Ukraina NATOga kirish uchun ariza beradi. Zelenskiy Rossiya bilan muzokaralar ehtimolini baholadi 

Jahon 19:37 / 30.09.2022 33232

Ukraina NATOga a’zo bo‘lish uchun rasman ariza beradi. Bu haqda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy o‘z banotida ma’lum qildi.

«Bugun bu yerda, Kiyevda, mamlakatimiz yuragida barcha ozod xalqlar hamjamiyati xavfsizligi uchun qadam tashlayapmiz.  

Bizga kim tahdid qilayotganini, kim o‘ldirish va nogiron qilishga tayyorligini, kim o‘z nazorat hududini kengaytirish uchun har qanday yovvoyilikdan qaytmasligini ko‘rib turibmiz.

24 fevral kuni Ukrainaga birinchi to‘laqonli zarba berildi. Birinchi! 

Agarda Rossiyani to‘xtatmaganimizda, u bizning chegaralarimizda to‘xtamasdi. Qolgan davlatlar ham zarba ostida qolgan bo‘lardi. Boltiq mamlakatlari, Polsha, Moldova va Gruziya, Qozog‘iston…

Rossiya Yevropa va Osiyoning turli xalqlarini bo‘ysundirishga da’vogarlik qildi. Yarim yil avval da’vogarlik qilgandi. Bu jinoiy maqsad Ukrainada chilparchin bo‘lyapti. U Kiyev va Chernihivda sindi. «Azovstal»da. Sumi va Xarkiv oblastida. Ilonlar orolida. U Donbass va Ukraina janubida ham ularni ozod qilganimizdan so‘ng sinadi. Albatta – Qrimda, ozod Ukraina Qrimida ham. 

Davlatimizning butun hududi ushbu dushman – nafaqat Ukrainaning, balki hayot, insoniylik, qonun va haqiqat dushmanidan ozod qilinadi. 

Rossiya buni biladi, qudratimizni his qilmoqda. Aynan shu yerda, Ukrainada qadriyatlarimiz kuchini tiklayotganimizni ko‘rmoqda. U shu sababli shoshilyapti. Annexiaga urinib bu soxtakorlikni uyushtirmoqda. O‘ziga tegishli bo‘lmagan narsani tortib olishga urinyapti. Qotilliklar, tahqirlashlar, shantaj va yolg‘on bilan tarixni qayta yozish va chegaralarni qayta chizishni istamoqda.  

Ukraina bunga yo‘l qo‘ymaydi.  

Bugun oliy bosh qo‘mondonlik yig‘ilishini o‘tkazdim. Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi yig‘ilishi tugashi bilan. Bizda qaror mavjud.

Birinchisi. Faqat kuchayish va bosqinchilarni butun hududimizdan quvish yo‘ligina tinchlikni qaytaradi. Biz shu yo‘ldan boramiz.  

Ikkinchisi. Ukraina muzokaralar bo‘yicha yetakchi bo‘lgan va shunday bo‘lib qoladi. Aynan biz Rossiyaga teng, halol, munosib va odilona sharoitlarda kengashishni taklif qildik. Aftidan, Rossiyaning hozirgi prezidenti bilan buning imkoni yo‘q. U g‘urur va halollik nimaligini bilmaydi. Shu sababdan biz Rossiya bilan muloqotga tayyormiz, lekin Rossiyaning boshqa prezidenti bilan.

Uchinchisi. Biz amalda erishgan barcha narsani yuridik jihatdan qayd etishimiz kerak.

Demokratiyaning tiraniyaga qarshi kurashdagi taqdiri aynan Ukrainada hal bo‘lmoqda. Aynan shu yerda chegaralarimiz mustahkamligi bilan barcha Yevropa davlatlarining chegaralarini mustahkamlashimiz mumkin. Biz qaytib hech kim qit’amizga urushni qaytarishga jur’at qila olmasligiga kafolat beramiz.  

