O‘zbekiston xalqaro reytinglarda jadallik bilan yangi o‘rinlarni egallab bormoqda. Respublikamizning iqtisodiy o‘zgarishlar yo‘lidagi muvaffaqiyatining yana bir tasdig‘i Global Innovatsion Index 2022 hisoboti bo‘lib, unga ko‘ra mamlakatimiz 132 mamlakat ichida 82-o‘rinni egalladi. Bu yutuq haqida yetakchi ekspertlar o‘z fikrlarini bildirishdi, jumladan “CA Research Group” bosh direktori Vyacheslav Karpov bu borada o‘z fikrlari bilan bo‘lishdi.
“O‘zbekistonning Global Innovation Index’dagi o‘sishi tasodif emas, balki barqarorlik tendensiyasidir: menimcha, bugungi kunda bu barchaga ayon. Yetti yil ichida 40 pog‘onaga ko‘tarilish muhim yutuq va faxrlanish uchun sababdir. Tadbirkor sifatida, ayniqsa, “Biznesni qo‘llab-quvvatlash siyosati” indikatori o‘sishidan mamnunman, bu ko‘rsatkich bo‘yicha biz dunyoda 22-o‘rinni egallab turibmiz. Buning o‘zi O‘zbekiston haqiqatan ham jahon biznes hamjamiyatining bir qismiga aylanib borayotganidan dalolat beradi. Men buni RGCA amaliyotida ko‘rmoqdaman: agar ilgari yirik kompaniyalar bizning mintaqamizni ikkilamchi bozor deb hisoblagan bo‘lishsa, bugungi kunda biz FMCG, moliya va farmatsevtika sohasidagi global yetakchilar uchun bozorlarni har tomonlama o‘rganish va tahlilini o‘tkazmoqdamiz. Bu reyting respublika bozoriga yangi o‘yinchilar kirib kelishiga hissa qo‘shishiga shubham yo‘q”, — dedi Vyacheslav Karpov.
Global Innovation Index AQShning Kornel universiteti, Fransiyaning INSEAD biznes maktabi va Jahon intellektual mulk tashkiloti bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan tadqiqotdir. U 81 ko‘rsatkichdan iborat bo‘lib, iqtisodiy rivojlanishning turli darajalarida joylashgan mamlakatlarning innovatsion rivojlanishini tavsiflaydi. Reyting Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi tomonidan 2019 yilning 19 dekabrida qabul qilingan Barqaror rivojlanish uchun fan va texnologiyalar bo‘yicha rezolyutsiyada qayd etilgan. O‘zbekiston 2015 yilda 122-o‘rindan joy olgan va shu tariqa yetti yil ichida birdaniga 40 pog‘onaga ko‘tarilgan.
Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov shunday dedi: “2022 yilgi hisobot “Innovatsion rivojlanish kelajagi” mavzusiga bag‘ishlangan bo‘lib, bu biz uchun alohida ahamiyatga ega, chunki respublikada amalga oshirilayotgan barcha islohot va o‘zgartirishlar jamiyatni kelajakda rivojlantirishga qaratilgan. Bir qator ko‘rsatkichlar bo‘yicha O‘zbekiston nafaqat makromintaqa, balki jahon miqyosida ham yetakchi o‘rinlarni egallab turibdi. Misol tariqasida fan va muhandislik yo‘nalishlaridagi bitiruvchilar sonining dinamikasini keltirish mumkin, biz hayratlanarli tarzda dunyoda oltinchi bo‘ldik. Bunday misollar ko‘p va biz ularning yanada ko‘p bo‘lishini ta’minlashga harakat qilishni rejalashtirmoqdamiz”.
Reklama