Qayd etilishicha, O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi boshqa davlatlar bilan iqtisodiy aloqalarni yaxshilash, tovar ayirboshlash hajmini oshirish, tashqi raqobatbardoshlikni kuchaytirish, bozor munosabatlariga o‘tish jarayonini tezlashtirishga zamin yaratishi mumkin.
Ammo, tariflarni pasaytirish natijasida mahalliy ishlab chiqarishning zaif tarmoqlariga zarar yetkazish xavfi ham mavjudligi aytiladi.
Tadqiqotda JSTga a’zo bo‘lish asosiy sharti sifatida O‘zbekistondagi tariflar darajasini JSTga a’zo davlat bo‘lgan Qozog‘iston darajasiga tushirish ko‘zda tutilgan (tariflar o‘rtacha darajasini amaldagi 7,4 foizdan 5,7 foizga tushirish).
Tahlil natijalariga ko‘ra quyidagilar aniqlandi:
- tariflar tushirilishi va ichki narxlar pasayishi natijasida eksport jozibadorligi oshishi hisobiga eksport hajmi 0,06 foizga o‘sishi va ichki tovarlar taklifi 0,03 foizga kamayishi;
- import 0,06 foizga o‘sishi va mahalliy tovarlarga bo‘lgan talab 0,03 foizga kamayishi;
- davlat budjeti daromadlari qisqarishi hisobiga jami jamg‘armalar 0,35 foizga pasayishi;
- jamg‘armalar hajmi kamayishi hisobiga investitsiyalar darajasi 0,16 foizga pasayishi;
- ichki narxlar pasayishi natijasida iste’mol 0,11 foizga o‘sishi.
Bildirilishicha, birinchi bosqichda O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi va buning natijasida tariflar tushirilishi mahalliy mahsulotlarga talab ma’lum darajada pasayishiga olib keladi. Bu mahalliy kompaniyalar faoliyati samaradorligini oshirish zaruratini keltirib chiqaradi, aks holda xorijiy kompaniyalar bilan narx raqobatiga dosh bera olmaydigan samarasiz korxonalar bozordan chiqib ketadi.
Yangi sharoitlarga muammosiz o‘tishni ta’minlash va O‘zbekistonda milliy korxonalarni tashqi raqobat sharoitlariga bosqichma-bosqich tayyorlash uchun yangi shart-sharoitlar yaratish tavsiya etilgan.
Xorijiy kompaniyalar O‘zbekiston bozoriga kirishi bilan tariflar bosqichma-bosqich pasaytirilishi: mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun ishlab chiqarish jarayonini optimallashtirish, texnologik va kadrlar bazasini takomillashtirish orqali sifatni oshirish, korxona narx siyosatini qayta ko‘rib chiqish hamda iste’molchilar didi va afzalliklarini tizimli ravishda o‘rganish uchun signal bo‘ladi.