Aynan Ukrainada Yevroatlantika hamjamiyatimizning qadriyatlari jonli kuchga ega bo‘ldi. Ozodlik uchun kurashayotgan xalqlar va bu kurashda yordam berayotgan xalqlarning kuchiga. 

Biz amalda ittifoqchilarmiz. Bunga allaqachon erishilgan. NATOga yo‘lni amalda bosib o‘tdik. Alyans standartlariga mosligimizni amalda isbotlab bo‘ldik. Ular Ukraina uchun real – jang maydonida ham, hamkorligimizning barcha jihatlarida ham.

Biz bir-birimizga ishonamiz, bir-birimizga yordam beramiz va bir-birimizni himoya qilamiz. Mana shu Shimoliy Atlantika ittifoqi. Amalda.

Bugun Ukraina buni yuridik jihatdan bajarish uchun ariza beradi. Jadallashtirilgan tartibda.

Buning imkoni borligini bilamiz. Bu yil Finlandiya va Shvetsiya a’zolik bo‘yicha harakatlar dasturisiz alyansga qo‘shilishni boshlaganini ko‘rdik.

Bu adolatli. Ukraina uchun ham adolatli bo‘ladi. Bu hayotda erishilgan va qadriyatlarimiz hisoblangan shartnoma darajasidagi mustahkamlik bo‘ladi.

Bu Shimoliy Atlantika ittifoqining barcha a’zolari roziligini talab qilishini tushunamiz. Shu bois Ukraina va butun Yevropa uchun xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha takliflarimizni Kiyev xavfsizlik shartnomasiga muvofiq amalga oshirishni taklif qilamiz.  

Xavfsizlikning muqobili yo‘q. Lekin uni kafolatlash uchun qat’iyat zarur.

Biz Ukrainaning NATOga tezlashtirilgan tartibda ariza berishi orqali o‘z qadamimizni tashlayapmiz.

Bugun Ukraina milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi Rossiyaning insoniylik va xalqaro huquqni himoya qilishga matonat topa olmagan yoki Ukraina va demokratik xalqlar hamjamiyatiga qarshi tajovuzkor qadamlar qo‘yishga u yoki bu tarzda aloqador bo‘lgan jismoniy va yuridik shaxslariga nisbatan sanksiyalar qo‘llash to‘g‘risidagi qarorni qabul qildi.   

Va shu bilan birga Ukraina xalq deputatlariga murojaat qilmoqchiman: Ukraina Oliy radasining navbatdagi yig‘ilishida Rossiyaning barcha aktivlarini milliylashtirish to‘g‘risidagi qonun loyihasi ko‘rib chiqiladi. Ushbu qonun loyihasini qo‘llab-quvvatlashingizni so‘rayman.

Rossiyaning Ukraina, Yevropa va dunyoga ta’sirini parchalashni nihoyasiga yetkazamiz».

  • 30 sentabr kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin «DXR» va «LXR» bilan, shuningdek bosib olingan Zaporijjya va Xerson oblastlari bilan xalqaro kelishuv imzoladi. Bu mazkur hududlar annexia qilinishidagi navbatdagi bosqich bo‘ldi.
  • Putin Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lishga intilishini bosqin sabablaridan biri sifatida keltirgan. Urush boshlanganidan bir oydan oshiq vaqt o‘tganida Istanbulda bo‘lib o‘tgan tinchlik muzokaralarida Ukraina Shimoliy Atlantika alyansiga a’zo bo‘lishdan voz kechishi evaziga tinchlik o‘rnatilishiga harakat qilgandi. Ammo yakunda muzokaralar muzlatilgandi.
  • Rossiyaning Ukrainaga bosqini ortidan Finlandiya va Shvetsiya NATOga a’zo bo‘lish uchun ariza topshirdi. Avvaliga Turkiya bunga qarshilik qilgandi, ammo yakunda tomonlar kelishuvga erishdi va Anqara o‘z e’tirozlarini qaytarib oldi.
Ko‘proq yangiliklar: