«Shimoliy oqim»ni kim portlatdi? Rossiyadan Yevropaga tortilgan magistral gaz quvuridagi megasabotaj tekshirilmoqda

Jahon 13:28 / 29.09.2022 26175

Rossiya gazi vaqirlab sizib chiqayotgan Boltiq dengizida harbiy flot patrullik qilmoqda, armiya va politsiya neft va gaz inshootlari atrofida xavfsizlikni kuchaytirmoqda, siyosatchilar esa Yevropa Ittifoqi energetika infratuzilmasiga misli ko‘rilmagan hujum uchun javobgarlarni qattiq jazolashni va’da qilmoqda.

Daniya va Shvetsiya qirg‘oqlari yaqinida «Shimoliy oqim»ning uchta quvurini birdaniga kim portlatganini yaqin orada bilmasak kerak. Yevropaliklar qo‘poruvchilik harakati sodir bo‘lganiga ishonchi komil, biroq yaqin haftalarda portlash sodir bo‘lgan joylarga yaqinlashish ham imkonsiz ekanini aytishmoqda.

Voqea sodir bo‘lganidan uch kun o‘tgach, shikastlangan quvurlardagi gaz 80 metr chuqurlikdan suv yuzasiga chiqib, bir kilometr diametrli maydonda pufakchalarga aylanyapti. Daniya va Shvetsiya rasmiylarining ta’kidlashicha, hozirda o‘chirilgan, ammo to‘ldirilgan «Shimoliy oqim» quvuridagi gazning yarmi allaqachon bug‘lanib ketgan. Sizib chiqish ko‘lami hafta oxirigacha kamaymaydi.

Besh mil radiusdagi hudud navigatsiya uchun yopilgan, Germaniya va Daniya harbiy kemalari uning atrofida patrullik qilmoqda.

«Portlash juda kuchli edi, shu tufayli u yerga sho‘ng‘ishimiz uchun biroz vaqt kerak bo‘ladi», dedi Daniya mudofaa vaziri Morten Byodskov. - Aslida, u yerda hamma narsa tinchlanishi va biz ko‘zdan kechirish imkoniga ega bo‘lishimiz uchun bir yoki ikki hafta vaqt kerak».

Bornholm orolidagi seysmograf birinchi va ikkinchi «Shimoliy oqim»da dushanba kuni soat 00:03 va soat 17:00 da ikki portlashni qayd etgan.
GERMAN CENTRE FOR GEORESEARCH

Ikki kun avval uchta davlat rasmiylari gaz quvuridagi portlashlar sabotaj ekani, baxtsiz hodisa bo‘lishi mumkinmasligi haqidagi xulosaga kelishgan edi. Daniya mudofaa vaziri buni tasdiqladi.

«Bu tasodif emas. Hammasi rejalashtirilgan, puxta rejalashtirilgan edi», dedi Byodskov.

Bu kimga foyda?

Rossiya Yevropaga tortilgan yirik va eng yangi gaz quvurini yo‘qotdi. To‘g‘ri, uning bir qismiga hali Germaniya tomonidan sertifikat berilmagan, Kreml esa Yevropa Ittifoqiga qarshi «gaz urushi» doirasida ikkinchisini yopib qo‘ygandi. Bu bilan Ukrainaga qilingan bosqin uchun kiritilgan sanksiyalar bekor qilinishiga erishmoqchi bo‘lgandi.

Kreml juma kuni BMT Xavfsizlik Kengashini chaqirdi va avariyaga aloqadorligi haqidagi ayblovlarni «ahmoqlik va bema’nilik» deb rad etdi.

«Biz bundan manfaatdormizmi? Yo‘q, manfaatdor emasmiz. Biz Yevropaga gaz yetkazib berish yo‘llarini yo‘qotdik», dedi prezident Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov.

U Rossiyaning Yevropa bozoriga gaz yetkazib berish hajmi qisqarishi va gaz narxi oshishidan Amerika dunyodagi yetakchi neft va gaz davlati sifatida foyda ko‘rishini eslatdi.

«Biz Amerikaning suyultirilgan gaz yetkazib beruvchilari juda katta foyda olayotganini ko‘ryapmiz. Ular Yevropa qit’asiga gaz yetkazib berish hajmini keskin oshirishdi. Ular bundan keyin ham superdaromad olishdan juda manfaatdor», deya Peskovning so‘zlarini keltiradi «Interfaks».

