.2009 yildagi “Davlat daromadiga o‘tkaziladigan mol-mulkni olib qo‘yish, sotish yoki yo‘q qilib tashlash tartibi to‘g‘risida”gi 200-son qarori bilan tasdiqlangan Nizomning 7-bobida sud qaroriga ko‘ra musodara qilingan tamaki mahsulotlarini yo‘q qilib tashlash tartibi belgilangan.
Unga ko‘ra, musodara qilingan tamaki mahsulotlarini yo‘q qilish ishlarini tashkillashtirish davlat ijrochisi tomonidan amalga oshiriladi.
Mazkur yo‘q qilish tadbiri noqonuniy tamaki mahsulotlariga qarshi kurash yo‘lida katta qadamdir. Umid qilamizki, nafaqat bojxona organlari, balki chegara va tamaki mahsulotlari aylanmasini nazorat qiluvchi boshqa idoralar ham nazoratni, noqonuniy savdoga qarshi kurashni kuchaytirib bizni kontrabanda va kontrafakt bozoridan xalos etishadi.