Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati YTH oqibatida shifoxonaga yotqizilgan «Ummon» guruhi solisti Zohid Risqiyev va uning yonida bo‘lganlarning holati yuzasidan ma’lumot berdi.
«Poytaxtimizdagi davolash muassasasiga olib kelingan avtomashina boshqaruvchisi Z.R.ga «Bosh miya ochiq jarohati. Bosh miya lat yeyishi. Bosh tepa sohasining ezilib yirtilgan jarohati. Chap yelka sohasi yumshoq to‘qimalari lat yeyishi. Koma 1-2 daraja» tashxisi qo‘yilgan.
Tibbiyot xodimlari tomonidan bemor boshidagi jarohatga birlamchi jarrohlik ishlovi berilgan. Og‘riqsizlantirilib, IVL apparatiga ulangan. Bosh qismi MSKT, ichki a’zolari esa UTT kabi barcha zaruriy tekshiruvlardan o‘tkazilgan.
Ayni paytda Z. R. jonlantirish bo‘limida. Sun’iy nafas olish apparatiga ulangan. Unga barcha tegishli tibbiy muolajalar ko‘rsatilmoqda.
Shuningdek, «Bosh miya ochiq jarohati. Bosh miya lat yeyishi. Bosh tepa sohasining ezilib yirtilgan jarohati. Ko‘krak qafasi lat yeyishi» diagnozi qo‘yilgan yo‘lovchi J.Y. ham jonlantirish bo‘limida zarur davo muolajalarini olmoqda. Uning ahvoli o‘rta og‘ir darajada. Hushida.
Bemor J.I.da esa «Bosh miya yopiq jarohati. Bosh miya chayqalishi. Chap tomon yuqori qovoq, o‘ng tomon jag‘ osti va bo‘yin sohalari ezilib yirtilgan jarohatlari» aniqlangan.
Unga tegishli tibbiy yordam ko‘rsatilib, zarur muolajalar o‘tkazilgach, ahvoli qoniqarli bo‘lgani uchun ambulator sharoitda davolanishi uchun uyiga javob berildi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi ayni paytda bemorlar salomatligini o‘z nazoratiga olgan. Muolaja jarayonlari uchun yetakchi tibbiyot mutaxassislari jalb qilingan», deyiladi vazirlik xabarida.
- 29 sentabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrining Yunusobod tumanida joylashgan Mega Planet savdo markazi yaqinida soat taxminan 23:00 atrofida BMW rusumli avtomashina katta tezlikda boshqaruvni yo‘qotib, avtohalokatga uchragani haqida xabarlar tarqaldi.
- Toshkent shahar IIBBning ushbu hodisa yuzasidan bergan ma’lumotiga ko‘ra, hodisa oqibatida bir kishi halok bo‘lgan. Transport vositasi boshqaruvida 1990 yilda tug‘ilgan Z.R bo‘lgan, u sobiq «Ummon» guruhi solisti Zohid Risqiyevdir.