Yevropa «Shimoliy oqim»ga o‘n yilliklar davomida asosiy gaz yetkazib berish manbasi sifatida qarab kelgan. Ammo Putin Ukrainada urush boshladi va barchasi o‘zgarib ketdi. Foto: EPA

Qo‘shma Shtatlar avvaldan «Shimoliy oqim 2» quvuri ishga tushirilishiga qarshi edi. Tramp quvurga nisbatan sanksiyalar kiritdi, ammo keyingi prezident Jo Bayden ularni bekor qildi.

Oq uy gaz quvuridagi portlashlarni hozircha ehtiyotkorlik bilan izohlamoqda, hamma narsaga aniqlik kiritilishini kutishni taklif qilmoqda va Yevropani energiya muammosida qoldirmaslikka va’da bermoqda.

Yevropa «keskin javob» tayyorlamoqda, NATO himoyani kuchaytirmoqda

«Yevropa energetika infratuzilmasining ataylab yo‘q qilinishi mutlaqo noma’qul va unga jamoaviy va keskin javob qaytariladi», deya sabotajchilarga tahdid qildi Yevropa diplomatiyasi rahbari Jozef Borrel.

NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg Daniya mudofaa vaziri bilan uchrashib, «Shimoliy oqim» quvurlaridagi qo‘poruvchilik harakatlari va NATO davlatlarining muhim infratuzilmasini himoya qilish masalalarini muhokama qilganini aytdi.

Daniya tashqi ishlar vaziri Yyeppe Kofod ham transatlantik hamkorlar bilan birga keskin javob qaytarilishini eslatdi, lekin avvalo tafsilotlar aniqlanishi lozimligini aytdi.

«Buning ortida kim turganini hali bilmaymiz. Ularning maqsadi nima ekanini bilmaymiz. Lekin har holda, bu xalqaro havzada energetika infratuzilmamizga qilingan hujumdir. Biz bunday harakatlarni juda jiddiy qabul qilamiz», dedi u.

To‘rt kundirki gaz avvalgi intensivlikda oqib ketishi davom etmoqda.
DANISH DEFENCE COMMAND

Yevropa Ittifoqi iste’molchilariga tabiiy gaz yetkazib beruvchi eng yirik ta’minotchi Norvegiya sabotajga yanada jiddiyroq qarayapti. Rasmiylar xabariga ko‘ra, politsiya va armiya platformalar va quvurlarda xavfsizlik choralarini kuchaytirgan. Norvegiyaning eng yirik Equinor kompaniyasi esa quruqlik va dengizdagi obektlarida qo‘shimcha xavfsizlik choralarini joriy etgan.

Shvetsiya prokuraturasi qo‘poruvchilikni tekshirishni milliy xavfsizlik departamentiga topshirdi va buni Shvetsiya milliy manfaatlariga qarshi qaratilgan va xorijiy davlat tomonidan sodir etilishi mumkin bo‘lgan og‘ir jinoyat ekani bilan izohladi.

Quvurni ta’mirlash mumkinmi?

«Shimoliy oqim» gaz quvuri operatori ta’mirlash istiqbollarini chamalab ko‘rishga ham qiynaldi. Kreml ham xuddi shunday ruhda gapirdi.

«Biz nimani ta’mirlashni hali tushunmayapmiz. Agar nima ta’mirlash kerakligini tushunmasak, qanday qilib ta’mirlashni chamalab ko‘rishimiz mumkin», dedi Peskov.

Ammo Germaniyaning Gasunie Deutschland gaz quvurlari operatori boshqaruv direktori imkoniyat hali yo‘qotilmaganini aytdi.

«Quruqlik va suvosti quvurlaridagi avariyalar bo‘yicha yaxshi mutaxassislar bor, shuningdek, quvurlarning favqulodda zaxiralari ham bor. Bularning barchasi quvurni tuzatish mumkin degan mo‘’tadil optimizmni uyg‘otadi», deya Yyens Shumann so‘zlarini keltirmoqda Reuters.

Bunday optimizmga Tagesspiegel gazetasining nemis hukumatidagi manbasi qo‘shilmaydi.

U avariya tezda bartaraf etilmasa va quvur dengizning sho‘r suvi bilan to‘lsa, «Shimoliy oqim» Boltiq dengizi tubida abadiy zanglab yotishga mahkumligini aytgan.

29 sentabr kuni Shvetsiya qirg‘oq qo‘riqlash xizmati trubalardagi gaz sizib chiqayotgan to‘rtinchi nuqtani ham aniqlagan.

Bir kun oldin bu voqealar fondida gaz narxi 1750 dollardan yana 2100 dollargacha ko‘tarilgandi, bugungi savdolarda esa narxlar yana barqarorlashmoqda. Ayni damlarda ming kub gaz uchun spot bozoridagi narx 1980 dollarni tashkil etmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: