10 yil ilgari dasturchi kim ekanini bilmagan Azimjon 23 yoshida dunyoning eng kuchli kompaniyalarida ishlayapti. Uning asosiy maqsadlaridan biri dasturlashni noldan boshlab o‘rgatadigan platforma yaratib, o‘rganishga imkoniyati yetmayotgan yigit-qizlariga yordam berish.
Inha’dan ketishi
— Toshkentda S.Sirojiddinov nomli akademik litseyda o‘qiganman. O‘sha paytlari Inha universiteti yangi ochilgandi. U yerda kuchli o‘ntalikka kirgan talabalarning 1 semestr o‘qish puli qoplab berilardi. Afsuski, biz kirgan yili universitetga 4-o‘rinda kirganligimga qaramay, stipendiya berishmagan. Shunday qilib 1-semestrni o‘qib, keyin ketganman.
Inha’dan ketganimdan keyin ozroq vaqt frilansing qilganman. Newmax kompaniyasi, undan keyin Super Dispatch nomli kompaniyaga ishga kirganman.
Keyin Bolgariya va Koreyadagi universitetlarga harakat qilib ko‘rdim, narxlari to‘g‘ri kelmadi, imkon bo‘lmadi. 2019 yil Toshkentda yoshlar uchun bo‘lgan forumda Polsha haqida o‘rganib, qiziqib qoldim. Narxlar arzonroqligi, o‘zimdagi budjet yetgani uchun Polshaga keldim. Yana bir yaxshi tomoni Toshkentdagi ishimni Varshavadan turib bajara olardim. Hozir Polshadagi Polish-Japanese Academy of Information Technology universitetining 3-bosqichida o‘qiyapman.
Facebook, Bloomberg va Amazondan taklifnoma
— O‘tgan yili Bloomberg va Facebook’da amaliyot o‘tashim uchun ulardan taklif xati keldi. Ikkalasi ham yaxshi kompaniya bo‘lgani uchun yo‘q demadim. Facebook’da yozda, Bloomberg’da kuzda amaliyot o‘tashni mo‘ljallagan edim. Lekin hozir Polshadagi viza jarayoni qiyinlashgani uchun ertaroq Polshaga qaytdim va Bloomberg’ni keyingi yilga ko‘chirdim. Shu orada Amazon’dan ham to‘liq ish taklif qilib qolishdi va shu yerda ishlayapman.
Katta kompaniyalarda amaliyotning muhimligi
— Universitetda o‘qishdan olish mumkin bo‘lgan eng katta imkoniyatlardan biri bu — Internship. FAANG, ya’ni Facebook, Apple, Amazon, Netflix va Google kabi katta kompaniyalarda amaliyot o‘tash.
Odatda amaliyotga ariza topshirish — sentabrdan dekabrgacha davom etadi. Istalgan amaliyotga topshirish uchun sizdan CV — tarjimai hol so‘raladi. Minglab talabalar orasidan intervyuga aynan sizni tanlab olishi sizning CV’ingizga bog‘liq. CV’ingiz rekruter qo‘lida atigi bir daqiqa bo‘ladi. Shuning uchun uni 1 betdan oshirmaslik va eng muhim narsalarni yozish kerak.
Yaxshi rezyume bir kunda yaratilmaydi, oy va yillar davomida yaxshilab boriladi. Shu maqsadda uning har bir versiyasini saqlab borish, sizning yillar davomidagi o‘sishingizni ko‘rish imkoniyatini beradi. Rezyumening eng katta qismi — ta’lim, ish tajribasi, shaxsiy loyihalaringiz va yutuqlaringiz bilan to‘ldirishingiz kerak.
Facebook’dagi faoliyat
— Facebook’ning Londondagi ofisida 2 oylik amaliyot o‘tadim. Bu — katta davlat, katta imkoniyat, katta jamoa, katta loyihalar degani. Facebook haqida ko‘pchilik u joy mening joyimmas, u yerda juda aqlli insonlar ishlaydi, deb o‘ylaydi. Lekin ular ham o‘zimizga o‘xshagan insonlar. Hamma bilimini siz bilan bo‘lishishga tayyor. Bu yerda doim kompaniya xodimlari, jamoamdagilar yordamini his qilib turdim.
Har hafta oxirida qaysidir shaharga sayohat qildik. Oldin tanimagan aqlli insonlar bilan tanishardik.
«Pul haqida o‘ylamaydigan darajada oylik to‘lashadi»
— Facebook’da turli o‘yinlar, ko‘ngilochar mashg‘ulotlar uchun ham zonalar ajratilgan. Biror narsa ustida chuqurlashib ketish, stressga olib keladi. Ba’zan qilayotgan ishingizda yechim topilmaydi. Shunday vaziyatda miyangizni boshqa narsa bilan band qilishingiz kerak. Bunda ko‘pincha piyoda yurib kelish, bog‘da sayr qilish kabi mashg‘ulotlar yordam beradi. Facebook ofisidagi mashg‘ulotlar ham dasturchini biroz chalg‘itish uchun yaratilgan. Amerikadagi ofisda tish doktoridan sartaroshgacha bor deb eshitgandim.
Bu yerda pul haqida o‘ylamaydigan darajada oylik to‘lashadi. Plastik kartochkangizdagi raqamlarga qaramay xarajat qila olasiz. Har oy bir kun, yiliga 1 oy dam olishga berishadi. Viza jarayonida yordam beradi. Sog‘lom turmush tarzi uchun alohida pul ajratdi. Shunchalik ko‘p imkoniyatlar borki, hammasidan foydalanishga ulgurmaysiz.
«Yoshlarning katta ayti kompaniyalariga ishga kirishiga yordamlashadigan loyiha qilyapman»
— Facebook’ning Londonda 5ta ofisi bor va u yerda minglab odamlar ishlaydi. Lekin ular orasida o‘zbeklar yo‘q. Qozoqlardan esa 50–60 nafarcha bor. Menimcha, qozoqlar bir-birini yaxshi qo‘llab-quvvatlaydi. Masalan, 1 kishi ishga kirsa, orqasidan 10 kishini ergashtira oladi. Jamoa bo‘lib, bir-biriga yordam beradi. Mening ham maqsadim shunaqa. Hozir Amazon’da ham tanigan insonlarimga yordam beryapman. 2 yildan beri ilmga chanqoq, aqlli yoshlarni yig‘ib, ularni gigant kompaniyalariga ishga kirishga yordamlashadigan loyiha qilyapman. Katta kompaniyalarga hujjat topshirib ko‘rishyapti. Aytishim mumkinki, keyingi 5 yilda minglab o‘zbeklar FAANG kompaniyalariga kira olishadi. Bunga shubham yo‘q.
Bilim orttirishning eng yaxshi usuli — ulashish
Uch yildan buyon dasturlashga oid bilim va tajribalarimni maqolalar, video darslar ko‘rinishida telegram kanalimda bo‘lishib kelaman. O‘zbek tilida dasturlashga oid manbalarning ko‘payishida biroz bo‘lsa-da, o‘z hissamni qo‘shyapman, deb o‘ylayman. Bilimga chanqoq yoshlarni ko‘rib, ko‘proq bilim ulashgim keladi. Bo‘sh vaqt topishim bilan biror foydali narsa o‘rganaman yoki o‘rgataman, ikki usulda ham bilimlarimni oshiraman.
Kitoblar va velosipedlar
Bu yerda menga yoqqan 2 narsa bor: birinchisi velosipedlar, ikkinchisi kutubxonalar. Varshavada har 500 metrda velosiped ijarasi nuqtalari va deyarli xuddi shuncha masofada kutubxonalar bor. Velosipedlardan foydalanish deyarli tekin. Men 2 yil ichida o‘zbek so‘mida 50 ming to‘ladim. 20 daqiqa ichida velosiped almashtirib olsangiz, kuniga cheksiz vaqt velosipedda yurish mumkin.
Polshada kutubxonalar nihoyatda ko‘p, odamlar ham ko‘p kitob o‘qiydi. Biror yangi kitob chiqsa, darrov polyak tiliga tarjima qilinadi.
«Kitobdan topib o‘qilgan narsa uzoqroq vaqt xotirada turadi»
— Yaqindan boshlab qaysi shaharga borsam, o‘sha joydan kitob sotib olishga odatlandim. Oksford, Amsterdam, Berlinga borib, kitoblar sotib oldim. Chunki Polshada ingliz tilidagi kitoblarni topish qiyin.
O‘qigan kitoblarimdan «Atom odatlar», «To‘g‘ri fikrlash san’ati»ni boshqalarga ham tavsiya qila olaman. Bular to‘g‘ri fikrlashga, birovning fikriga qaram bo‘lib qolmay fikrlashga o‘rgatadi.
Dasturlash sohasi uchun «Clean code», «Clean coder», «Grokking Algorithms kabi kitoblarni tavsiya qilaman. Kitobdan topib o‘qilgan narsa uzoqroq vaqt xotirada turadi.
«Dasturchi ham qimmat klublar sotib oladigan futbolchiday gap»
— Yoshlar chetga ketib qolishi O‘zbekiston uchun yaxshimi yoki yomon degan savol meni ham o‘ylantiradi. Masalan, o‘zbeklar 20-30 yoshda, yoshlik energiyasi ko‘p bo‘lgan vaqtda chetda yurib, bor kuchini xorij uchun sarflashi yomon bo‘lishi mumkin. Lekin buning yaxshi tomoni bor. Masalan, bir futbolchimizni biror Yevropa klubi sotib olsa, ko‘pchilik xursand bo‘ladi. Lekin hech kim ular bizni tashlab ketyapti, demaydi. Bundan tashqari, chet elda ishlayotganlar ham daromadini vataniga jo‘natadi. Kompaniyalardan ketgandan keyin dasturchilar o‘z startapini ochadi, baribir ildiziga qaytadi. O‘zbekistonni rivojlantirishadi.
Zuhra Abduhalimova suhbatlashdi.